Fond bozoridagi o‘sish hisobiga BlackRock kompaniyasining boshqaruvidagi aktivlar hajmi oshdi (Reuters)
BlackRock investitsiya kompaniyasining boshqaruvidagi aktivlar hajmi III chorak yakunlariga ko‘ra 15 foizga oshib, 15,49 trln dollarga yetdi. O‘tgan yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 13,46 trln dollarni tashkil etgan. Mijozlar mablag‘larining sof kirimi 205 mlrd dollarni tashkil etib, shundan 134,5 mlrd dollari iShares birja investitsiya fondlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Aktivlar hajmining oshishiga AQSh fond bozorida aksiyalar narxining o‘sishi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Kompaniyaning choraklik tushumi 7,8 mlrd dollarga yetib, tahlilchilarning 7,5 mlrd dollarlik prognozidan yuqori bo‘ldi. Bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan tuzatilgan foyda 38 foizga oshib, 15,93 dollarni tashkil etdi. Tahlilchilar ushbu ko‘rsatkichni 14,13 dollar darajasida prognoz qilgan edi. Moliyaviy hisobot e’lon qilinganidan so‘ng, birja savdolari davomida BlackRock aksiyalari narxi 5 foizga oshdi.
BlackRock rahbari Larri Finkning fikricha, hisoblash quvvatlari qimmatli qog‘ozlar chiqarish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan investitsiya aktivlarining yangi turiga aylanishi mumkin.
So‘nggi 12 oy davomida BlackRock xususiy bozorlarga investitsiya kiritish uchun 68 mlrd dollar jalb qildi. Shundan 25 mlrd dollari xususiy kreditlash yo‘nalishiga to‘g‘ri keldi.
Dizel yoqilg‘isi ta’minoti cheklanganligicha qoladi (Bloomberg)
Xalqaro energetika agentligi (XEA) baholashicha, jahon dizel yoqilg‘isi bozoridagi taqchillik 2027 yilning birinchi yarmigacha saqlanib qoladi. Bunga asosiy sabab Yaqin Sharq va Rossiyadan dizel yoqilg‘isi yetkazib berishdagi uzilishlardir. Sentyabr oyida ushbu hududlardan dizel yoqilg‘isi eksportining umumiy qisqarishi sutkasiga 1,3 mln barrelni tashkil etdi. Bu jahon talabining 4,5 foiziga teng.
Yetkazib berish hajmining qisqarishi jahon bozorida dizel yoqilg‘isi zaxiralarining kamayishi va narxlarning oshishiga olib keldi. Sentyabr oyida dizel yoqilg‘isining jahon bozoridagi narxi bir barrel uchun 200 dollardan oshdi. Keyinchalik narxlar pasayganiga qaramay, ular inqirozgacha bo‘lgan darajadan ikki barobar yuqoriligicha qolmoqda. Dizel yoqilg‘isini qayta ishlashdan olinadigan marja bir barrel uchun 95 dollarga yetdi. XEA baholashicha, yuqori narxlar transport va ishlab chiqarish xarajatlarini oshirib, inflyasiyani kuchaytiradi hamda iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi.
XEA baholashicha, neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatining tiklanishi to‘planib qolgan taqchillikni qoplay olmaydi. Agentlikka a’zo davlatlar strategik zaxiralardan 426 mln barrel neft ajratish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Agentlik prognozlariga ko‘ra, jahon bozoriga neft yetkazib berish hajmi 2026 yilda sutkasiga 5,8 mln barrelga qisqaradi, 2027 yilda esa sutkasiga 7,7 mln barrelga oshadi.
Xitoy ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari sababli quyosh panellari ishlab chiqarishni qisqartirmoqda (Economictimes)
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Xitoyning quyosh panellari ishlab chiqaruvchi beshta yirik kompaniyasi - Longi, Trina Solar, Jinko Solar, JA Solar va Tongwei xodimlar sonini 21 foizga yoki 40,6 ming nafarga qisqartirdi. 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 31 foizni tashkil etgan
Qisqartirishlarning asosiy sababi ishlab chiqarish quvvatlarining ortiqchaligi bo‘lib, ular jahon bozoridagi quyosh panellariga bo‘lgan talabdan ikki barobar yuqori. Kuchli raqobat narxlarning pasayishi va ishlab chiqaruvchilarning zarar ko‘rishiga olib keldi. Quyosh modullarining o‘rtacha narxi 2019 yildagi 1 kVt uchun 350 dollardan 2025 yilda 130 dollargacha pasaydi. Operatsion rentabellik esa manfiy 13 foizga tushdi.
2026 yilda talabning pasayishi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Jefferies prognozlariga ko‘ra, Xitoyda ishga tushiriladigan yangi quyosh elektr stansiyalari quvvati 150–200 GVtni (2025 yilda ushbu ko‘rsatkich 315 GVt bo‘lgan) tashkil etadi. Shu bilan birga, yanvar-avgust oylarida Xitoyning quyosh panellari eksporti 10 foizga qisqardi.
AQShda inflyasiya sur’ati tezlashdi (U.S. Bureau of Labor Statistics)
AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil sentyabr oyida yillik inflyasiya darajasi avgustdagi 3,4 foizdan 3,7 foizgacha ko‘tarilib, 0,3 foiz bandga oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari va energiya resurslari narxlari hisobga olinmaydigan bazaviy inflyasiya darajasi 2,4 foizdan 2,6 foizgacha oshdi. Iste’mol narxlarining oylik o‘sish sur’ati esa avgustdagi 0,4 foizdan sentyabrda 0,6 foizgacha tezlashdi.
Inflyasiya sur’atining tezlashishiga asosan energiya resurslari narxining oshishi ta’sir ko‘rsatdi. Bir oy davomida benzin narxi 9,1 foizga, energiya resurslari narxi esa umumiy hisobda 5,2 foizga oshdi. Yillik hisobda ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 34,2 foiz va 20,4 foizni tashkil etdi. Iste’mol narxlarining oylik o‘sishining yarmidan ko‘pi benzin narxining qimmatlashishi hissasiga to‘g‘ri keldi.
Inflyasiya sur’atining tezlashishi AQSh Federal zaxira tizimining foiz stavkalari bo‘yicha qarorlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yuqori foiz stavkalarining saqlanib qolishi kompaniyalar va banklar uchun qarz mablag‘larini jalb qilish xarajatlarini oshiradi. Bu, ayniqsa, uzoq muddatli investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda sezilarli ahamiyatga ega.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish