“Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–4567-son, 17.01.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020 yilda yangi tutzorlar uchun ajratiladigan yer maydonlari belgilandi.
Jumladan, joriy yilning I choragida yangi tutzorlar uchun respublika bo‘yicha jami 4 985 gektar yer maydoni ajratiladi.
Qaror bilan 2020–2024 yillarda respublika hududlarida meliorativ ob’yektlar atrofida va qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ihota tutzorlarini barpo etish prognoz parametrlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, belgilangan yillarda jami 12 ming gektardan ziyod maydonda ihota tutzorlari barpo qilinadi.
Shuningdek, 2020–2025 yillarda ipak qurti parvarishlash va tirik pilla xomashyosi yetishtirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Shunga asosan, joriy yilda respublika bo‘yicha jami 21 ming tonna pilla yetishtirish nazarda tutilgan.
2020 yil 1 fevraldan boshlab:
- pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etgan holda yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga 8 millon so‘mgacha;
- maydoni 35 gektardan ziyod tutzorlarda suv chiqarish uchun burg‘ulangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so‘mgacha subsidiya taqdim etiladi.
Bundan tashqari, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hududiy “Agropilla” MChJlariga tegishli tutzorlar tajriba sinov tariqasida aholiga oilaviy pudrat asosida 1 gektardan 3 gektargacha taqsimlanadi.
Izoh qoldirish