Infografika: 2017-2024 yillarda transport sohasini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari

Infografika: 2017-2024 yillarda transport sohasini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari

Transport sohasining barqaror va samarali faoliyat ko‘rsatishi iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari, mamlakat yaxlitligi va milliy xavfsizlikni ta’minlash, aholining hayot sifatini yaxshilash, mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvining zaruriy shartidir. Keyingi yetti yilda transport tarmog‘ini rivojlantirishda ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatildi.

Jumladan, 2017-2024 yillarda transport xizmatlari hajmi 3,0 baravar o‘sib, 2017 yildagi 36,0 trln so‘mdan 2024 yilga kelib 147,0 trln so‘mga yetkazildi. Xususan, temir yo‘l xizmatlari hajmi 2,9 baravarga (2017 yildagi 4,4 trln so‘mdan 2024 yilga kelib 13,1 trln so‘mga), avtomobil xizmatlari ko‘rsatish 3,6 baravarga (2017 yildagi 20,2 trln so‘mdan 2024 yilda 72,1 trln so‘mga), havo transporti xizmatlari hajmi 6,6 baravarga (2017 yildagi 3,2 trln so‘mdan 2024 yilda 21,0 trln so‘mga), metro xizmatlari hajmi 5,3 baravarga (2017 yildagi 65,2 mlrd so‘mdan 2024 yilda 344,2 mlrd so‘mga), tramvay xizmatlari ko‘rsatish 3,1 baravarga (2017 yildagi 1,9 mlrd so‘mdan 2024 yilga 5,9 mlrd so‘mga), pochta va kurerlik xizmatlari 10,2 baravarga o‘sib (2017 yildagi 158,0 mlrd so‘mdan 2024 yilda 1 602,0 mlrd so‘mga) yetkazildi.

So‘nggi 8 yil davomida yuk va yo‘lovchi tashish hajmi sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2024 yilda yuk tashishning umumiy hajmi 1 506,0 mln tonnani (2017 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan o‘sish 1,3 baravar), yuk tashish aylanmasi 81,0 mlrd tonna/km ga (o‘sish 1,2 baravar) yetdi.

Bunda, avtomobil transportida yuk tashish 1 370,0 mln tonna va yuk aylanmasi – 24,4 mlrd tonna/km; temir yo‘l transportida yuk tashish – 74,0 mln tonna va yuk aylanmasi – 28,0 mlrd tonna/km hamda havo transportida yuk tashish – 16,0 ming tonna va yuk tashish aylanmasi 0,27 mlrd tonna/km ni tashkil etdi.

Shuningdek, 2024 yil yakuniga ko‘ra avtomobil, temir yo‘l va havo transportida yo‘lovchi tashishning umumiy hajmi 6,9 mlrd kishini (2017 yilga nisbatan 1,2 baravarga o‘sish), yo‘lovchi aylanmasi hajmi 163,0 mlrd yo‘lovchi/kmni (o‘sish 1,2 baravar) yetkazildi. Faoliyat yo‘nilishi kesimida, avtomobil transportida yo‘lovchi tashish hajmi 6,6 mlrd kishi va yo‘lovchi aylanmasi - 140,0 mlrd yo‘lovchi/kmni, temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish - 9,8 mln kishi va yo‘lovchi aylanmasi - 4,1 mlrd yo‘lovchi/kmni hamda aviatsiya yo‘nalishida yo‘lovchi tashish hajmi 6,8 mln kishi va yo‘lovchi aylanmasi - 16,5 mlrd yo‘lovchi/kmni tashkil etdi.

YaIM tarkibida transport sohasining qo‘shilgan qiymat ulushi 2017 yildagi 6,0%dan 2024 yilda 5,4%ga pasayishi kuzatildi.

Kamolliddin Nurmurodov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar