Markaz ekspertlari viloyatda so‘nggi yillarida yuz bergan faol islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy o‘zgarishlarini taqdim etdi.
2017-2020 yillar davomida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti (YaHM) 20 foizga oshib, 12 trln. so‘mdan 49,7 trln so‘mga yetdi.
Shu davr mobaynida YaHMning sanoat va qurilish sohasi 48,1 foizdan 72,6 foizga o‘sdi.
Bozor xizmatlari 47 foizga ko‘payib, 2,6 trln. so‘mdan 5,8 trln so‘mga yetdi.
So‘nggi besh yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 10,7 trln so‘mdan 65,1 trln so‘mga yetib, 13 foizga oshdi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 11 foizga o‘sib, 2016 yildagi 5,3 trln. so‘mdan 2020 yilda 11,9 trln. so‘mni tashkil etdi.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 2016 yildagi 10,4 ming donadan 2020 yilda 21,4 ming donaga 105 % ko‘paydi.
Infratuzilmani rivojlantirish sohasida 2016-2020 yillarda 67 km avtomobil yo‘llari va 649 km suv ta’minoti tarmoqlari yotqizildi.
Shu davr mobaynida 111 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
O‘tgan besh yil davomida viloyatda 3 485 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 5,1 ming o‘rin, maktablarda 18,9 ming o‘rin, shifoxonada 1,5 ming o‘ringa mo‘ljallangan koyekalar joylashtirildi.
Navoiy viloyati mamlakatimizda hududiy jihatdan eng katta viloyat bo‘lib, Qoraqalpog‘istondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Uning umumiy hududi 110,99 ming kv. kmni tashkil etadi. Viloyat o‘ziga xos tabiiy sharoitiga ko‘ra yirik uch qismga bo‘linadi: viloyatning shimoli-g‘arbiy qismini bag‘rida ne-ne sir-sinoatlarni yashirib yotgan Qizilqum cho‘li egallagan. Janubi-sharqiy qismida Nurota tog‘ tizmalariga tegishli Qoratog‘, Oqtog‘ singari tog‘lar bo‘y cho‘zgan bo‘lsa, Zarafshon daryosi vohasining O‘rta qismida viloyatning dehqonchilik zonasi o‘rnashgan. Viloyat shimoldan va shimoli-sharqdan Qozog‘iston respublikasi hududi bilan, janubi-sharqdan mamlakatimizning Jizzax, Samarqand, janubdan Qashqadaryo, janubi-g‘arbdan esa Buxoro viloyatlari bilan chegaradoshdir.
Navoiy mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadigan viloyatlardan biri hisoblanadi. Bu, avvalo, viloyatda yer osti va yer usti tabiiy boyliklarining nihoyatda mo‘lligi, bu boyliklarni qazib olish va qayta ishlash uchun zamonaviy talablarga javob beradigan yirik sanoat korxonalarining mavjudligi bilan o‘lchanadi.
Izoh qoldirish