O‘zbekistonda inflyasiya ilk bor 7,1 foizgacha pasaydi

O‘zbekistonda inflyasiya ilk bor 7,1 foizgacha pasaydi

Joriy yilda barcha mutassaddi rahbarlar va viloyat hokimlari oldiga asosiy vazifa sifatida inflyasiya darajasini 6,5 foizdan oshirmaslik hamda aholi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash yuklatildi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy siyosatning yangi yondashuvlari joriy etilmoqda.

Go‘sht mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash maqsadida davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Xususan, havo transporti orqali olib kelinadigan har bir naslli qoramol uchun 4 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Shuningdek, go‘sht importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga transport xarajatlarining 50 foizi yoki har bir kilogramm uchun 0,8 AQSh dollari miqdorida kompensatsiya beriladi. Ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shu bilan birga, 2026 yilda umumiy quvvati 112,4 ming tonna bo‘lgan zamonaviy sovitkich va muzlatkich omborlari tashkil etiladi. Chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida Mo‘g‘ulistondan yana 100 ming bosh naslli qo‘y va echkilar olib kelinib, ularni tashish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Ozuqabop ekinlar ekish hajmi kengaytirilib, jami 709 ming gektar maydon, shu jumladan 478 ming gektar asosiy va 231 ming gektar takroriy yerlarda ekin ekish rejalashtirilgan.

Inflyasiyani jilovlash va oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yangi boshqaruv tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, har bir viloyat hokimi o‘z hududidagi narx-navo va inflyasiya ko‘rsatkichlari uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Hududlarda davlat boshqaruvini samarali tashkil etish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida ma’muriy binolardan oqilona foydalanish choralari ko‘rilmoqda. Davlat idoralarini yagona ma’muriy markazlarga joylashtirish ishlari boshlangan bo‘lib, dastlabki bosqichda Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Denov, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari hamda Buxoro, Samarqand, Qarshi, Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlarida ushbu jarayon amalga oshirilmoqda.

Joriy yil davomida yana qator hududlarda, jumladan Shahrixon, Shofirkon, Jondor, Zafarobod, Qamashi, Nurota, Norin, Kosonsoy, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Qiziriq, Muzrabot, Sardoba, Bo‘ka, Chinoz, Yozyovon, O‘zbekiston, Yangiariq tumanlari hamda Andijon, Navoiy, Namangan, Termiz, Chirchiq, Quvasoy, Qo‘qon va Urganch shaharlarida davlat idoralarini bir joyga jamlash ishlari amalga oshiriladi.

Amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar iqtisodiyotda barqaror o‘sishni ta’minlash, inflyasiya darajasini izchil pasaytirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Davlat organlari va mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi qat’iy nazoratga olinadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar