Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning Turkiya bilan so‘nggi 9 yil davomidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini tahlil qildi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik imzolangan ikki tomonlama kelishuvlar hamda hukumatlararo hamkorlikning yaratilgan mexanizmlari doirasida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy darajadagi muntazam aloqalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiya Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ham hamkorlik qiladi.
2023 yilda Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida o‘zbek-turk biznes-forumi o‘tkazildi. Tashrif yakunlariga ko‘ra iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini qamrab olgan, qiymati taxminan 10 mlrd AQSh dollariga teng bo‘lgan yirik hukumatlararo va tijorat hujjatlari paketi imzolandi.
2024 yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Tashrif davomida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining yig‘ilishi o‘tkazilib, uning yakunlari bo‘yicha savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuvlar, protokollar va “yo‘l xaritalari” paketi imzolandi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdoda eng ko‘p qulaylik yaratish rejimi amal qiladi, shuningdek, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitim imzolangan.
Turkiya O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari qatoriga kiradi va tovar ayirboshlash hamda import hajmi bo‘yicha 4-o‘rinni, O‘zbekiston eksporti hajmi bo‘yicha esa 5-o‘rinni egallaydi.
2025 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Turkiyaning ulushi umumiy tovar ayirboshlashda 3,7%, eksportda 3,4%, importda esa 4%ni tashkil etdi.
Ikki tomonlama savdo dinamikasi
2017–2025 yillar davrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1,9 barobarga oshdi va 2025 yil yakunlariga ko‘ra 3 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Turkiyaga eksport 1,3 barobarga o‘sib, 1,1 mlrd AQSh dollariga yetdi, Turkiyadan import esa 2,8 barobarga oshib, 1,9 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi.
Shu bilan birga, o‘zaro savdoda Turkiyadan importning yillik o‘sish sur’atlari Turkiyaga eksport sur’atlaridan yuqori bo‘lib kelgani natijasida manfiy savdo saldosi 751,6 mln AQSh dollarigacha oshdi.
2025 yilda O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti quyidagi tovar guruhlaridan shakllandi:
-
sanoat mahsulotlari (misdan tayyorlangan buyumlar, ip-kalava va boshqalar) — 511,4 mln AQSh dollari (45%),
-
turli tayyor mahsulotlar (asosan qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar) — 152,3 mln AQSh dollari (13,4%),
-
kimyo mahsulotlari (polimerlar, o‘g‘itlar va boshqalar) — 124,3 mln AQSh dollari (11%),
-
mashinalar va transport uskunalari — 80,1 mln AQSh dollari (7%),
-
oziq-ovqat mahsulotlari (quruq mevalar va yong‘oqlar) — 63 mln AQSh dollari (5,5%),
-
neft mahsulotlari (benzin, gazoyl) — 36,6 mln AQSh dollari (3,2%),
-
nooziq-ovqat xomashyosi — 18 mln AQSh dollari (1,6%),
-
xizmatlar (asosan transport xizmatlari) — 149,9 mln AQSh dollari (13,2%).
2025 yilda Turkiyadan import tarkibida asosiy ulush quyidagi tovar guruhlariga to‘g‘ri keldi:
-
mashinalar va transport uskunalari — 674,6 mln AQSh dollari (35,7%),
-
kimyo mahsulotlari — 408,9 mln AQSh dollari (21,7%),
-
sanoat mahsulotlari — 390,2 mln AQSh dollari (20,7%),
-
turli tayyor mahsulotlar — 136,2 mln AQSh dollari (7,2%),
-
oziq-ovqat mahsulotlari — 94,6 mln AQSh dollari (5%),
-
neft mahsulotlari (moylash materiallari) — 30,2 mln AQSh dollari (1,6%),
-
nooziq-ovqat xomashyosi — 30,1 mln AQSh dollari (1,6%),
-
xizmatlar — 117,4 mln AQSh dollari (6,2%).
Investitsiyaviy hamkorlik
Ikki mamlakat o‘rtasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi Bitim imzolangan. 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi 2 137 ta korxona faoliyat yuritmoqda (bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi amaldagi korxonalar umumiy sonining 11,8 foizini tashkil etadi). Shundan 496 tasi qo‘shma korxonalar, 1 641 tasi esa 100 foiz turk kapitaliga ega korxonalardir.
2017–2025 yillar davomida Turkiyadan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 9 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi, shundan 2,6 mlrd AQSh dollari 2025 yil hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu tariqa, turk kapitali O‘zbekistondagi ishtirokini bosqichma-bosqich kengaytirib bormoqda. Bunda investitsiyalar asosan O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga — energetika sohasiga, qayta ishlash sanoatiga, qishloq xo‘jaligi va qurilish tarmoqlariga yo‘naltirilmoqda.
Xususan, elektr ta’minoti sohasidagi investitsiyalar Turkiyaning Cengiz Enerji kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi hamda Sirdaryo viloyatida quvvati 220 MVt bo‘lgan shunga o‘xshash stansiya qurilishi bilan bog‘liq.
So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmlari, investitsiyalar, turk kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining barqaror o‘sishi, shuningdek, iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarining kengayishi kuzatilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish