Soliq va Bojxona qo‘mitalari, Markaziy bank hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasining tezkor ma’lumotlariga asosan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi monitoringini olib bormoqda.
Joriy yilning iyul oyi yakunlariga ko‘ra, soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43,8% ga o‘sib, barqaror ijobiy dinamikani ko‘rsatdi.
Tushumlarning sezilarli o‘sishi Toshkent, Sirdaryo, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘rtacha o‘sish sur’ati qariyb 29%ni tashkil etdi.
Bojxona to‘lovlari 18,1% ga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan viloyatida 56,4%, Farg‘ona viloyatida 37,8%, Navoiy viloyatida 37,6%, Toshkent viloyatida 27%, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 63,6% darajasida qayd etildi.
Ko‘rsatilgan davrda tovarlar eksporti 30,4% ga o‘sdi. Eksport yetkazib berishlarining eng yuqori o‘sishi Toshkent viloyatida 51,2% va Buxoro viloyatida 49,6%ni tashkil etdi. Navoiy, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida o‘sish o‘rtacha qariyb 40%ni tashkil etdi.
Shu bilan birga, kreditlash hajmi ham o‘sdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 4,7% ga oshdi. Eng yuqori o‘sish Samarqand viloyatida (+48,3%) qayd etildi. Andijon, Buxoro, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida kreditlash hajmining o‘sish sur’ati o‘rtacha 27%ni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi 24,3% ga oshdi. Birja faolligining eng yuqori o‘sishi Surxondaryo viloyatida 81,9% va Buxoro viloyatida 64,8%ni tashkil etdi. Navoiy, Sirdaryo, Andijon va Xorazm viloyatlarida ham bitimlar hajmi o‘rtacha 31% ga o‘sdi.
Zarina Qosimova
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish