Farg‘ona viloyatining 2022 yilning birinchi yarim yilligidagi investitsiya ko‘rsatkichlari tahlili

Farg‘ona viloyatining 2022 yilning birinchi yarim yilligidagi investitsiya ko‘rsatkichlari tahlili

Farg‘ona viloyatida hisobot davrida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 7182,5 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli (126,1%) ortgani qayd etilgan.

Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning asosiy qismi 3 ta hududga to‘g‘ri kelgan. Viloyatdagi jami investitsiyalarning 39,7% Farg‘ona shahri (1771,8 mlrd.so‘m), Toshloq (559,3 mlrd.so‘m) va Qo‘shtepa (517,8 mlrd.so‘m) tumanlariga to‘g‘ri kelgan.

Yozyovon (177,6 mlrd.so‘m), Furqat (151,7 mlrd.so‘m), Buvayda (141,9 mlrd.so‘m) va So‘x (96,8 mlrd.so‘m) tumanlarida esa asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi pastligi kuzatilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich qayd qilingan Farg‘ona shahrida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi So‘x tumaniga nisbatan 18,3 baravarga ko‘p ekanligi qayd etilgan.

Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmining aksariyat tumanlarda keskin o‘sish sur’atlari kuzatilgan: Rishton tumani (281,3%), Yozyovon tumani (248,1%), Dang‘ara tumani (187,6%), Qo‘shtepa tumani (183,9%), Oltiariq tumani (170,6%), So‘x tumani (158,9%), Buvayda tumani (156,2 %), Bag‘dod tumani (152,9%), Quva tumani (145,6%).

2022 yilning mos davriga nisbatan O‘zbekiston tumani (100,9%), Quvasoy shahri (100,4%), Furqat tumani (100,3%) va Qo‘qon shahrida (100,2%) investitsiyalar hajmida o‘zgarish kuzatilmagan.

Viloyatda aholi jon boshiga asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1835,2 ming so‘mni tashkil etgan. Tuman(shahar)lar kesimida tahlil qilinganda, Farg‘ona (5892,2 ming so‘m) va Quvasoy shahri (3253,3 ming so‘m) hamda Toshloq (2654,7 ming so‘m) va Qo‘shtepa (2595,5 ming so‘m) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi viloyat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori ekanligi qayd etilgan.

Rishton (1120,8 ming so‘m), Farg‘ona (1060,0 ming so‘m), Quva (689,2 ming so‘m) va Buvayda (598,1 ming so‘m) tumanlarida esa jon boshiga asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi viloyat ko‘rsatkichiga nisbatan ancha pastligi qayd qilingan.

Farg‘ona viloyatida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning 49,9 % chet el investitsiyalari hisobidan, 32,1% korxona va aholining o‘z vositalari hisobidan, 6,9% bank kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari hisobidan, 5,1% davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan.

Nurdinova Shoiraxon,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Namangan filiali bosh ilmiy xodimi
Sayfiddinov Samandar, NamDU 2-kurs talabasi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar