Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri The Chosun Daily gazetasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajakka qaratilgan sheriklik» nomli maqolasi e’lon qilindi.
Unda davlat rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi va hamkorlikni yangi texnologik bosqichga olib chiqish istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Maqolada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi besh barobarga oshgan, Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari esa 8 mlrd dollardan oshgan. Ayni paytda mamlakatda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ortiq qo‘shma korxona va loyihalar amalga oshirilmoqda.
KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3,5 mlrd dollardan oshadi. Mirziyoyev, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 500 mlrd dollardan oshganini qayd etdi.
Prezident hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, «aqlli» qishloq xo‘jaligi va «aqlli shaharlar»ni qayd etdi.
Uning fikricha, ikki mamlakat uchun alohida qo‘shma loyihalardan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni yaratishga o‘tish muhim.
Mirziyoyev birinchi «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammitiga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston unda siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi mexanizmlarini yaratish bo‘yicha tashabbuslarni taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Prezident, shuningdek, ta’lim va inson kapitaliga investitsiya kiritish, akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Manba: The Chosun Daily gazetasi
Izoh qoldirish