McKinsey kompaniyasining «Texnologik tendensiyalar – 2026» sharhida biznes, iqtisodiyot va jamiyat rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan 14 ta yo‘nalish ajratib ko‘rsatilgan. Texnologik transformatsiya energetika, robototexnika, sanoat, transport, kosmik texnologiyalar va biomuhandislik sohalarini qamrab olmoqda.
Sun’iy intellekt texnologik transformatsiyaning asosiga aylanmoqda
Sun’iy intellekt (SI) rivojlanishi to‘rtta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi.
Agentli sun’iy intellekt (9,9 mlrd dollar investitsiya) ko‘p bosqichli vazifalarni mustaqil rejalashtirish va bajarish, korporativ tizimlar bilan o‘zaro ishlash hamda o‘zgarishlarga moslashish imkonini beradi.
Dasturiy ta’minotni agentli ishlab chiqish (4,9 mlrd dollar) dastur kodini yozish, sinovdan o‘tkazish va xatolarni tuzatishda sun’iy intellektdan foydalanishni nazarda tutadi.
Ilmiy tadqiqotlar va muhandislikda sun’iy intellekt (7,9 mlrd dollar) ilmiy gipotezalarni ilgari surish, modellashtirish va tajribalar o‘tkazish jarayonlarini tezlashtiradi.
Ushbu yo‘nalishlarning texnologik asosini sun’iy intellekt infratuzilmasi va modellar arxitekturasi (145 mlrd dollar) tashkil etadi. Ular ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, bulutli platformalar va fundamental modellarni qamrab oladi.
Ma’lumot uchun: 2025 yilda ushbu to‘rtta yo‘nalishga kiritilgan investitsiyalar 167,7 mlrd dollarni tashkil etdi. 2024 yilga nisbatan agentli sun’iy intellekt sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 952 foizga, dasturiy ta’minotni agentli ishlab chiqishda 221 foizga, ilmiy tadqiqotlar va muhandislikda 18 foizga, sun’iy intellekt infratuzilmasi sohasida esa 47 foizga oshdi.
Hisoblash quvvatlari, chiplar va kiberxavfsizlik
Sun’iy intellektning rivojlanishi hisoblash jarayonlarini tezlashtirish va energiya samaradorligini oshirishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan yarimo‘tkazgichlarga (41,6 mlrd dollar investitsiya) talabni oshirmoqda. Sun’iy intellekt vazifalarini bajarish uchun chiplar va dasturiy ta’minotni birgalikda ishlab chiqish tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
Ilg‘or aloqa texnologiyalari (60,5 mlrd dollar) ma’lumotlar uzatilishini ta’minlaydi. 5G va 6G tarmoqlari, sun’iy yo‘ldosh aloqasi, buyumlar interneti hamda sun’iy intellekt asosida boshqariladigan tarmoqlar rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, kiberxavfsizlik va raqamli tizimlar ishonchliligi (77,5 mlrd dollar) ahamiyati ortib bormoqda. Sun’iy intellekt kibertahdidlarni aniqlashda ham, kiberhujumlarni amalga oshirishda ham qo‘llanilmoqda. Shu munosabat bilan zamonaviy identifikatsiya tizimlari, «nol ishonch» arxitekturasi va kvant hisoblashlariga bardoshli kriptografiyaga ehtiyoj ortib bormoqda.
Ma’lumot uchun: 2025 yilda mazkur yo‘nalishlarga kiritilgan jami investitsiyalar 179,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Ixtisoslashtirilgan yarimo‘tkazgichlar sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 22 foizga, ilg‘or aloqa texnologiyalarida 10 foizga, kiberxavfsizlik sohasida esa 6 foizga oshdi.
Energiya ta’minoti sun’iy intellekt rivojlanishining strategik shartiga aylanmoqda
Sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining rivojlanishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bunda hisoblash quvvatlarining kengayishi elektr tarmoqlari va energetika infratuzilmasi rivojlanishidan ilgarilab ketmoqda. Barqaror va ishonchli energiya ta’minoti texnologiyalar sektorining raqobatbardoshligini belgilovchi omillardan biriga aylanmoqda.
Kelajak energetikasi va barqaror rivojlanish texnologiyalari (194,2 mlrd dollar investitsiya) energiyani saqlash tizimlari, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, atom energetikasi, vodorod texnologiyalari va boshqa past uglerodli yechimlarni qamrab oladi.
Ma’lumot uchun: 2025 yilda kelajak energetikasi va barqaror rivojlanish texnologiyalari sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 2024 yilga nisbatan 19 foizga qisqardi.
Robototexnika va jismoniy sun’iy intellekt
Sun’iy intellekt, sensorlar va boshqaruv tizimlarining rivojlanishi jismoniy sun’iy intellekt texnologiyalariga o‘tishni tezlashtirmoqda. Ushbu texnologiyalar robotlarga makonda mustaqil harakatlanish, qaror qabul qilish va insonlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish imkonini beradi.
Robototexnika (19,5 mlrd dollar investitsiya) bunday yechimlarning sanoat, logistika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘llanilishini kengaytirmoqda.
Sanoatda mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va qo‘l mehnati ulushini qisqartirish uchun yangi imkoniyatlar yuzaga kelmoqda.
Ma’lumot uchun: 2025 yilda robototexnika sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 2024 yilga nisbatan 12 foizga oshdi.
Mobillik, kosmik va kvant texnologiyalari
Kelajak mobillik texnologiyalari (63,5 mlrd dollar investitsiya) elektromobillar, avtonom transport vositalari, uchuvchisiz uchish apparatlari, intellektual boshqaruv tizimlari va quvvatlash infratuzilmasini qamrab oladi. Ushbu texnologiyalar transport xizmatlari samaradorligini oshirish va tashish jarayonlarini avtomatlashtirishga xizmat qiladi.
Kosmik iqtisodiyot (15,7 mlrd dollar) sun’iy yo‘ldosh aloqasi, Yerni masofadan kuzatish va kosmik xizmatlarni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Bu ma’lumotlar uzatish va monitoring imkoniyatlarini kengaytiradi.
Kvant texnologiyalari (13,3 mlrd dollar) murakkab hisoblashlar, modellashtirish, himoyalangan aloqa va yuqori aniqlikdagi o‘lchashlar uchun yangi istiqbollarni ochmoqda.
Ma’lumot uchun: 2025 yilda ushbu uchta yo‘nalishga kiritilgan jami investitsiyalar 92,5 mlrd dollarni tashkil etdi. 2024 yilga nisbatan kelajak mobillik texnologiyalari sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 11 foizga, kvant texnologiyalari sohasida esa 46 foizga qisqardi.
Biotexnologiyalar va muhandislik yechimlari
Biologiya fanlari va biomuhandislik (101 mlrd dollar investitsiya) yangi dori vositalari, gen va hujayra terapiyasi, diagnostika tizimlari hamda innovatsion materiallarni ishlab chiqish uchun sun’iy intellekt, biologiya, kimyo va muhandislik fanlari yutuqlarini birlashtiradi.
Ushbu texnologiyalarning tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va sanoatda qo‘llanilishi kengayib bormoqda.
Ma’lumot uchun: 2025 yilda biologiya fanlari va biomuhandislik sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 2024 yilga nisbatan 10 foizga qisqardi.
Nurmurodov Kamoliddin
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish