Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2022 yil uchun YaIMning real o‘sish suratini 5,77% darajasida prognoz qilmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2022 yil uchun YaIMning real o‘sish suratini 5,77% darajasida prognoz qilmoqda

20 toifadagi 250 ga yaqin haftalik Google qidiruv natijalari, alohida mahsulotlar uchun narxlar smetalari (shu jumladan oltin va neft narxlarining o‘zgarishi) hamda yalpi import va zaxiralarning asosiy ko‘rsatkichlariga asoslanib haftalik O‘zbekiston Respublikasi YaIM prognozi tuzildi.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy tashqi shoklar sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Tahlilda mamlkat 2022 yilning 1-choragida duch kelgan (Qozog‘istondagi siyosiy notinchlik, elektr ta’minotidagi keng ko‘lamli uzilish va Ukrainadagi mojaro)salbiy omillar hisobga olingan.

Prognozlar yalpi ichki mahsulotning chorak yakunlari ko‘rsatkichlarida aniqlanmagan o‘ziga xos jihatlarini ochib berdi. Xususan, sezilarli pasayish joriy yilning fevral-mart oylarida kuzatildi. Ammo, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2-chorak davomida sezilarli darajada tiklanib yuqori sur’atlarda o‘sdi.

O‘zbekistonning birinchi chorakdagi iqtisodiy o‘sishi odatda mavsumiy omillar hisobiga past bo‘ladi. 2018-2021 yillar davomida O‘zbekiston YaIMning o‘sishi birinchi chorakda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishidan o‘rtacha 0,43 foizga kam bo‘ldi. Shu sababli, salbiy omillarning iqtisodiyotga ta’siri kuchli bo‘ldi va 2022 yilning birinchi choragida YaIM o‘sishini sekinlashtirdi.

2022 yil uchun YaIMning haftalik o‘sish sur’atlari prognozi

Yuqorida aytib o‘tilgan omillarni hisobga olgan holda, shuningdek, YaIM dinamikasining haftalik prognoz ko‘rsatkichlarini jamlagan holda, 2022 yil 1-yarmida 2021 yil 1-yarmiga nisbatan iqtisodiy o‘sishning taxminiy ko‘rsatkichlari 4,99%ni tashkil qildi.

2022 yilning 3-choragida YaIMning taxminiy haftalik dinamikasida o‘sib borayotgan tendensiya kuzatilmoqda, bu esa YaIM o‘sish sur’atini yiliga kamida 0,68 foizga oshiradi. Bunga ko‘ra, 2022 yil uchun YaIMning real o‘sish surati 5,77% darajasida prognoz qilinmoqda.

Shundan kelib chiqib, 2022 yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi prognoz qilinayotgan diapazoni 5,67%-5,87% darajasida belgilandi.

Ma’lumot uchun: Noukasting usuli - bir qator rivojlangan mamlakatlar - Angliya banki, Yevropa Markaziy banki va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan milliy iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishda keng qo‘llaniladi. Ushbu toifadagi modellar an’anaviy modellarga o‘xshash xususiyatlarga ega, ammo "inqiroz" holatlarida (masalan, 2008-2009, 2020 yillar va hozirgi holat) ulardan sezilarli darajada ustundir. Joriy usul muhim statistik ma’lumotlar, ayniqsa, YaIM ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada kechikishlar bilan chop etilishi sababli dolzarb hisoblanadi. Ushbu prognoz iqtisodiyotning mehnat bozori va aholi farovonligi kabi o‘ziga hos jihatlarini baholash uchun ham qo‘llaniladi.

Nigmonov Asror,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar