“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida xorijiy investorlar kengashini tuzish va uning faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xorijiy investorlar kengashi tuzildi. Kengash Prezident huzuridagi maslahat organi hisoblanadi.
Ilg‘or jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda Hukumatga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar berish, qulay investitsiya muhitini shakllantirishda ishtirok etish, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishga ko‘maklashish kengashning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Kengash tarkibi O‘zbekistonda investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiyaviy va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, shu jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining rahbarlari va vakillari, shuningdek, boshqa ishtirokchilar orasidan shakllantiriladi.
Kengash yalpi majlislari yilda bir marta, oraliq majlislari – yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi.
Shuningdek, qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi to‘g‘risidagi nizom hamda Kengashning O‘zbekiston tomoni tarkibi tasdiqlandi.
Izoh qoldirish