O‘zbekiston avtomobil bozorining aprel oyi bo‘yicha sharhi - CERR

O‘zbekiston avtomobil bozorining aprel oyi bo‘yicha sharhi - CERR

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozorining navbatdagi sharhini taqdim etdi.

Aprel oyida respublika bo‘yicha barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 88,2 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 foizga kamaydi.

Yil boshidan buyon mamlakatda barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi jami 348,5 ming donani tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 foizga ko‘p.

Eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi. Bu yerda bozor hajmi 11,8 foizga oshdi. Shuningdek, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida ham yuqori o‘sish kuzatilib, mos ravishda 11 foiz va 10,9 foizni tashkil etdi.

Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Aprel oyida yangi yengil avtomobillar savdosi 24,9 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, savdoning asosiy qismini mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar ta’minladi. Xususan, aprel oyida mahalliy yengil avtomobillar savdosi qariyb 21,3 ming donaga yetdi va yillik hisobda 4 foizga o‘sdi.

Birlamchi bozordagi faollikning pasayishi asosan xorijiy avtomobillar savdosining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Aprel oyida yangi xorijiy avtomobillar savdosi taxminan 3,6 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizdan ortiqqa kamaydi.

Ikkilamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Aprel oyida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 43,7 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizdan ortiqqa kamaydi.

Elektromobillar bozoridagi vaziyat

Aprel oyida elektromobillar savdosi 8,1 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga oshdi.

Elektromobillar segmenti yengil avtomobillar bozorida eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etishda davom etmoqda.

Yillik hisobda savdolar o‘sishi respublikadagi deyarli barcha hududlarda kuzatildi. Faqat Samarqand viloyatida bozor faolligi o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga kamaydi.

Eng yuqori savdo hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 5,56 mingdan ortiq elektromobil sotildi. Shu tariqa, mamlakat elektromobillar bozorining qariyb 70 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Hududlar orasida Toshkent va Farg‘ona viloyatlari yetakchilik qildi. Mazkur hududlarda mos ravishda 573 ta va 464 ta elektromobil sotildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar