O‘zbekiston innovatsion tizimini modernizatsiya qilishga 50 mln dollar ajratiladi

O‘zbekiston innovatsion tizimini modernizatsiya qilishga 50 mln dollar ajratiladi

Norma Vazirlar Mahkamasi tomonidan 3.04.2021 yildagi «Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 172-son qarorni tahlil qildi.

O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihani moliyalashtirish uchun Jahon banki tomonidan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 50 mln AQSh dollari ekvivalentida krediti ajratilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Loyiha 2021–2026 yillarda amalga oshiriladi, bunda kredit 30 yil muddatga, 5 yil imtiyozli davr bilan beriladi.

Loyihani amalga oshirish guruhini tashkil qilish, zarur asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash hamda xorijiy konsultantlarni jalb qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasida alohida imzolanadigan Bo‘nak kelishuvi doirasida 1 924 ming AQSh dollari ekvivalentida qarz ajratildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi loyihaning o‘z vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul hisoblanadi.

Kredit mablag‘lari biotexnologiyalarni rivojlantirish, tuproq unumdorligini oshirish, sun’iy intellektni joriy etish, qayta tiklanuvchi energetika, chorvachilik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga oid loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

XTU tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat ko‘rsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

«O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish» loyihasi bo‘yicha quyidagilar tasdiqlandi:

  • loyihaning asosiy parametrlari;
  • loyiha mablag‘laridan foydalanish sxemasi;
  • Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat ko‘rsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 3.04.2021 yildan kuchga kirdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar