O‘zbekiston eksportining 2026 yil I chorak yakunlari

O‘zbekiston eksportining 2026 yil I chorak yakunlari

Hisobot davrida eksport hajmi 5,8 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 foizga yoki 1,2 mlrd dollarga oshdi.

Eksport o‘sishi asosan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar va xomashyo resurslari yetkazib berish hajmining kengayishi hisobiga ta’minlandi. Jumladan, tabiiy uran eksporti 402,6 mln dollarni tashkil etib, 196 mln dollarga yoki 95 foizga oshdi. Rangli metallar eksporti 248,7 mln dollarga yetdi va 137 mln dollarga ko‘payib, ikki barobar o‘sish qayd etildi. Neft-gaz mahsulotlari eksporti 160 mln dollarni tashkil etib, 20 mln dollarga yoki 15 foizga o‘sdi.

Shuningdek, qayta ishlash sanoatida ham ijobiy dinamika kuzatildi. Xususan, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 731 mln dollarga yetdi va 110 mln dollarga yoki 18 foizga oshdi. Qurilish materiallari eksporti 304 mln dollarni tashkil etib, 130 mln dollarga yoki 75 foizga ko‘paydi. Zargarlik sanoati mahsulotlari eksporti 214 mln dollarga yetdi va 75 mln dollarga yoki 54 foizga o‘sdi.

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti ham izchil o‘sishni ko‘rsatdi. Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 320 mln dollarga yetdi va 34 mln dollarga yoki 12 foizga oshdi. Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti esa 282 mln dollarni tashkil etib, 47 mln dollarga yoki 120 foizga ko‘paydi.

Xizmatlar eksporti sohasida ham yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Hisobot davrida xizmatlar eksporti 2,2 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga yoki 573 mln dollarga oshdi.

Hududlar kesimida ham eksport faolligi oshgan. Andijon viloyatida eksport 83 mln dollarga yoki 74 foizga, Xorazm viloyatida 27 mln dollarga yoki 66 foizga, Navoiy viloyatida 15 mln dollarga yoki 42 foizga, Farg‘ona viloyatida 54 mln dollarga yoki 42 foizga, Namangan viloyatida 43 mln dollarga yoki 31 foizga, Sirdaryo viloyatida 17 mln dollarga yoki 29 foizga, Samarqand viloyatida 54 mln dollarga yoki 28 foizga o‘sdi. Toshkent shahrida esa eksport hajmi 178 mln dollarga yoki 42 foizga oshdi.

Respublikaning jami 147 ta tuman va shaharlarda eksport hajmlarining o‘sishi ta’minlandi.

Eksport geografiyasi kengayib bormoqda. Joriy yilning yanvar-mart oylari davomida AQSh, Avstriya, Belarus, Polsha, Koreya, Eron, Qozog‘iston, Afg‘oniston kabi 86 ta davlatga avval eksport qilinmagan 162 mln dollarlik 140 turdan ortiq mahsulotlar yetkazib berildi.

Jumladan, Gonkongga zargarlik buyumlari, quyosh panellari va yarim o‘tkazgichlar, latun mahsulotlari va ehtiyot qismlar 42,1 mln dollarga, Afg‘onistonga avtokranlar, alyumin buyumlar, kunjara, metall fiting, truba va boshqa mahsulotlar 19,8 mln dollarga, AQShga gilam, paloslar uchun mato, kuchlanish qurilmalari, quyosh panellari va boshqa mahsulotlar 9,4 mln dollarga eksport qilindi.

Shuningdek, Polshaga 2,3 mln dollarlik, Qozog‘istonga 3,8 mln dollarlik, Belarusga 3,2 mln dollarlik, Avstriyaga 1,7 mln dollarlik, Buyuk Britaniyaga 1,1 mln dollarlik, Eronga 1,1 mln dollarlik va Koreyaga 649,3 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.

Eksport faoliyatiga yangi sub’yektlarni jalb etish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida hisobot davrida 702 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari eksportga jalb etildi. Ular tomonidan 270 mln dollarlik eksport amalga oshirildi. Natijada jami eksportchi korxonalar soni 4 mingtaga yetkazildi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi doirasida eksportchi korxonalarga moliyaviy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish ishlari davom ettirilmoqda. Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 405 ta eksportchiga 32,3 mlrd so‘m moliyaviy yordam ko‘rsatildi va ular tomonidan 98,9 mln dollarlik eksport amalga oshirildi. Bunda 1 dollar davlat yordamiga 38,9 dollar eksport to‘g‘ri keldi.

Shuningdek, Yengil sanoat agentligi tomonidan 212 ta eksportchiga 8,8 mlrd so‘m moliyaviy yordam ko‘rsatildi.

Qayd etilgan natijalar mamlakatda eksport salohiyatini kengaytirish, mahsulotlar turini diversifikatsiya qilish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini tasdiqlaydi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar