Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi umumiy ovqatlanish sohasidagi norasmiy iqtisodiy faoliyatni baholash bo‘yicha tahlilni taqdim etdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi umumiy ovqatlanish sohasidagi norasmiy iqtisodiy faoliyatni baholash bo‘yicha tahlilni taqdim etdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida «Umumiy ovqatlanish sohasida norasmiy iqtisodiyot rivojiga ta’sir etuvchi omillar» mavzusida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadqiqot o‘tgan yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan. Belgilangan ustuvor yo‘nalishlar doirasida nazoratga asoslangan yondashuvdan bosqichma-bosqich iqtisodiy rag‘batlar tizimini shakllantirishga o‘tish, ya’ni shaffof faoliyat yuritish uchun barqaror sharoitlar yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashlariga ko‘ra, mamlakatda yashirin iqtisodiy faoliyat hajmi 120 trln so‘mdan ortiqni tashkil etadi. Uning eng katta ulushi xizmatlar sohasi, qishloq xo‘jaligi va qurilish tarmoqlariga to‘g‘ri keladi.

Shu munosabat bilan norasmiy iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishni nazarda tutuvchi tarmoq kesimidagi tadqiqotlarni o‘tkazish vazifasi belgilandi. Tahlil uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida xizmatlar sohasining jadal rivojlanayotgan segmenti bo‘lgan umumiy ovqatlanish tarmog‘i tanlandi. Ushbu soha mikro va kichik korxonalarning yuqori ulushi, naqd hisob-kitoblarning keng qo‘llanilishi, mehnatning moslashuvchan shakllari tarqalgani hamda ta’minot zanjirlarining cheklangan darajada kuzatiluvchanligi bilan tavsiflanadi.

Tahlil natijalari

So‘nggi 7 yil davomida O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish sohasi yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. 2018–2024 yillarda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 87%ga oshdi va YaIM o‘sish sur’atlaridan yuqori bo‘ldi.

Tarmoqning YaIMdagi ulushi 4,4%dan 5,6%gacha ko‘tarilib, bandlik, uy xo‘jaliklari iste’moli, turizm va shahar iqtisodiy faoliyatidagi ahamiyatini yanada mustahkamladi.

Shu bilan birga, jadal o‘sishga qaramasdan, 2024 yilda mehmonxona xizmatlari va umumiy ovqatlanish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 87%ni tashkil etdi. Shundan 83%i yashirin iqtisodiyot, 4%i esa norasmiy iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi yillarda mamlakatda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish, onlayn-kassalarni joriy etish, elektron mehnat shartnomalari, QQSni qaytarish mexanizmlari hamda vaqtinchalik soliq imtiyozlari kabi qator islohotlar amalga oshirildi. Biroq biznes kengaygan sari soliq va tartibga solish yukining ortishi natijasida iqtisodiy faoliyatning ma’lum qismi rasmiy hisobdan tashqari qolishini rag‘batlantiruvchi omillar saqlanib qolmoqda.

Soddalashtirilgan rejimlar va ijtimoiy soliq bo‘yicha pasaytirilgan stavkalar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, aylanma bo‘yicha belgilangan chegaralardan oshish QQS, foyda solig‘i va ijtimoiy ajratmalar bo‘yicha majburiyatlarning sezilarli ortishiga olib keladi.

Qo‘shimcha bosim kredit stavkalari yuqoriligi (22–32%), xaridlarning asosan an’anaviy bozorlar orqali amalga oshirilishi (64%) hamda hisob-fakturalar orqali rasmiylashtirilgan yetkazib berish ulushining cheklangani (54%) bilan izohlanadi.

Ishlab chiqarish resurslari tuzilmasi ham muhim ahamiyatga ega: ularning 52%i qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, mazkur mahsulotlarning 64%i kuzatilmaydigan sektorda shakllanadi, bu esa qiymat yaratish zanjiri bo‘ylab rasmiy hisobdan tashqari amaliyotlarning tarqalishiga xizmat qiladi.

So‘rov natijalari sohada bandlik va mehnatga haq to‘lashning to‘liq rasmiylashtirilmagan amaliyotlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Baholashlarga ko‘ra, umumiy ovqatlanish korxonalarida xodimlarning 17–23%i mehnat munosabatlari to‘liq rasmiylashtirilmasdan band etilgan. Shuningdek, sohadagi har beshinchi korxona ish haqi to‘lovlarini to‘liq rasmiylashtirmaydi.

Shu bilan birga, tadbirkorlarning 40%i amalga oshirilayotgan davlat qo‘llab-quvvatlash choralaridan xabardor emas. Jumladan, korporativ daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar, QQSni qaytarish mexanizmlari hamda qisqa muddatli elektron mehnat shartnomalaridan foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega emas.

Ijtimoiy va xulqiy omillar ham muhim ahamiyat kasb etadi. So‘rov natijalariga ko‘ra, xodimlarning 46%i ish haqini to‘liq naqd pulda oladi, iste’molchilarning 37%i esa fiskal chek talab qilmaydi. Naqd hisob-kitoblar va onlayn o‘tkazmalar hanuz keng tarqalgan to‘lov usullari bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, xodimlarning 73%i rasmiy bandlikni afzal ko‘rishini bildirgan, tadbirkorlarning 77%i esa faoliyatni rasmiy maydonda yuritish muhimligini tan olgan. Bu holat ko‘p jihatdan mavjud institutsional cheklovlar bilan izohlanadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar