Markaziy Osiyo mamlakatlarida mebel ishlab chiqarish yuqori o‘sish salohiyatiga ega tarmoqlardan biri hisoblanadi. Soha mehnat talabchan bo‘lib, yog‘ochni qayta ishlash, to‘qimachilik, kimyo va metallni qayta ishlash sanoati mahsulotlariga talabni oshiradi.
Mintaqa mamlakatlarida mebel sanoatining rivojlanishi iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymatni oshirish, tayyor mahsulot importiga bog‘liqlikni kamaytirish va tayyor mahsulot eksportini kengaytirish imkonini beradi.
So‘nggi besh yilda Markaziy Osiyoda mebel bozori, avvalo, ichki talabning oshishi hisobiga faol kengaydi. Barqaror iqtisodiy o‘sish, biznesning jadal rivojlanishi va aholi farovonligining oshishi mebel mahsulotlariga barqaror talabni ta’minladi.
Mazkur materialda asosan to‘rtta mamlakat — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda mebel sanoatining rivojlanish ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilgan. Turkmaniston bo‘yicha aksariyat ko‘rsatkichlarga doir rasmiy ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud emas. Material milliy statistika idoralari, MDH Statistika qo‘mitasi, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi, Trade Map, OAV va boshqa ochiq manbalar ma’lumotlari asosida tayyorlangan.
Mamlakatlar kesimida tarmoqning rivojlanish tendensiyalari
O‘zbekiston mintaqadagi eng yirik mebel bozori va ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. So‘nggi besh yilda mebel ishlab chiqarish hajmi 1,6 barobarga oshib, 2025 yilda $729 mlnga yetdi. Ishlab chiqarishning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 10,7%ni tashkil etdi. Mebel ishlab chiqarishning qayta ishlash sanoatidagi ulushi 0,7%dan 1%ga oshdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tarmoqda 4,1 mingta korxona faoliyat yuritgan. Ko‘rib chiqilayotgan davrda tarmoqqa investitsiyalar nominal hisobda 5,8 barobarga oshib, $147 mlnga yetdi.
Ishlab chiqarishning kengayishi hozircha asosan ichki bozor hisobiga ta’minlanmoqda, eksport modeli esa rivojlanishning dastlabki bosqichida. Mebel eksporti so‘nggi besh yilda 5,3 barobarga oshgan bo‘lsa-da, uning hajmi nisbatan past — $19 mln darajasida qolmoqda.
Shu davrda ichki mebel bozori hisob-kitoblarga ko‘ra 3 barobarga, ya’ni $362 mlndan $895 mlnga kengayib, Markaziy Osiyodagi eng yirik bozorga aylandi. Mebel importi $82 mlndan $184 mlnga oshdi, import mahsulotlarining bozordagi ulushi esa 23%dan 25%ga ko‘tarildi. Demak, ichki ehtiyojning qolgan 75%i mahalliy ishlab chiqarish hisobiga ta’minlanmoqda.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda mebel sanoatini rivojlantirishga yuqori darajada e’tibor qaratilmoqda. 2025 yilda mebel sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks reja qabul qilinib, unda ishlab chiqarishni raqamlashtirish va kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Xonqa tumani tajribasi asosida ayrim tumanlarni mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, 8 ta tumanda mebel markazlari tashkil etilmoqda.
Dasturda mebel va yog‘ochni qayta ishlash mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 30%ga oshirish, eksportni $100 mlnga yetkazish, umumiy qiymati $200 mlnlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va 50 ming kishining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Mazkur choralar yaqin yillarda tarmoq rivojiga sezilarli turtki berishi kutilmoqda.
Qozog‘iston mintaqada bozor va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. So‘nggi besh yilda mebel ishlab chiqarish real hisobda 75%ga oshib, 2025 yilda $290 mlnga yetdi. Ishlab chiqarishning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 12,6%ni tashkil etdi. 2025 yilda mebel sanoatining Qozog‘iston qayta ishlash sanoatidagi ulushi 0,5%ni tashkil etdi, 2020 yilda ushbu ko‘rsatkich 0,4% bo‘lgan. Investitsiyalar $3,4 mlndan $20 mlnga oshdi, 2024 yilda esa $31 mlnni tashkil etgan.
Qozog‘iston ichki mebel bozori hisob-kitoblarga ko‘ra 77%ga kengayib, $721 mlnga yetdi. 2025 yilda bozorning 63%i import hissasiga to‘g‘ri keldi. 2020 yilda ushbu ko‘rsatkich 70% bo‘lganini hisobga olganda, import ulushining kamayishi mahalliy taklifning tezroq o‘sganini ko‘rsatadi. Tashqi bozor ham tarmoq o‘sishini qo‘llab-quvvatladi. Mebel eksporti ushbu davrda $5,8 mlndan $24 mlnga oshdi.
Qozog‘istonda ham mebel sanoatini rivojlantirishga davlat tomonidan e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tarmoqqa qayta ishlash sanoati va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash instrumentlari tatbiq etildi. Qozog‘iston hukumati «oddiy buyumlar iqtisodiyoti» doirasida mebel sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangani haqida ma’lum qilgan.
Umuman, Qozog‘istonda mebel sanoati kuchli ichki talab ta’sirida faol rivojlandi. Shu bilan birga, 2025 yilda import hajmi mahalliy ishlab chiqarishdan 1,6 barobar yuqori bo‘lib qoldi. Mahalliy ishlab chiqarishning kengayishi hozircha xorijiy yetkazib beruvchilarning bozordagi ustun mavqeini sezilarli o‘zgartirgani yo‘q.
Qirg‘izistonda 2021–2025 yillarda mebel ishlab chiqarish real hisobda 2,2 barobarga oshib, 2025 yilda $20 mlnga yetdi. O‘rtacha yillik o‘sish qariyb 22%ni tashkil etdi. Natijaning katta qismi 2025 yil hissasiga to‘g‘ri kelib, shu yilda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi deyarli ikki barobarga oshdi. Shunga qaramay, mebel sanoatining qayta ishlash sanoatidagi ulushi 0,32%dan 0,28%ga kamaydi va past darajada qolmoqda.
Qirg‘iziston ichki mebel bozorining hisob-kitob hajmi xorijiy yetkazib berishning ortishi hisobiga 3,3 barobarga kengayib, $70 mlnga yetdi. Importning bozordagi ulushi 58%dan 78%ga, uning hajmi esa $12 mlndan $55 mlnga oshdi. Eksport ham 2,5 barobarga, ya’ni $1,9 mlndan $5 mlnga ko‘paydi, biroq uning hajmi hanuz past darajada.
Tojikistonda mebel ishlab chiqarish hajmi 2025 yilda $12 mlnni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 2,4 barobarga oshdi. Ichki bozor hajmi hisob-kitoblarga ko‘ra $40 mlnni tashkil etdi va uning 72%i import hissasiga to‘g‘ri keldi. Besh yil davomida import 2,6 barobarga oshib, $29 mlnga yetdi. 2025 yilda import hajmi mahalliy ishlab chiqarishdan 2,4 barobar yuqori bo‘ldi. Eksport esa $0,5 mln darajasida qoldi.

Umummintaqaviy bozorning besh yillik tendensiyalari
2021–2025 yillarda Markaziy Osiyo mebel bozori faol o‘sdi. Bu jarayon ishlab chiqarish hajmining ko‘payishi va importning kengayishida ham namoyon bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025 yilda mintaqaning ichki mebel bozori hajmi kamida $1,7 mlrdni tashkil etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda mintaqaga mebel mahsulotlari tashqi yetkazib berish hajmi hisob-kitoblarga ko‘ra 78%ga, ya’ni $434 mlndan $774 mlnga oshdi. Turkmaniston bo‘yicha importning ko‘zgu statistikasi qo‘llanilgan. Mintaqa importining eng katta qismi Qozog‘iston — 59% hissasiga to‘g‘ri keldi. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston — 24%, Qirg‘iziston — 7,1%, Turkmaniston — 6,6% va Tojikiston — 3,7% qayd etildi. 2020 yilga nisbatan Qozog‘istonning ulushi 6,6 foiz punktga kamaydi, Qirg‘izistonniki esa 4,3 foiz punktga oshdi. Mutlaq qiymatda import o‘sishining asosiy qismini Qozog‘iston +$171 mln va O‘zbekiston +$102 mln ta’minladi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston xorijiy yetkazib berishga ko‘proq bog‘liq. O‘zbekistonda esa ichki bozor ehtiyojlarini asosan mahalliy ishlab chiqarish hisobiga ta’minlash ustunlik qiladi. Shu bilan birga, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston ichki bozorida ham import ulushining o‘sishi kuzatildi. Import hajmini hisobga olganda, mintaqa ishlab chiqaruvchilari uchun uning ayrim tovar toifalarini mahalliy mahsulotlar bilan almashtirish istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lishi mumkin.
Ichki bozor hajmiga nisbatan eksport natijalari hozircha nisbatan past. Ma’lumotlar mavjud bo‘lgan to‘rt mamlakatning jami mebel eksporti 2020 yildagi $11 mlndan 2025 yilda $48 mlnga oshdi. Eksport o‘sishining asosiy qismi Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Mazkur ko‘rsatkichlar eksport hozircha tarmoq o‘sishining sezilarli manbaiga aylanmaganini ko‘rsatadi.
Umuman, 2021–2025 yillarda ma’lumotlar mavjud bo‘lgan to‘rt mamlakatda mebel ishlab chiqarish, eksport va import hajmining o‘sishi hamda ichki bozorning kengayishi umumiy tendensiya bo‘ldi. Tahlil tarmoqni yanada rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Mintaqa ichki bozorining hajmi va unda importning yuqori ulushi mahalliy biznes uchun mebel ishlab chiqarishni ko‘paytirish, korxonalar soni va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ichki hamda qo‘shni mamlakatlar bozorlariga yetkazib berishni oshirish uchun iqtisodiy rag‘bat yaratadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi imkoniyatlari, avvalo, mahsulot raqobatbardoshligi — narx, sifat, assortiment va yetkazib berish muddatlariga bog‘liq.
Shu jihatdan, mahalliy korxonalar barqarorligi va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, xususan xomashyo va ishlab chiqarish materiallari — yog‘och plitalar, furnitura va pardozlash materiallarini barqaror yetkazib berish hamda ular importi xarajatlarini kamaytirish, aylanma mablag‘lar uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uskunalarni yangilash, konstruktorlar, texnologlar va dizaynerlarni tayyorlash kabi choralar istiqbolli hisoblanadi.
Mintaqa korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish va chuqurlashtirish, yog‘och plitalar, butlovchi qismlar, yumshoq mebel elementlari va tayyor mebel ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatlararo qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Xulosa
2021–2025 yillarda Markaziy Osiyoda mebel sanoati sezilarli darajada kengaydi. Ichki talabning o‘sishi tarmoqni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Mebel sanoatining keyingi rivojlanishi korxonalarning ishlab chiqarish hajmini barqaror oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash hamda ichki va tashqi bozorlarga raqobatbardosh mebel yetkazib berish qobiliyatiga bog‘liq.
Ruslan Abaturov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish