O‘zbekiston va Koreya Respublikasi davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasi sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasi sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirmoqda

2026 yil 27–30 sentyabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrifdan asosiy maqsad Koreya Respublikasining davlat xaridlari, sanoat kooperatsiyasi va yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirish sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, shuningdek, Koreya texnologiyalari, kompaniyalari va ilmiy salohiyatini O‘zbekistonga jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston tomonidan uchrashuvlarda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi ekspertlari ishtirok etdi.

Koreya tomonidan tadbirlarda Koreya Respublikasi Davlat xaridlari xizmati (PPS), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreya savdo va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi (KOTRA), yetakchi Koreya kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim muassasalari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvlar davomida Koreya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, sanoatni rivojlantirish, davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va xorijiy investorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston–Koreya muloqoti doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga hamda Koreya texnologiyalari, ekspert salohiyati va kompaniyalarini O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarga jalb etish orqali ularni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tejon shahrida PPS bilan o‘tkazilgan uchrashuv doirasida Koreya Respublikasining KONEPS elektron davlat xaridlari tizimi faoliyati o‘rganildi. Tomonlar KONEPS elektron tizimining ayrim vositalarini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Koreya yechimlarini milliy davlat xaridlari tizimiga moslashtirish mexanizmlarini yanada ishlab chiqish bo‘yicha tajriba almashildi.

KOICA agentligi vakillari bilan uchrashuvda davlat xaridlarini raqamlashtirish sohasida texnik ko‘makni jalb qilish, Koreya ekspertlari bilan hamkorlik qilish va mutaxassislar uchun o‘quv dasturlarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

KOTRA agentligida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, Koreya kompaniyalari va investorlarini jalb qilish, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda B2B hamkorligi va texnologik sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Sanoat va texnologik kooperatsiya sohasida Koreyaning qator yetakchi kompaniyalari bilan aniq hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Eunsung Telecom korxonasiga tashrif davomida ishlab chiqarish jarayonlari va texnologik imkoniyatlar o‘rganildi. O‘zbekistonda SMT - sirtga montaj qilish texnologiyalari asosida PCB - bosma elektron platalar ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Roboblock System rahbariyati bilan ta’lim va sanoat sohalarida qo‘llaniladigan dronlar va robototexnika texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy etish, tegishli mutaxassislarni tayyorlash va keyinchalik ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

BL Science kompaniyasi vakillari bilan zamonaviy tibbiy diagnostika yechimlari, jumladan, kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan test tizimlari sohasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ilmiy va ta’lim sohasida Korea Elevator University (KEU), Electronics and Telecommunications Research Institute (ETRI) hamda Korea Advanced Institute of Science and Technology (KAIST) vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida ilmiy-ta’lim va texnologik hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, tajriba almashish, mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Koreya biznesi vakillari O‘zbekistonda turli sohalarda o‘z faoliyatini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar