Qashqadaryo viloyatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish rivojlanmoqda (+video)

Qashqadaryo viloyatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish rivojlanmoqda (+video)

2024 yilda Qashqadaryoda mahalliylashtirish loyihalari doirasida turli mahsulotlar ishlab chiqarilib, ular orqali import o‘rnini bosish ta’minlandi. Jumladan, transformator, svetofor va zamonaviy boshqaruv uskunalari kabi 20 turda yangi mahsulotlar o‘zlashtirildi.

2025 yilda hududda mahalliylashtirish doirasida yangi loyihalarni amalga oshirib, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va 66 turdagi yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Korxonalarning 70 foizi ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq va yuqori darajada foydalanmoqda, 12 foizi to‘liq raqamlashtirilgan, 78 foizi esa qisman raqamlashtirilgan. Bu esa hududda sanoat jarayonlari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, so‘rovnomada qatnashgan korxonalarning 30 foizi kam quvvatda ishlayotganini bildirgan. Jumladan, 7 ta korxona 20-30 foiz, 20 ta korxona esa 40-50 foiz quvvatda ishlamoqda. Bunda ishlab chiqarishni to‘liq yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi va mahalliy byudjet daromadlari oshishi kutilmoqda.

Import o‘rnini bosish salohiyati yuqori. Qashqadaryoda hozirda 96 mln dollarlik elektrotexnika, 19 mln dollarlik nasoslar, 6,4 mln dollarlik farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy buyumlarni mahalliylashtirish imkoniyati mavjud. Masalan, “Treyd end seyles professionals” korxonasi svetofor qurilmalari, “Muborakneftgazta’mir” va “Agrotexsuvmontaj” nasoslar ishlab chiqarishi mumkin.

Eksport ko‘rsatkichlari ham ijobiy sur’atda o‘smoqda. Viloyatda mahalliylashtirish dasturiga kirgan 7 ta korxona (15 foiz) 4,1 mln dollarlik mahsulot eksport qilgan. Bu esa Qashqadaryoda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorda raqobatbardosh ekanini tasdiqlaydi.

Qashqadaryoda mahalliy xomashyodan foydalanish imkoniyatlari katta. Jumladan, shisha (4,6 mln tn), kremniy (1,6 mln tn), slanets (113 mln tn), bentonit gili (32,5 mln tn) kabi qazilmalar mahalliylashtirish loyihalarida ishlatilishi mumkin. Bu esa hududning sanoat salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Yangi loyihalar dinamikasi

2024 yilda Qashqadaryoda 48 ta mahalliylashtirish loyihasi amalga oshirilib, jami 463 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, 36 mln dollarlik import o‘rni bosildi, 4 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi va 308 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

2025 yilda esa 50 ta yangi loyiha amalga oshirilishi, umumiy qiymati 1,03 trln so‘mga yetkazilishi, 80 mln dollarlik importni maqbullashtirish va 385 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Yirik investitsiya loyihalari

2025 yilda amalga oshiriladigan yirik loyihalardan:

  • Koson tumanida metall uskunalar va buyumlar ishlab chiqarish loyihasi (Rapid Rais Texnoprom MChJ), quvvati – 3,2 ming tonna, qiymati – 25 mln dollar, 150 ta ish o‘rni, 4 mln dollarlik eksport hajmi, byudjetga 10 mlrd so‘m tushum.
  • Qarshi shahrida polietilen ishlab chiqarish loyihasi (Nasaf XCP Techno MChJ QQ), quvvati – 35 ming tonna, qiymati – 8 mln dollar, 65 ta ish o‘rni, 30 mln dollarlik importni maqbullashtirish, byudjetga 5 mlrd so‘m tushum.

Xulosa

Tahlillar Qashqadaryo viloyatida sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish bo‘yicha katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatmoqda. Mutasaddi idoralar tomonidan ushbu imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar