2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi tendensiyalar

2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi tendensiyalar

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori dinamikasiga oid yangilangan tahlilni taqdim etdi. Natijalar bitimlar faolligi va hududiy tuzilmadagi o‘zgarishlarni, shuningdek, uy-joy oldi-sotdi va ijara bozoridagi asosiy tendensiyalarni aks ettiradi.

Baholashlarga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha respublikada uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 295 mingtani tashkil etib, 15%dan ziyod o‘sdi.

Hududlar kesimida

Yil davomida faollikning eng sezilarli o‘sishi Buxoro (25,7%), Sirdaryo (23,3%) va Samarqand (19,7%) viloyatlarida kuzatildi.

2025 yilda respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30%i poytaxt bozori hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahrida savdo hajmi 18,2%ga oshib, taxminan 84 ming bitimni tashkil etdi.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar dinamikasi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk ikkilamchi bozorida narxlar dinamikasining mo‘’tadil tezlashishi kuzatildi. Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 8%ni tashkil etdi, 2024 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 6,2% darajasida bo‘lgan edi.

Yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, ushbu hududlarda uy-joy narxining o‘rtacha yillik o‘sishi taxminan 17% ni tashkil etdi.

Yil yakuniga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy uchun eng yuqori narxlar poytaxtda saqlanib qoldi. Shuningdek, nisbatan yuqori narxlar Samarqand viloyatida — bir kvadrat metr uchun 834 dollar, Toshkent viloyatida esa — bir kvadrat metr uchun 682 dollarni tashkil etdi.

Uy-joy uchun eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi — bir kvadrat metr uchun 378 dollar. Shuningdek, nisbatan past narx darajasi Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati taxminan 454 dollarni tashkil etdi.

Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat

Toshkent shahrining ikkilamchi uy-joy bozorida o‘tgan yil davomida bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati biroz oshdi (+0,6%) va 1100 dollardan ko‘proqni tashkil etdi. Shu bilan birga, narxlarning eng sezilarli pasayishi Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi va taxminan 5 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, poytaxtning ko‘chmas mulk birlamchi bozorida yil davomida narxlarning ancha sezilarli o‘sishi kuzatildi. Uy-joyning o‘rtacha qiymati 9%dan ko‘proqqa oshdi.

Toshkent shahrida eng yuqori narx o‘sishi Mirobod (18%), Yashnobod (14%) va Mirzo Ulug‘bek (13,5%) tumanlarida kuzatildi.

Toshkentda ijara narxlari mo‘’tadil oshdi

Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qoldi. Xususan, Shayxontohur, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun 11 dollar darajasida qayd etildi.

Shu bilan birga, ijara narxlarining o‘sish sur’ati Olmazor, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida sezilarliroq bo‘ldi, bu yerda yillik o‘rtacha o‘sish taxminan 11%ni tashkil etdi

Jaloliddin Usmonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar