Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari 2017-2022 yillarda amalga oshirilgan faol islohotlar jarayonida Namangan viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi.
2017-2022 yillar davomida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti (YaHM) 15,3 trln so‘mdan 41,1 trln so‘mga yetdi va uning real hajmi 42 foizga oshdi. Bu, o‘z navbatida, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmini 5,7 mln so‘mdan 13,9 mln so‘mga ko‘payishini ta’minladi. Ushbu davr mobaynida viloyat aholisi soni 11 foizga ko‘payib, 3,0 mln nafarga yetdi.
Viloyatning sanoat salohiyatidan samarali foydalanish natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,6 trln so‘mdan 18,2 trln so‘mga yoki 80 foizga oshdi. Bu, o‘z navbatida, viloyat iktisodiyotini barqaror rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Natijada viloyat YaHMning tarkibida sanoat va qurilish tarmog‘ining ulishi 15,7 foizdan 22,3 foizga o‘sdi.
Shuningdek, zamonaviy va maishiy xizmatlarga bo‘lgan talabni to‘liq qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bozor xizmatlari hajmi sezilarli darajada ortib, 5 trln so‘mdan 14,7 trln so‘mga yetdi yoki 83 foizga ko‘paydi.
Viloyatda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 25 foizga o‘sgan holda, 27,7 trln so‘mga yetdi.
Tashqi savdoni erkinlashtirish, tadbirkorlik sub’yektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan choralar natijasida so‘ngi 6 yil davomida viloyatning eksporti hajmi 581,2 mln AQSh dollariga yetdi va 3 baravarga ko‘paydi.
Ushbu davr mobaynida viloyatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar 6,8 mlrd dollar investitsiyalar o‘zlashtirish imkonini berdi. Natijada, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 2 baravarga ko‘payib, 39,8 mingtaga yetdi va 234 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida oxirgi 6 yil davomida 23,5 km avtomobil yo‘llari, 26,6 km gaz va 2 059 km ichimlik suv tarmog‘i ishga tushirildi.
Yangi ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini barpo kilishga alohida e’tibor qaratilib, viloyatda 7 982 ming kvadrat metr uy-joy, shuningdek, 18,8 ming maktabgacha ta’lim muassasalari o‘rinlari, 35 ming maktab o‘quv o‘rinlari, 3,6 ming shifoxona o‘rinlari foydalanishga topshirildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish