Belarus bilan kelishuvlar ijrosi
15 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarusga tashrif davomida hududlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosiga doir taqdimot bilan tanishdi. Davlatimiz rahbarining 8-9 iyul kunlari Belarusga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi chog‘ida o‘zaro savdo hajmini 2 mlrd. dollarga yetkazish, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 mlrd. dollarlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan sanoat ob’yektlari, davlat mulki va keng qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud. Mamlakat hududining 40 foizini yoki 8 mln. gektarini qishloq xo‘jaligi maydonlari tashkil etadi. Bu imkoniyatlar qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, agrar kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish hamda fuqarolarni tashkiliy asosda ish bilan ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratadi. Shu munosabat bilan taqdimot chog‘ida Belarusda ishlash yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Belarus tomoni bilan oldindan kelishib, ish joyi, yashash sharoiti, loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini hal etgan holda ularning borishini tashkil qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bajarilgan ishlar haqida axborot berildi. Ikki hudud o‘rtasida “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, aniq tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish boshlangan. Jumladan, 255 nafar Andijon viloyati fuqarosining tashkiliy asosda Vitebskka borishi va bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ularning har biri 200 boshdan 3 ming boshgacha qoramol parvarishlash imkoniyatiga hamda yetarli ozuqa maydonlariga ega.
Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 100 mln. dollardan ziyod bo‘lgan 30 ta yangi loyiha paketi shakllantirildi. Xususan, 3 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik sutchilik majmuasi, bir qator o‘rta hajmdagi chorvachilik xo‘jaliklari, yog‘ochni chuqur qayta ishlash va uning chiqindilaridan pellet[1] ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasida shakllangan hamkorlik modelini boshqa hududlar kesimida ham rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Xususan, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlariga biriktiriladi.
O‘zaro savdoni jadallashtirish va yuk tashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida zamonaviy logistika infratuzilmasini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Yil yakuniga qadar “Belarus temir yo‘llari” bilan hamkorlikda Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun maqbul tariflar asosida xizmat ko‘rsatadigan intermodal logistika markazini ishga tushirish belgilandi. Bundan tashqari, Belarus kompaniyalari bilan hamkorlikda ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Birinchi bosqichda Vitebsk va boshqa hududlardagi 13 ta korxonaga 1 100 nafar O‘zbekiston fuqarosini tanlov asosida ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Sentyabr oyidan boshlab har oyda 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlikni Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.
Qirg‘izistonga davlat tashrifi
30 iyul – 1 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ldi. Cho‘lponota shahridagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari har qachongidan ham yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirlik, idora va hududlar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi. Ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif arafasida bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida yangi savdo shartnomalari va investitsiya kelishuvlarining to‘plami qabul qilindi. Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida belgilandi. Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo‘yicha bitimni imkon qadar tezroq imzolab, uni amaliy bosqichga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihaning joriy holati yuzasidan fikr almashildi. Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida mazkur temir yo‘l bo‘ylab chegaraoldi va savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.
Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sish nuqtalari ekani ta’kidlandi. Bu borada joriy yil yakuniga qadar barcha viloyatlar ishtirokida birinchi hududlar forumi o‘tkaziladi. Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, ilm-fan va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida boshqa qo‘shma hujjatlar ham qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Qirg‘iz Respublikasining yuksak mukofotini davlatimiz rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti ushbu tashrif davomida Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdilar.
“Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda”, – dedi Prezidentimiz uchrashuvdagi o‘z nutqida.
Shuningdek, davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bayon qilib, mintaqaning xalqaro sub’yekt sifatidagi maqomini mustahkamlash uchun davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish lozimligini qayd etdi. Sammit yakunida Cho‘lponota deklaratsiyasi qabul qilindi.
AQSh bilan ishonchga asoslangan muloqot
7 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Donald Trampni AQSh mustaqilligining 250 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi. Prezident Tramp, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Amerika munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetganini hamda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida ishonchga asoslangan yaqin muloqot o‘rnatilganini ta’kidladi.
O‘zaro hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarning jadal sur’atiga yuqori baho berildi. Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston hududlari va Amerika shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. AQSh fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani ishbilarmonlik aloqalarining faollashuviga xizmat qilmoqda. Fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, infratuzilma, energetika, metallurgiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilinar ekan, global xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi. Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Donald Trampga o‘zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishni taklif qildi.
XVJning O‘zbekiston bo‘yicha ekspert xulosasi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2026 yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan XVJ maslahatlashuvlari yakunlari tahlil qilindi. XVJ ekspertlarining fikriga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. XVJ baholashicha, 2025 yilda O‘zbekistonning real YaIMi 7,7 foizga o‘sgan, 2026 yilning birinchi choragida esa o‘sish yillik hisobda 8,7 foizgacha tezlashgan. Yuqori iqtisodiy faollik barqaror ichki talab, investitsiyalar o‘sishi va davom etayotgan bozor islohotlari bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu bilan birga, kambag‘allik va ishsizlik darajasining yanada pasaygani kuzatilmoqda.
Inflyasiya pasayishda davom etmoqda. 2024 yilgi energetika islohoti tufayli inflyasiya vaqtincha tezlashganidan so‘ng, narxlarning o‘sish sur’atlari bosqichma-bosqich sekinlashmoqda. 2026 yil aprel oyida yillik inflyasiya 7,0 foizgacha pasaydi, 2027 yil yakuniga borib esa Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi kutilmoqda. Qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab qolish barqaror dezinflyasiyaning zarur sharti bo‘lib qolaveradi.
Davlat moliyasi holati yaxshilanmoqda. Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 2024 yildagi YaIMning 3,0 foizidan 2025 yilda YaIMning 2,1 foizigacha qisqardi. Byudjet ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi yuqori iqtisodiy o‘sish, soliq tushumlarining ko‘payishi va jahon oltin bozoridagi qulay kon’yunktura hisobiga ta’minlandi. 2026 yilda byudjet taqchilligi YaIMning 1,5 foizi miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda, davlat qarzi esa YaIMning qariyb 28 foizi atrofida saqlanib qoladi, bu xalqaro mezonlardan sezilarli darajada pastdir.
Iqtisodiyotning tashqi barqarorligi mustahkamlanmoqda. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 2024 yildagi YaIMning 4,7 foiziga nisbatan 2025 yilda YaIMning 3,9 foizigacha qisqardi. Ushbu yaxshilanishning asosiy omillari jahon oltin narxlarining yuqoriligi, noxomashyo eksportning o‘sishi va mehnat migrantlarining barqaror pul o‘tkazmalari bo‘ldi. Xalqaro zaxiralar qulay darajada saqlanib qolmoqda va XVJ prognozlariga ko‘ra, importning 12 oydan ziyod qismini qoplaydi.
Iqtisodiyot qulay istiqbollarni saqlab qolmoqda. XVJ 2026 yilda iqtisodiyotning 6,8 foizga va 2027 yilda 6,0 foizga o‘sishini bashorat qilmoqda. Jamg‘arma prognozlariga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM 2025 yildagi 3,8 ming dollardan 2027 yilga borib deyarli 5 ming dollarga oshadi. Xususiy iste’mol, investitsiyalar, tarkibiy islohotlar va xususiy sektorni rivojlantirish o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lib qoladi.
XVJ bir qator xavf omillariga ham e’tibor qaratmoqda.
Tashqi xavflar: global iqtisodiy kon’yunkturaning yomonlashuvi; geosiyosiy taranglikning kuchayishi; eksportga tashqi talabning pasayishi; xalqaro moliyalashtirish shartlarining ehtimoliy keskinlashuvi.
Ichki xavflar: XVJ iqtisodiyotning haddan tashqari “qizib” ketishini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan omillarni cheklash zarurligini ta’kidlaydi: byudjet xarajatlarining rejalashtirilgan darajadan ortiq o‘sishi; imtiyozli va direktiv kreditlash ko‘lamining saqlanib qolishi; tarkibiy islohotlarning sekinlashishi.
XVJning xulosa va tavsiyalari
Byudjet intizomini saqlab qolish. XVJ xarajatlarni kengaytirish uchun emas, balki moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash uchun qo‘shimcha byudjet daromadlaridan foydalanishni tavsiya etadi. Uzoq muddatli istiqbolda – byudjet qoidalarini kuchaytirish va davlat xarajatlarining xomashyo daromadlari tebranishlariga bog‘liqligini kamaytirish lozim.
Qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish. Yuqori ichki faollikni hisobga olgan holda, XVJ inflyasiya maqsadli ko‘rsatkichda to‘liq mustahkamlanguniga qadar cheklovchi pul-kredit siyosatini saqlab qolishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Inflyasion targetlash rejimini yanada rivojlantirish va valyuta kursining moslashuvchanligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bank sektorini mustahkamlash. Jamg‘arma davlat banklarini xususiylashtirishni jadallashtirish, kredit risklarini baholash sifatini oshirish, direktiv kreditlash hajmini qisqartirish va Markaziy bankning mustaqilligini ta’minlashni tavsiya etadi. XVJ fikricha, bu moliyaviy resurslar taqsimoti samaradorligini oshirish va potensial fiskal risklarni kamaytirish imkonini beradi.
Tarkibiy islohotlarni jadallashtirish. Davlat korxonalarini isloh qilish, korporativ boshqaruv sifatini oshirish, raqobat muhitini rivojlantirish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Ushbu chora-tadbirlar mahsuldorlikni oshirish va xususiy investitsiyalarni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mehnat bozorini rivojlantirish va inson kapitalini oshirish. XVJ ayollar va yoshlarning iqtisodiy faolligini kuchaytirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, ishchi kuchining malakasini oshirish hamda ko‘nikmalarning tarkibiy taqchilligini bartaraf etish zarurligini qayd etadi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida
Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) “2026–2028 yillar uchun makroiqtisodiy prognoz” nomli hisobotida jahon iqtisodiyoti va Yevroosiyo mintaqasi mamlakatlarining (Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston) istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
YeOTB prognoziga ko‘ra, jahon iqtisodiyotining o‘sishi 2025 yildagi 2,9 foizdan 2026 yilda 2,5 foizgacha sekinlashadi. Eng sezilarli sekinlashish yevrozonada kutilmoqda, u yerda YaIM o‘sishi 1,4 foizdan 0,9 foizgacha pasayadi. AQSh iqtisodiyoti 1,7 foizga, Xitoy iqtisodiyoti esa 4,6 foizga o‘sadi. YeOTB operatsiyalarini amalga oshiruvchi mamlakatlar o‘sishning ijobiy dinamikasini saqlab qoladi.
Bank operatsiyalari amal qiladigan mamlakatlarning jami YaIMi 2026 yilda 2 foizga ko‘payadi, uning hajmi esa 3,5 trln. dollardan oshadi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Qirg‘iz Respublikasida – 10,2 foiz, Tojikistonda – 8,3 foiz va O‘zbekistonda – 7,9 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Armaniston iqtisodiyoti 6 foizga, Qozog‘iston – 5,5 foizga, Rossiya – 1 foizga, Belarus 1,3 foizga o‘sadi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026 yilning o‘zidayoq 600 mlrd. dollardan oshishi mumkin.
O‘zbekiston iqtisodiyoti istiqbollari
O‘zbekiston mintaqada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘lib qoladi. 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonning YaIMi 8,7 foizga oshdi. Asosiy hissani xizmatlar sohasi (4,9 foiz punkt), sanoat (2,2 foiz punkt) va qurilish (0,9 foiz punkt) ta’minladi. YeOTB prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 2025 yildagi 7,7 foizdan 2026 yilda 7,9 foizgacha tezlashadi. Bu 2021 yilgi pandemiyadan keyingi tiklanish davrini hisobga olmaganda, so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi. Keyinchalik o‘sish sur’atlari biroz sekinlashadi, biroq yuqori darajada – 2027 yilda 6,9 foiz va 2028 yilda 6,5 foiz darajasida saqlanib qoladi. Asosiy omillar investitsiya faolligi, sanoat va qurilishning rivojlanishi, aholi daromadlarining o‘sishi, infratuzilmaga yo‘naltiriladigan byudjet xarajatlari hamda oltinga bo‘lgan yuqori tashqi talab bo‘ladi.
Investitsiyalar ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishning asosiy omiliga aylanadi. 2026 yilning I choragida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi bir yil oldingi 5,4 foizga nisbatan 29,6 foizga o‘sdi. Umumiy kiritilgan mablag‘larning 53,6 foizini xorijiy investitsiyalar, yana 15,2 foizini esa xorijiy kreditlar tashkil etdi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, portfelli va boshqa xorijiy investitsiyalarning jami hajmi 19 mlrd. dollarga yoki YaIMning 13 foiziga yetdi. Investitsiyalar yangi sanoat quvvatlarining ishga tushirilishini, qurilish ishlarining ko‘payishini, infratuzilmaning rivojlanishini va xizmat ko‘rsatish sohasi kengayishini ta’minlaydi.
Byudjet xarajatlari va aholi daromadlarining o‘sishi ichki talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. 2026 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 1,5 mlrd. dollar ajratilishi nazarda tutilgan. Mablag‘lar transport, kommunal va sanoat infratuzilmasiga, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” dasturi asosida turar joy massivlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bunda davlat byudjeti defitsiti 2025 yilda rejalashtirilgan 3 foizlik ko‘rsatkich o‘rniga YaIMning 2,1 foizini tashkil etdi. Byudjet daromadlari rejadan 16,6 foizga oshdi, xarajatlar esa 12,8 foizga o‘sdi. Aholi daromadlarining oshishi iqtisodiyotga qo‘shimcha ko‘mak beradi. 2025 yilda nominal ish haqi 19 foizga, xorijdan keluvchi pul o‘tkazmalari hajmi esa 16 foizga o‘sdi.
Oltin bozoridagi qulay kon’yunktura eksport daromadlari va milliy valyutani qo‘llab-quvvatlaydi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, oltin O‘zbekiston tovar eksportining 37,8 foizini tashkil etdi. Qimmatbaho metall bo‘yicha yuqori jahon narxlari sezilarli valyuta tushumlarini ta’minlashda va tashqi savdodan daromadlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Xorijiy investitsiyalar va pul o‘tkazmalari bilan bir qatorda oltin eksporti so‘m barqarorligiga xizmat qiladi.
Inflyasiya pasayishda davom etadi va bu pul-kredit siyosatini bosqichma-bosqich yumshatish uchun sharoit yaratadi. YeOTB prognoziga ko‘ra, inflyasiya 2026 yil oxirida 6,8 foizga, 2027 yilda 5,7 foizga va 2028 yilda 5,2 foizga pasayib, Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga bosqichma-bosqich yaqinlashadi. O‘rtacha qat’iy pul-kredit siyosati, ijobiy real foiz stavkasi va milliy valyutaning barqarorligi inflyasiyaning pasayishiga ko‘maklashadi. Narxlar o‘sishining barqaror sekinlashishi sharoitida asosiy stavka 2026 yil oxiriga kelib taxminan 13,5 foizga, 2027 yil oxiriga kelib 12 foizga va 2028 yil oxiriga kelib 11 foizga pasayishi mumkin. Shu bilan birga, yuqori ichki talab, xomashyo, energetika resurslari va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlari o‘sishi inflyasiyaning pasayish jarayonini sekinlashtirishi mumkin.
So‘m 2026 yilda ham o‘z barqarorligini saqlab qoladi, ammo yuqori hajmdagi import uning bosqichma-bosqich qadrsizlanishiga sabab bo‘ladi. YeOTB prognoziga ko‘ra, 2026 yilda o‘rtacha ayirboshlash kursi bir dollar uchun 12 200 so‘mni tashkil etadi. Investitsiyalar oqimi, pul o‘tkazmalari va oltin eksportidan olinadigan daromadlar milliy valyutani qo‘llab-quvvatlaydi. 2027 yilda o‘rtacha kurs bir dollar uchun 12 900 so‘mni, 2028 yilda esa 14 100 so‘mni tashkil etishi mumkin. Bosqichma-bosqich qadrsizlanish faol investitsiya sikli sharoitida asbob-uskunalar, mashinalar, energoresurslar va oraliq tovarlar importining ortishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
[1] Pellet (yoki pelletlar) — presslangan tabiiy xomashyodan (asosan yog‘och qirindisi va qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan) tayyorlanadigan, kichik granula shaklidagi ekologik toza yonilg‘i turi. Ular an’anaviy ko‘mir va oddiy o‘tinga zamonaviy hamda samarali muqobil hisoblanadi.
"Iqtisodiy sharh" jurnali №8/2026
Izoh qoldirish