Yurtimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda

Yurtimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda
Toshkent viloyatining Qibray tumanida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2019 yil 11 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda hududlarda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish sohasida joriy yil dekabr – 2020 yil mart oylarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport hajmini oshirish, foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarni o‘zlashtirish, paxta, g‘alladan qisqartirilayotgan maydonlarga eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish, shuningdek, bog‘, tokzor va issiqxonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishga doir masalalar muhokama etildi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda qayta ishlash, eksportyor korxonalarning muammolarni o‘rganish, bartaraf etish choralarini ko‘rish lozimligini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, bu kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishda samarali bozor mexanizmlarini joriy etish, tarmoqning mavjud imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, klaster va kooperatsiya tizimini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini tashkil etish orqali aholi daromadlarini oshirish hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirishga erishilishi alohida qayd etildi.

Ayni paytda respublikamizda 80 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, dunyoning 66 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda. Mamlakatimizda har yili 21 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtiriladi. Biroq ularning bor-yo‘g‘i 1,5 million tonnasi eksport qilinadi. Mahsulotni saralash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha 31 ta agrologistika markazi tashkil etilgan. Lekin aylanma mablag‘lar yetishmasligi va doimiy mahsulot yo‘qligi oqibatida ularning aksariyati mavsumiy ishlab, mavjud quvvatlardan bor-yo‘g‘i 10-15 foiz foydalanmoqda.

Tarmoqda mahsulot yetishtirishdan tortib, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan jarayonlar muammolardan xoli emas. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, bugunga qadar mamlakatimiz bo‘yicha jami 41 ta meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi birlashmasi tashkil etildi. Kelgusi yilda 31 ta, 2021 yilda esa 100 ta qishloq xo‘jaligi birlashmasi tashkil etilishi choralari ko‘rilmoqda.

Seminarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda joylarda klaster tashabbuskorlari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil qilish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha amaliy tadbirlar o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Soha mutasaddilari, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, qayta ishlovchi va eksportyor korxonalar rahbarlari sohada uchrayotgan muammolar, ularni bartaraf etish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar