Hurmatli Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Janoblari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Hurmatli konferensiya raisi!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, O‘rta yer dengizining gavhari bo‘lmish Antaliyada bizga ko‘rsatilayotgan an’anaviy mehmondo‘stlik uchun Turkiya Respublikasi Prezidenti, qadrli birodarim Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylariga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman.
Turkiya va Avstraliya hamraisligida anjumanga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganini alohida e’tirof etmoqchiman.
O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Biz yangi taraqqiyot modelimizni “yashil” texnologiyalar asosida, tabiiy resurslardan oqilona foydalangan holda quryapmiz. Iqtisodiyot tarmoqlarida uglerod sarfini jadal sur’atda kamaytiryapmiz. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan gaz chiqindilarini 35 foizga qisqartirish borasidagi maqsadini muddatidan oldin bajardi.
Biz 2035 yilga borib zararli chiqindilarni 50 foizga kamaytirish bo‘yicha yangi marrani belgiladik. Taraqqiyot va tabiat qonunlari o‘rtasida buzilgan muvozanatni tiklash “yashil” energiya hajmini muntazam oshirib borishni talab etadi. Yaqin to‘rt yilda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 54 foizga yetkaziladi.
Biz o‘z oldimizga suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha ham qat’iy majburiyat qo‘yganmiz. Bu boradagi sa’y-harakatlarimiz allaqachon ijobiy natija bermoqda. O‘n yil ichida iqtisodiyotimizda suv sarfi deyarli ikki baravarga, havzalardan olinayotgan suv miqdori esa beshdan bir qismga kamaydi. Sug‘oriladigan yer maydonlarining 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.
Kelgusi yildan O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi. Transchegaraviy havzalarni boshqarishdek mas’uliyatli vazifani yuqori saviyada amalga oshirishga tayyormiz. Shu bilan birga, yerlarni keng ko‘lamda qayta tiklash ishlarini olib boryapmiz. Mamlakatimizda o‘rmonlar maydoni olti million gektarga ko‘paytirildi, uning uchdan bir qismi Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, uch milliard dollardan ortiq investitsiya yo‘naltiriladigan “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi”ni joriy etdik.
O‘zbekistonda yuritilayotgan davlat siyosatida yoshlar masalasi markaziy o‘rin tutadi. Xalqimizda “Daraxtdan meva olaman desang, uni nihol paytidan boshlab parvarish qil” degan maqol bor.
Mamlakatimizda bolalarning ekologik tarbiyasi oila, mahalla va maktab faoliyatining uyg‘unligi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Yosh avlodga suvni tejash, daraxtlarni parvarish qilish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash bog‘chadanoq o‘rgatiladi.
Yurtimizning har beshinchi fuqarosi maktab o‘quvchisi yoki talabadir. Tizimli ekologik ta’lim-tarbiya tufayli 2050 yilga borib, O‘zbekiston aholisining to‘rtdan uch qismi tabiatni asrash bo‘yicha puxta bilimga ega bo‘ladi.
Qadrli do‘stlar!
Iqlim muammolariga hech bir davlat yolg‘iz holda yechim topa olmaydi.
Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi xatarlarning ko‘lami ortmoqda. Umumiy tahdidlar mintaqa davlatlaridan mushtarak harakatlarni talab qiladi. Shu bois, Markaziy Osiyoning Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusini ilgari suramiz. Ushbu hamkorlikni uchta asosiy yo‘nalishdan boshlashni taklif qilaman.
Birinchisi – axborot yo‘nalishi.
Bu borada Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavf-xatarlari to‘g‘risida ma’lumot almashish infratuzilmasini yaratish zarur. Dastlabki bosqichda tabiiy ofatlar paytida tezkor chora-tadbirlar ko‘rish uchun erta ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Navbatdagi muhim qadam – sekin-asta yuzaga keladigan tabiiy ofatlarni monitoring qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlar va ularga asoslangan qo‘shma mexanizmlarni shakllantirishdan iborat.
Ikkinchisi – texnologik yo‘nalish.
“Yashil” texnologiyalar tuproqni qayta tiklash, qurg‘oqchil hududlarda uglerodni yutish, chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashishda yordam beradi.
Har yili Markaziy Osiyoning “Eco Expo” ko‘rgazmasini o‘tkazyapmiz. Unda ilg‘or tajriba, istiqbolli innovatsiyalar bilan o‘rtoqlashyapmiz. Biz bu ko‘rgazmani mintaqamizga mos zamonaviy ekologik yechimlar beradigan doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirishni maqsad qilganmiz.
Uchinchisi – moliyaviy yo‘nalish.
Markaziy Osiyo mahalliy sharoit va ehtiyojlar hisobga olinadigan barqaror moliya manbalariga muhtoj. Bu borada taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan birgalikda Markaziy Osiyo uchun yangi ko‘mak vositalari – imtiyozli grantlar, shuningdek, “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Konferensiyada ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar va xalqaro tuzilmalarni Iqlim integratsiyasi modelini amaliy mazmun bilan boyitishga chaqiramiz. Ushbu hayotbaxsh modelni barcha manfaatdor mintaqalarda qo‘llashni taklif etamiz.
Kelajak avlod uchun farovon hayot va qulay shart-sharoit yaratish hamda ona sayyoramizni asrab-avaylash barchamizning insoniy burchimizdir.
Izoh qoldirish