Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!
Qadrli majlis ishtirokchilari!
Avvalo, sizlarni xalqimiz ishonchiga sazovor bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati degan yuksak maqomga ega bo‘lganingiz bilan, chin dildan muborakbod etaman.
Parlament va mahalliy kengashlarga o‘tkazilgan saylovlar, O‘zbekistonimiz uchun katta siyosiy imtihon bo‘ldi. Xalqimiz bu sinovdan yorug‘ yuz bilan o‘tdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tabiiy savol tug‘iladi, bu saylovlarning asosiy xususiyatlari avvalo nimalarda namoyon bo‘ldi?
Birinchidan, saylovlar xalqimizning ongu tafakkuri, siyosiy bilimi va madaniyati o‘sib, jamiyatimizda demokratik tamoyillar ildam qadamlar bilan chuqur qaror topib borayotganini yaqqol namoyon etdi. Ushbu saylovlar xalqaro talab va standartlarga to‘liq javob beradigan yangi Saylov kodeksi asosida, “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgani bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bizning amaliyotimizda birinchi marta saylov jarayonlarini boshqarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati joriy etildi.
Fuqarolarning saylovda qatnashishiga oid konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash maqsadida, ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratildi.
Eng muhimi, saylovlar ochiqlik, oshkoralik va halollik tamoyili asosida hamda keskin kurashlar ostida o‘tkazildi. Ularni 70 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchilar hamda 10 ta xalqaro tashkilot, 50 ga yaqin xorijiy davlatning 825 nafar kuzatuvchisi, xalqaro va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining 1 ming 155 nafar vakili kuzatib bordi.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Qizg‘in siyosiy kurashlar ostida o‘tgan saylovlar natijasida yangi parlament quyi palatasi deputatlarining tarkibi shakllandi. Ularning 48 nafarini ayollar, 9 nafarini yoshlar tashkil etmoqda. Bu – yosh avlod va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borayotgan islohotlarimiz samarasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Sizlarning orangizda avvalgi chaqiriq parlamentimizda samarali faoliyat ko‘rsatgan, xalq o‘rtasida tanilgan, saylovchilar yana bir bor ishonch bildirgan tajribali 39 nafar deputatlarimiz ham borligi alohida ahamiyatga ega.
Fursatdan foydalanib, Qonunchilik palatasining avvalgi tarkibida ish olib borgan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim qonunlar qabul qilishga hissa qo‘shgan barcha deputatlarimizga minnatdorchilik bildirib, ularga sihat-salomatlik, yangi muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.
Bugun ushbu zalda o‘tirgan siz, muhtaram deputatlarning ayrimlarini shaxsan taniyman. Ko‘pchiligingizni esa televideniye, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlaringiz orqali yaxshi bilaman. Sizlar parlamentimiz hayotiga albatta yangi ruh va mazmun olib kirasizlar, deb ishonaman.
Aziz do‘stlar!
Ma’lumki, bo‘lib o‘tgan saylovda beshta partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar sog‘lom siyosiy raqobat muhitida kurash olib bordi. Jonli teleefirdagi debatlarda partiyalar tomonidan boshqa partiyalar dasturi jiddiy tahlil qilindi, ochiq tanqidlar ham bo‘ldi, dolzarb masalalar bo‘yicha qarama-qarshi yondashuvlar ilgari surildi.
O‘zingiz ayting, oldingi Parlament saylovlarida mana shunday siyosiy jarayonni – yutuqni yutuq, kamchilikni kamchilik deb ochiq ayta oladigan muhitni tasavvur qila olarmidik?
Ayni vaqtda, tan olish kerak, saylov jarayonida partiyalar tomonidan chuqur asoslanmagan ayrim takliflar ham bildirildi. Tabiiyki, ular fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Deputatlikka nomzodlarning joylarda saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida, ommaviy axborot vositalarida bildirilgan, ijtimoiy ahamiyatga ega fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar, ko‘tarilgan savol va muammolar – bularning barchasi albatta e’tiborga loyiq. Ular parlament va hukumat uchun kelgusi besh yillik faoliyat dasturiga aylanishi lozim.
Ta’kidlash kerakki, bu saylovlar aholining siyosiy faolligini yuksaltirib, xalqimizning partiyalarga nisbatan ishonchi bilan birga, talabchanligini ham kuchaytirdi. Bu, o‘z navbatida, nomzodlar saviyasini oshirish va saylovchilar bilan tizimli ish olib borish bo‘yicha partiyalar oldida yechimini kutayotgan bir qator masalalar mavjudligini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, partiyalar o‘rtasidagi siyosiy raqobat soxta obro‘ orttirishga emas, balki xalqimiz manfaatlariga xizmat qilishi zarur. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim.
Ma’lumki, saylovoldi tashviqotlarida siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatimizdagi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘plab va’dalar berildi. Xalqimiz ana shu va’dalarning amalda bajarilishini kutmoqda.
Har bir deputat besh yil davomida o‘z so‘zining ustidan to‘liq chiqishi, partiyasining obro‘sini saqlashi uchun bugundan boshlab jiddiy harakat boshlashi kerak. Sizlar alohida “Yo‘l xaritasi”ni tuzib, saylov vaqtida bildirgan barcha-barcha tashabbuslaringizni yaxlit tizimga solib, ishni puxta tashkil etsangiz, o‘ylaymanki, bu xalqimizga va saylovchilaringizga juda ma’qul bo‘ladi.
Endi “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar – yangi parlament” degan ustuvor g‘oya dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Siyosiy partiyalarning quyi palatadagi fraksiyalari o‘zlarining istiqbol rejalarini aniq belgilab oladi va ularni to‘liq amalga oshiradi, deb ishonaman.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Saylov natijalarining tahlili saylov kampaniyasi davrida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini ham ko‘rsatdi. Masalan, Toshkent shahrida saylovchilar ishtiroki boshqa hududlarga nisbatan pastligi kuzatildi. Bu esa, ko‘pchilik yirik shaharlar aholisiga xos tendensiyadir. Ayni vaqtda mazkur holat siyosiy partiyalar saylovchilar bilan yetarli ish olib bormayotgani, ularning g‘oya va dasturlari elektorat ichiga to‘liq kirib bormayotganidan ham dalolat beradi.
Afsuski, bir kishi tomonidan bir necha saylovchi o‘rniga ovoz berishga urinish holatlari oz bo‘lsa ham uchradi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tizimi bilan ishlashda ham kamchiliklar ko‘zga tashlandi.
Mashhur davlat va siyosat arbobi Teodor Ruzvelt aytganidek, “Faqat hech qanday ish qilmaydigan odamgina xato qilmasligi mumkin. Xato qilishdan qo‘rqish kerak emas, balki ana shu xatoni takrorlashdan qo‘rqish kerak”.
Shuning uchun yangi saylangan deputatlarimiz hozirgina zikr etilgan muammolarni atroflicha tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish ustida hozirdan boshlab jiddiy o‘ylashlari lozim. Bu, bir tomondan, ular a’zo bo‘lgan siyosiy partiyalarning faoliyatini kuchaytirishga, ikkinchi tomondan esa, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Albatta, saylov jarayonidagi har bir qonun buzish holati bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli choralar ko‘rildi va ko‘riladi. Ayni vaqtda milliy saylov tizimimizni tashkiliy-huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish bo‘yicha ham zarur ishlarni amalga oshirishimiz kerak.
Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayoni bilan bog‘liq muammolarni o‘rganib, joriy yilda xalqaro ekspertlar ishtirokida forum o‘tkazish haqidagi taklifini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu bilan birga, parlament a’zolari ham bu jarayonda faol qatnashib, milliy saylov tizimimizni yanada takomillashtirish maqsadida mahalliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili muntazam ravishda turli forumlar o‘tkazib borsa, o‘ylaymanki, bundan ishimizga faqat foyda bo‘ladi.
Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar tahlili ham saylov komissiyasi a’zolari va saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish lozimligini ko‘rsatmoqda. Ana shunday taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda, Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini ishlab chiqish zarur, deb hisoblayman.
Shuningdek, xorijiy kuzatuvchilar tomonidan bayon etilgan saylovni moliyalashtirish manbalarini kengaytirishga doir tavsiya bo‘yicha parlament o‘z munosabatini bildirishi lozim.
Parlamentga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha komissiya tuzib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni tavsiya etaman. Mazkur komissiya xalqaro tashkilotlar va kuzatuvchilarning taklif va tavsiyalarini chuqur o‘rganib, milliy qonunchiligimiz hamda saylov jarayonini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni ishlab chiqishi lozim.
Vazirlar Mahkamasi va Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tizimining samarali ishlashi uchun zarur choralarni ko‘rish topshiriladi.
Fursatdan foydalanib, saylovlarda ishtirok etgan barcha saylovchilarga, saylov uchastkalari va okruglari a’zolariga, noyob tizim – mahallalar faollariga, ertangi kunga befarq bo‘lmagan fuqarolarimizga, butun xalqimizga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilar, mahalliy va xorijiy jurnalistlarga ham samimiy tashakkur izhor etaman.
Muhtaram xalq vakillari!
Mana, hozirgina Siyosiy partiyalar vakillari kengashining taklifiga asosan Qonunchilik palatasining yangi Spikeri lavozimiga deputat Nurdinjon Muydinxonovich Ismoilov saylandi.
Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, bu rahbar ko‘p yillar davomida qonun ijodkorligi sohasida va huquqni muhofaza qilish idoralarida faoliyat ko‘rsatgan. Yetarli ish va hayot tajribasiga ega. U kishi milliy parlamentimiz taraqqiyotining dastlabki bosqichlaridan boshlab uning rivojiga katta hissa qo‘shgan rahbarlardan hisoblanadi.
Spikerning mehnat faoliyatiga nazar tashlasak, u davlat va xalq manfaatlarini ta’minlash yo‘lida o‘zining bor bilimi va tajribasi, kuch-g‘ayratini safarbar etib kelayotganini ko‘ramiz.
Shuningdek, bugun Qonunchilik palatasi Spikerining yangi ta’sis etilgan birinchi o‘rinbosari lavozimiga deputat Akmal Xolmatovich Saidov saylandi. Qonunchilik palatasida bu yangi lavozimni ta’sis etish haqidagi qaror o‘z vaqtida va to‘g‘ri qabul qilingan deb hisoblayman.
Ayni vaqtda yangi parlament instituti bo‘lmish, Spikerning birinchi o‘rinbosari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Avvalambor, birinchi o‘rinbosar Qonunchilik palatasining xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan aloqalarini rivojlantirish, xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga ko‘maklashish, parlamentlararo diplomatiyani amalga oshirishga mas’ul bo‘lishi kerak.
Ma’lumki, Konstitutsiyaga muvofiq, Qonunchilik palatasining eng muhim vakolatlaridan biri – bu xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilish hisoblanadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini Hukumat tomonidan izchil bajarilishini nazorat qilish ham Spiker birinchi o‘rinbosarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerak.
Masalan, Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yo‘lga qo‘yishi lozim.
Yana bir muhim masala – O‘zbekiston inson huquqlariga oid 70 dan ortiq xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan. Shu yo‘nalishda BMTning ustav organlarida Hukumatimiz muntazam ravishda milliy hisobotlar berib kelmoqda.
Inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda jahon parlamentarizmida ilg‘or tajriba bo‘lmish, ya’ni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash amaliyoti xalqaro darajada e’tirof etilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum. Shu bois, Spikerning birinchi o‘rinbosari tomonidan ushbu nomdagi Parlament komissiyasi faoliyatining izchil muvofiqlashtirib borilishi muhim, deb hisoblayman.
Xabaringiz bor, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilgan. Bu institut qonun loyihalarini tayyorlashda, ularni muhokama qilishda, qabul qilingan qonunlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda parlament a’zolariga haqiqiy yordamchi bo‘lishi lozim.
Qonun ijodkorligi faoliyatiga ilmiy-innovatsion omilni keng joriy etish ham bundan keyin palataning muhim vazifasi bo‘lib qolishi kerak.
Spikerning birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylangan Akmal Xolmatovich Saidovni nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilik vakillari ham qonunchilik sohasida ko‘zga ko‘ringan, uzoq yillardan buyon faoliyat olib borayotgan yirik mutaxassis sifatida yaxshi bilishadi. U mazkur lavozimda o‘zining boy bilimi, keng dunyoqarashi, professional malakasi, tashkilotchilik va tashabbuskorlik qobiliyatini Vatanimiz ravnaqiga safarbar etadi, degan umiddaman.
Spikerning birinchi o‘rinbosari partiyaviylikdan xoli ravishda umumdavlat, umumxalq manfaatlari yo‘lida ish olib borishi lozim.
Shu bilan birga, bugun Spiker o‘rinbosarlari etib saylangan barcha partiyalar fraksiyalari rahbarlarini ham samimiy qutlashga ijozat etgaysizlar.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zlarining munosib rahbarlariga ega bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Xalq vakillarini jonajon O‘zbekistonimizni taraqqiy ettirishdek ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtirib, parlament faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishda ularga yutuq va omadlar tilaymiz.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Barchamizga yaxshi ayonki, deputatlik – bu odamdan juda katta intellektual salohiyat, tinimsiz mehnat, izlanish va mas’uliyat talab qiladigan faoliyatdir. O‘zim ham ko‘p yillar deputat bo‘lib ishlaganman, bu vazifaning qanchalik og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli ish ekanini yaxshi bilaman.
Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi, butun jamiyatimiz uyg‘oq bo‘ladi.
Bugun biz hamma sohada izlanish va o‘rganishdamiz. Izlanib yashayotgan, o‘z maqsadi sari izchil borayotgan inson va jamiyat albatta ijobiy natija hamda yutuqlarga erisha oladi.
Hozirgi kunda – O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida oldimizda o‘ta dolzarb va murakkab vazifalar turibdi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun avvalo qonun ijodkorligi sohasida ishni butunlay yangicha tashkil etishimiz kerak. Bu borada ayniqsa quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish lozim.
Birinchidan, quyi palata har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylanishi zarur.
O‘tgan besh yil davomida palata faoliyati sezilarli darajada jonlanib, 540 ta qonun yoki 2010-2014 yillarga nisbatan 2 barobar ko‘p qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Agar 2015 yilda qabul qilingan qonunlarning bor-yo‘g‘i 11 tasini yaxlit va yangi qonunlar tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 3 barobar oshib, 35 taga yetdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bir sohaga taalluqli ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan bir nechta qonunlar o‘rniga, yagona kodeks qabul qilish amaliyoti qaror topmoqda. Jumladan, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks, Saylov kodeksi kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.
Shuningdek, o‘tgan ikki yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilishni boshladik. Masalan, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarda havola shaklidagi normalar o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qoidalar belgilandi.
Ayni vaqtda hayotning o‘zi, O‘zbekistonning jadal taraqqiyoti bu boradagi faoliyatimizni yangi sifat bosqichiga olib chiqishni talab etmoqda. Jahondagi ilg‘or tajribalar asosida partiyalar o‘z siyosiy manfaatlari, o‘z elektorati manfaatlarini ifoda etadigan qonunlarni qabul qilish uchun parlamentda qizg‘in bahs olib borishlari kerak.
Buning uchun parlamentda ko‘pchilikni tashkil etadigan partiya va unga muxolifatda bo‘lgan partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi lozim.
Albatta, Qonunchilik palatasida ham fraksiya o‘zini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin. Bu fraksiya qonun birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgunga qadar mazkur masala bo‘yicha qonunning muqobil tahririni kiritish huquqiga ega ekani belgilangan. Lekin, tan olishimiz kerakki, bu institut shu paytgacha samarali ishlagani yo‘q.
Albatta, siz, hurmatli deputatlar tashabbus ko‘rsatish uchun o‘z ustingizda muntazam ishlashingiz, har bir soha bo‘yicha qabul qilingan qarorda xalq manfaatlari yo‘lida mustahkam zamin yaratishingiz kerak. Saylovchilar sizlardan tashabbus ko‘rsatib, o‘z muqobil fikringizni, qat’iy siyosiy irodangizni namoyon etishingizni kutmoqda. Chunki haqiqat bahs va tortishuvlarda tug‘iladi, degan gapda chuqur hayotiy ma’no bor.
Albatta, har bir deputat ma’lum bir sohaga oid qonunni qabul qilishda shu sohaning mutaxassisi sifatida fikr yuritishga qodir bo‘lishi lozim. Chunki sizlar qabul qiladigan qonun hujjatlari millionlab odamlarning, butun xalqimizning hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Lekin bu ta’sir ijobiy ham, salbiy ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun xalq ishonchini qozongan deputatning xato qilishga, o‘z zimmasidagi yuksak mas’uliyatni unutishga sira haqqi yo‘q.
Ikkinchidan, deputatlar muhokamaga kiritilgan har bir qonun loyihasi bo‘yicha o‘zining mustahkam pozitsiyasini ko‘rsatgan taqdirdagina, saylovchilar ishonchini oqlay oladi.
O‘tgan chaqiriqda quyi palataga kiritilgan har bir qonun loyihasi bo‘yicha joylarda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shundan so‘ng 400 dan ziyod qonun loyihasidagi mingga yaqin qoidalar fuqarolarimiz bildirgan takliflar asosida takomillashtirildi. Misol uchun, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.
Deputatlar qonunlarni “nomigagina ko‘rib chiqib, bir ovozdan ma’qullash” degan eski amaliyotdan voz kechib, ularni jiddiy va batafsil muhokama qilishni o‘rganmoqda. Aholi tomonidan bildirilgan fikrlar, tanqidiy mulohazalar inobatga olinib, 16 ta qonun loyihasi rad etildi va tashabbuskor idoraga qaytarildi. Holbuki, 2010–2014 yillarda birorta ham qonun loyihasi qaytarilmagan edi.
Siz, hurmatli deputatlar, qonun loyihalarini birinchi navbatda xalq manfaatidan kelib chiqqan holda tahlil qilib, ularni tanqidiy ko‘rib chiqish borasidagi ishlarni kuchaytirishingizga ishonaman.
Quyi palata a’zolari shu paytgacha qonun loyihasining konseptual masalalaridan tashqari ularning Konstitutsiya va amaldagi qonunlarga, qonunchilik texnikasiga mosligini ta’minlash bilan ham shug‘ullanib kelgan. Aslida deputatlar sifatsiz loyihalarni maromiga yetkazish bilan band bo‘lmasdan, asosiy e’tiborni qonunlar xalq manfaatini qanchalik ifoda etishiga qaratishi kerak.
Shu o‘rinda qadimgi Rimning mashhur shoiri Publiliy Sirning bir fikrini eslash joiz deb bilaman. “Qonunlar kuchli bo‘lgan joyda, xalq ham kuchlidir”, deb yozgan edi u.
Darhaqiqat, xalq vakillari bo‘lgan deputatlar o‘z vakolatiga asoslanib, jasur, talabchan va qat’iyatli bo‘lishi, fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Har bir qonunning, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i, ijrosi bo‘lishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak.
Ayni vaqtda masalaning ikkinchi tomonini ham o‘ylash kerak, ya’ni parlamentga sifatsiz qonun loyihalarini kiritgani uchun avvalo tashabbuskor idoralar va Adliya vazirligining roli hamda mas’uliyatini oshirish zarur. Agar tashabbuskor idora qonun loyihasining ahamiyatini deputatlar oldida asoslab bera olmasa, Qonunchilik palatasi loyihani ko‘rib chiqishni rad etishi lozim, deb hisoblayman.
Uchinchidan, quyi palata deputatlari tashabbusi asosida ishlab chiqiladigan qonunlarning salmog‘ini oshirish lozim.
2015-2019 yillarda deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanishi son jihatidan oshganini ta’kidlash lozim. Xususan, 2010-2014 yillarda 37 ta qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokamaga kiritilgan bo‘lsa, o‘tgan chaqiriqda bu ko‘rsatkich 2,5 barobar oshib, 88 taga yetdi. Biroq, bunday qonun loyihalarining salmog‘i quyi palataga kiritilayotgan loyihalarning umumiy soniga nisbatan hanuz pastligacha qolmoqda, ya’ni 16-17 foizdan oshmayapti. Shu sababli deputatlarimizni o‘z saylovchilarining dolzarb muammolarini chuqur tahlil qilgan holda yanada tashabbuskor bo‘lishga chaqiraman.
To‘rtinchidan, hurmatli xalq vakillari qonunlarni qabul qilishda ularning kelgusida ishlashini ta’minlaydigan chora-tadbirlarni ham ko‘rishi lozim.
Qonunlarda belgilangan ayrim qonunosti hujjatlarining o‘z vaqtida qabul qilinmasligi – ularning amalda “ishlamay qolishi”ga, bu esa, fuqarolar va tadbirkorlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirganiga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, uning amalda qo‘llanishi ko‘plab savollarni yuzaga keltirmoqda.
Shuning uchun qonunlarni qabul qilish jarayonida ular bilan bog‘liq barcha qonunosti hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ishlab chiqilishini ta’minlash – palataning besh yil davomidagi asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi lozim. Shundagina biz “qonunni qabul qilish bilan parlamentning ishi yakunlandi”, degan eskicha qarashdan voz kechamiz.
Bundan tashqari, biron-bir qonun loyihasini qabul qilishda tashabbuskor bo‘lgan parlament fraksiyasi shu qonunni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Qonunchilik palatasi yil yakuniga ko‘ra joriy yilda qabul qilingan har qaysi qonun xalq tomonidan qanday baholangani, qaysi qonun aholiga naf keltirayotganini, qaysi qonun esa ishlamay turganini aniq tahlil qilishi va tegishli xulosalar chiqarishi lozim. Bu esa elektorat bilan ta’sirchan muloqotni yo‘lga qo‘yishga va parlamentimiz faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Beshinchidan, qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, xalqaro reytinglardagi o‘rnimizni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarga mosligini o‘rganish amaliyotini keng joriy etish lozim. Chunki, xalqaro shartnomalar va reytinglar mazmunida xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi o‘z aksini topgan.
Yuqorida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqib, xulosa qiladigan bo‘lsak, qonun ijodkorligi faoliyati “qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart” degan ustuvor tamoyilga asoslanishi kerak.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Quyi palataning parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi faoliyatida ham o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud.
Birinchi. Yangi deputatlar ta’sirchan parlament nazoratini olib borish orqali xalq ishonchini oqlashi zarur.
O‘tgan davrda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari hayotimizga kirib keldi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – “Hukumat soati” instituti joriy etildi. So‘nggi 2 yilda 14 marta “Hukumat soati” o‘tkazilib, ularda 17 ta vazirlik va davlat qo‘mitasi rahbarlari ishtirok etdi.
Bundan tashqari, 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Biroq, bunday ishlarimizdan saylovchilarimiz to‘liq rozi, deb aytishga hali erta.
Hech kimga sir emas, ayrim mansabdor shaxslar noma’qul xatti-harakatlari bilan jamiyatda qizg‘in muhokamalarga, ayrim hollarda esa, keskin norozilikka sabab bo‘lmoqda.
Ana shunday vaziyatlarda deputatlarning bir chekkada tomoshabin bo‘lib turishini bundan keyin xalqimiz aslo qabul qila olmaydi. Axir, fuqarolar o‘z vakillarini xalq fikrini ifoda etish va ular manfaatlarini himoya qilishi uchun saylagan-ku!
El-yurtimiz deputatlar timsolida qonun va axloq-odob mezonlarini buzgan mansabdorlarga qarshi tura oladigan talabchan kurashchini, xalq dardini qo‘rqmasdan ko‘tarib chiqadigan o‘z himoyachisi, o‘z vakilini ko‘rishni istaydi.
Bu borada dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Rasul Kusherbayev, Shuhrat Polvonov, Alisher Hamroyev kabi yosh va jonkuyar deputatlar faoliyati saylovchilarga manzur bo‘lmoqda. Masalan, avtomototransport vositalarida kunduz kuni chiroq yoqib yurish bo‘yicha qabul qilingan qaror deputatlar tashabbusi bilan o‘zgartirildi.
Biz bunday holatlarni faqat ijobiy baholashimiz kerak. Shu tariqa biz ta’sirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yo‘lga qo‘yishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab bo‘layotgan muammolar yuzasidan mas’ul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini yo‘lga qo‘yish kerak.
Parlament nazorati natijalaridan aholini o‘z vaqtida xabardor qilish masalasi ham e’tiborimiz markazida bo‘lishi shart. Shu munosabat bilan palata majlislarini, har bir tadbir haqidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida, rasmiy veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda keng va tizimli yoritishni kuchaytirish kerak. Bunday amaliyot parlament faoliyatida nafaqat ochiqlikni ta’minlashga, balki barcha davlat idoralari mas’uliyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Ikkinchi. Palataning qo‘mitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozim.
Parlament faoliyatining roli va amaliy ta’sirchanligini oshirish maqsadida o‘tgan chaqiriqda qator yangi tarkibiy tuzilmalar tashkil etildi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi endi huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini isloh etish va sud mustaqilligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqishga bosh-qosh bo‘lishi kerak. Ushbu qo‘mita davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga baho berib, rahbarlarning javobgarligi masalasini Hukumat oldiga qo‘ysa, o‘ylaymanki, juda o‘rinli bo‘ladi.
Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi joylarda tibbiyot sohasidagi ishlar ahvolini o‘rganishga mas’ul etib belgilangan. Umuman, Qonunchilik palatasiga sog‘liqni saqlash tizimini nazorat qilish ishonib topshirilgan edi.
Afsuski, palataning bu borada olib borayotgan ishlari hali biz kutgan natijani bermayapti va bunday holat meni jiddiy tashvishga solmoqda.
Nega deganda, sog‘liqni saqlash tizimida hozirda ham o‘z yechimini topmagan muammolar juda ko‘p. Misol uchun, sohada davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yishning huquqiy asoslari yaratilgan bo‘lsa-da, bironta loyiha ishga tushirilmagan. Shuningdek, onkologik, endokrinologik va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini davolash bo‘yicha ishlarning ahvoli talab darajasida emas.
Eng achinarlisi, ayrim tibbiyot maskanlarining o‘zi infeksiya tarqalish manbai bo‘lib qolmoqda. Xususan, 2019 yilda shifoxonalarda infeksiya tarqalishi bilan bog‘liq mingga yaqin holat qayd etilgan.
Sohadagi mavjud ahvolning nazorati quyi palataga yuklatilganini inobatga olib, Spiker va mas’ul qo‘mita parlament nazoratini tizimli yo‘lga qo‘yishi, kerak bo‘lsa, uni har bir tibbiyot muassasasi bo‘yicha amalga oshirishi lozim. Aana shu o‘ta muhim masalada, ya’ni, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash uchun qanday qonuniy choralar ko‘rish, odamlarni rozi qilish bo‘yicha chinakam tashabbus va qat’iyat ko‘rsatilsa, tarixda qoladigan ish bo‘lur edi.
Quyi palatada Davlat byudjeti boshqarmasining tashkil etilgani byudjetni shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazorat o‘rnatishga xizmat qilmoqda. Masalan, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tartibiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi va ularning ixtiyorida 47 milliard so‘m mablag‘ qoldirildi. Albatta, bu – parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarning dastlabki ijobiy natijasi, xolos.
Parlamentimizning bu boradagi faoliyatini kuchaytirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Keyingi paytda hudud va mintaqalarimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmdagi mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Lekin bu mablag‘larning to‘g‘ri va samarali ishlatilishini nazorat qilish borasida, avvalambor, shu hududlardan saylangan deputatlarimizning ishtiroki deyarli sezilmayapti.
Holbuki, joylarda ajratilgan mablag‘lardan noto‘g‘ri foydalanish, ularni talon-taroj qilish, korrupsiya holatlari ham uchrab turibdi.
Xalq vakillari o‘z vakolatiga asoslanib, ta’sirchan nazorat o‘rnatsa, ularning ham, Qonunchilik palatasining ham obro‘-e’tibori ortadi. Eng muhimi, bundan el-yurtimizga amaliy foyda bo‘ladi.
Byudjetdan sarflanadigan har bir so‘m uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobot berishi, barcha idoralar davlat mablag‘ining aniq maqsadlar uchun ishlatilishi bo‘yicha parlamentdan hayiqib turishi lozim. Shunda tartib bo‘ladi, shunda hamma deputat bilan hisoblashadigan bo‘ladi. Palata bu masalada qat’iyat ko‘rsatib, elektorat manfaatlarini himoya qiladi, deb ishonaman.
Umuman olganda, har bir qo‘mita chorak ish rejasi asosida o‘z faoliyat yo‘nalishidagi davlat idoralari oldiga konkret vazifalarni qo‘yib, ulardan qonun va qarorlar ijrosi bo‘yicha aniq so‘rov qilishiga erishmog‘imiz zarur.
Uchinchi. Parlament va deputat so‘rovining ta’sirchanligini oshirish choralarini ko‘rish kerak.
O‘tgan chaqiriqda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridagi mansabdor shaxslarga 28 ta yoki 2010-2014 yillarga nisbatan 7 barobar ko‘p parlament so‘rovi yuborildi.
Parlament va deputat so‘rovini ko‘rib chiqmaganlik yoki ko‘rib chiqish muddatini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Shunga qaramasdan, afsuski, ayrim hollarda deputat so‘roviga rahbarning o‘zi emas, balki uning o‘rinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda.
O‘zingiz ayting, qani bu masalada xalq vakilining obro‘si? Parlamentga va deputatga bo‘lgan hurmat shumi? Bunday salbiy holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shu sababli parlament va deputat so‘roviga vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining shaxsan o‘zlari javob berishi shartligini qonunda belgilashni taklif qilaman.
To‘rtinchi. Saylovchi va deputatning o‘zaro munosabatlariga axborot texnologiyalarini keng joriy etadigan vaqt keldi. Jumladan, parlament va deputat so‘rovlarini shakllantirish mexanizmini takomillashtirish zarur.
O‘tgan chaqiriqda turli masalalar yuzasidan 856 ta deputat so‘rovi yuborilgan. Lekin so‘rovlarda saylovchilar manfaati qanchalik o‘z aksini topdi, ularning nechtasi fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirildi, degan savollar meni o‘ylantirmoqda. Shuning uchun jamoaviy murojaatlar asosida Internet tarmog‘i vositasida parlament va deputat so‘rovini shakllantirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozim. Bu orqali biz aholini qiynayotgan masalalarning parlamentda ko‘rib chiqilishiga erishamiz.
2019 yilda deputatlar tomonidan 8 mingdan ortiq xonadon, 3 mingdan ziyod ijtimoiy soha va 2 mingga yaqin ishlab chiqarish ob’yektiga borilib, qariyb 150 ming fuqaro bilan muloqot o‘tkazildi. Odamlarni tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni hal etish maqsadida deputatlar har oyning oxirgi haftasida o‘z saylov okrugida bo‘lishiga doir tartib yo‘lga qo‘yildi. Albatta, bu ishlarni tizimli ravishda davom ettirish kerak.
Ayni vaqtda savol tug‘iladi – axborot texnologiyalari rivojlangan hozirgi kunda saylovchi o‘zining vakiliga murojaat qilishi uchun uning okrugga bevosita kelishini kutib o‘tirishi shartmi? Shu sababli xalq bilan muloqot tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash imkoniyatini beradigan elektron portal va mobil ilovalarni ishga tushirish lozim. Toki ana shu tizim orqali saylovchi deputatning kundalik ishini kuzatib borish, qonun loyihalarini muhokama qilish va ular bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘lsin. Ya’ni, deputat faoliyatiga uning saylovchilari bevosita baho bersin. Ana shundagina fuqaro va parlament o‘rtasida xalqimiz bizdan kutayotgan haqiqiy ko‘prik paydo bo‘ladi.
Beshinchi. Parlament faoliyatiga aholini keng jalb etish maqsadida “Mening fikrim” veb-portali ishini takomillashtirish darkor.
Ma’lumki, biz bu portalni davlat va jamiyat hayotiga oid muhim masalalarda xalq fikrini atroflicha o‘rganish va fuqarolar tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etgan edik. Lekin hozirgi kunda xalqdan tushayotgan takliflarni chuqur o‘rganish va ularni muhokama qilish ishlari samarali yo‘lga qo‘yilganmi?
Bu savolni o‘rtaga qo‘yayotganimiz bejiz emas. Chunki, hozirgi kunga qadar tushgan takliflarning atigi 11 tasi keng muhokamadan o‘tkazilib, ular bo‘yicha palataning qarorlari qabul qilingan.
Umuman olganda, jamiyat hayoti uchun dolzarb muammolar ko‘tariladigan bo‘lsa, ularni keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilishning muqobil usullarini amaliyotga kiritish zarur.
Bu borada “Mening fikrim” veb-portaliga tushayotgan murojaatlarni televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida deputatlar, mutaxassislar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun ko‘rsatuv va eshittirishlar tashkil etish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Yana bir muhim masala shuki, Qonunchilik palatasining xalqaro parlamentlararo tashkilotlardagi ishtirokini faollashtirish lozim.
Bugungi kunda quyi palataning xalqaro aloqalari kengayib borayotgani hammamizga yaxshi ma’lum. Masalan, 2015 yilda palatada xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha 9 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2019 yilda ularning soni 28 taga yetdi, shundan 24 ta guruh Senat bilan birgalikda tuzilgani e’tiborga molik. Xalqaro munosabatlardagi samarali faoliyat natijasida o‘tgan davrda parlamentda 248 ta chet el delegatsiyasi qabul qilindi.
Milliy parlamentimiz qisqa muddatda ko‘plab nufuzli xalqaro parlamentlararo birlashmalarning faol ishtirokchisiga aylandi. Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlamentlararo assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Parlamentlararo assambleyasi shular jumlasidan bo‘lib, bizning deputatlarimiz ham mazkur nufuzli tashkilotlarning rahbarlik lavozimlariga saylandilar.
Xalqaro parlamentlararo aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirib borish bundan keyin ham deputatlarning doimiy e’tibor markazida bo‘lishi zarur.
Yana bir jihatga alohida e’tiboringizni qaratishni istar edim. Afsuski, partiyalarimiz o‘z siyosiy maqsad va dasturlarini ilgari surish va saflarini kengaytirish haqida faqat saylov arafasidagna eslab qoladilar. Asosan shu davrda ular o‘z a’zolari bilan ishlab, ularning sonini ko‘paytirishga intiladi. Bunday yondashuv, vaqtinchalik va rasmiyatchilik uchun qilinadigan ishlar qanchalik to‘g‘ri? Bu albatta noto‘g‘ri.
Aslida siyosiy partiyalar o‘z a’zolari sonini ko‘paytirish ustida doimiy ishlashi, o‘z dasturlarini hamisha takomillashtirib, undagi maqsad va g‘oyalarni kundalik hayotga tatbiq etib borishi kerak emasmi? Shundagina partiyalarning jamiyatdagi va ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va ta’siri mustahkam bo‘ladi. Shuning uchun siyosiy partiyalar va ularning fraksiyalari rahbarlari o‘z faoliyatini jonlantirishi, elektorat ichiga chuqur va tizimli ravishda kirib borishi lozim.
Yangi saylangan Spikerning birinchi o‘rinbosari, katta tajribaga ega huquqshunos olim sifatida ham, siyosiy partiyalar va fraksiyalarga o‘z faoliyatini takomillashtirishida doimiy amaliy ko‘mak va tavsiyalar berib borishi zarur.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi kunda jonajon O‘zbekistonimiz o‘z taraqqiyot yo‘lidan jadal ilgarilab bormoqda. O‘tgan uch yil davomida amalga oshirgan islohotlarimiz o‘zining dastlabki mevasini bera boshladi. Jahon hamjamiyatida O‘zbekistonga qiziqish va e’tibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga bo‘lgan ishonch tobora ortib bormoqda. Bu esa taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, ko‘zlagan maqsadlarimizga yetish uchun mustahkam zamin yaratmoqda, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Ana shunday ulkan imkoniyatlarni qo‘ldan bermasdan, yo‘limizdan og‘ishmasdan, yanada qat’iy ilgarilab borsak, ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz. Bu yo‘lda Qonunchilik palatasi, hurmatli deputatlarimiz yetakchi kuch bo‘lib maydonga chiqishlari kerak.
Xalqimizning eng sara vakillari sifatida sizlar buning uchun yetarli salohiyat va sharoitlarga egasizlar. Umuman olganda, deputatlarimiz o‘zining yurish-turishi, madaniyati, odobi va etikasi bilan barchaga ibrat va namuna bo‘lishi lozim. Spiker va uning o‘rinbosarlari bu muhim masalani o‘zining alohida nazoratiga olishi shart.
Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik o‘quvlarini joriy etishini taklif qilaman.
El-yurtimiz sizlarga haqli ravishda katta umid va ishonch bilan qaramoqda. “Parlament xalq irodasining haqiqiy ko‘zgusi bo‘lishi zarur” degan ulug‘vor g‘oyani amalda namoyon etishingizni kutmoqda. Ana shunday ishonch, hurmat va e’tiborga munosib bo‘lish – bu juda katta baxt. Bag‘rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ana shu ishonchini har birimiz o‘z joyimizda amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir.
Ishonamanki, yangi parlament tarkibida o‘z faoliyatini boshlayotgan barcha hurmatli deputatlarimiz ana shu talabni chuqur anglab, samarali faoliyat olib boradilar.
Sizlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylanganingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Izoh qoldirish