O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizning xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokini kuchaytirishning ahamiyati xususida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyotining jahon ishlab chiqarish tizimiga, dunyo bozori talablariga va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga hamohang bo‘lishi mahsulotlar sifatini oshirishi, tannarxini pasaytirishi, ishlab chiqaruvchilarni yangi texnologiyalarni joriy etishga majbur qilishi va bozor islohotlarini jadal rivojlantirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizdan tashqi savdoga yuklarni chiqarishda, tayyor mahsulotlarni eksport qilish salmog‘ini oshirishda ham integratsiyalashuvning ahamiyati katta ekanligi Murojaatnomada qayd etildi.
Tahlillar mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlari barqaror o‘sish xususiyatiga ega ekanligini va mazkur munosabatlarning salmog‘i integratsion jarayonlarning chuqurlashuvi bilan yanada kuchayishini ko‘rsatmoqda:
- keyingi ikki yilning o‘zida mamlakatimizning Ittifoqqa a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi 52 foizga ortgan;
- tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Ittifoq mamlakatlari hududidagi tranzit yo‘laklari orqali o‘tmoqda;
- integratsiyani kuchaytirish orqali notarif to‘siqlarni bartaraf etilishi – mamlakatimiz YaIMning 1,5 foizi miqdorida makroiqtisodiy samara keltiradi;
- mamlakatimizning Ittifoq umumiy elektroenergetik tizimiga ulanishi oqibatida o‘zaro elektroenergiya savdosi 2,5 barobarga, energiya ishlab chiqarish quvvati 7 foizga ortib, energotizim va energota’minotning barqarorligi oshadi;
- Ittifoq doirasida joriy etilayotgan kosmos, meditsina, ekologiya, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi 130 dan ortiq loyihalarda mamlakatimizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokiga imkoniyat yaratiladi;
- mamlakatimizga yil davomida kelayotgan xorijiy sayyohlarning 70 foizini (3,7 mln. kishi) YeOIIga a’zo davlatlarning fuqarolari tashkil etmoqda va integratsiyalashuvning chuqurlashishi ortidan mazkur ko‘rsatkichni barobarlarga oshirish imkoniyati tug‘iladi;
- hozirda YeOIIga a’zo davlatlarda 25 mingdan ortiq mamlakatimiz talabalari ta’lim olayotgan bo‘lsa, integratsiyalashuvning kuchayishi ortidan ta’lim hujjatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi natijasida, ular sonini bir necha barobarga orttirish, shuningdek ilm-fan va ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikdagi qator ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma ilmiy laboratoriyalar va innovatsion ishlanmalar yaratish mumkin bo‘ladi.
Qayd etilgan holatlar mamlakatimizning xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokini kuchaytirish masalasini atroflicha keng muhokama qilishni, mutaxassislardan esa – tahliliy va kompleks baholash natijalari asosida aniq asoslangan xulosa va takliflar taqdim etishlarini talab etmoqda.
O.O.Olimjonov
iqtisod fanlari doktori, professor
A.O.Iminov
Marshall nomidagi Xalqaro kiberxavfsizlik maktabi bitiruvchisi (Germaniya)
Infografika: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasining asosiy yo‘nalishlari
Izoh qoldirish