Joriy yilda “O‘zmetkombinat” tayyor mahsulot eksportini yiliga 350 ming tonnagacha yetkazmoqchi va bu rejalar aniq asosga ega. Kombinat mahsulotiga talab, xususan MDH davlatlarida ortib bormoqda.
Korxona matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, buning sababi - chet bozorlariga mahsulotni ilgari surish strategiyasining qo‘llanilishi, shuningdek tashish va logistika sharoitlarining yaxshilanishi bilan bog‘liq.
Yaqinda Moskvada bo‘lib o‘tgan “Metall-Ekspo” xalqaro yarmarkada kombinat vakillari Ukraina va Rossiyaning qator kompaniyalari bilan muzokaralar olib borishdi. Ta’kidlash lozimki, kombinat uchun mazkur yarmarka Rossiyaning shu kabi yetakchi tadbirlarida ishtirok etishning ilk tajriba vazifasini bajardi.
Muzokaralar natijalari bo‘yicha Rossiyaning "Gallaktika" va "Metr" kompaniyalari “O‘zmetkombinat”ning rangli metallar va mikrokremnezemdan iborat mahsulotini, Ukrainaning "Sodrujestvo" kompaniyasi esa po‘latli sharlar va turli hajmdagi armaturani xarid qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
“Taxminlarga ko‘ra, bu korxonalarga ilk mahsulot yetkazib berish 2020 yilning o‘rtalarigacha amalga oshiriladi. Bu hali boshlanishi. Ko‘rgazmada ishtirokimiz natijalari bo‘yicha ko‘plab uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilib, ularni yangi shartnomalar ko‘rinishga aylantirishga harakat qilamiz”, - deb aytdi “O‘zmetkombinat” ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Raxmat Inomov.
Bugungi kunda “O‘zmetkombinat” mintaqada qora metallurgiya sohasi bo‘yicha yetakchi korxona bo‘lganligi bois, uning mahsulotlari barcha qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda. Masalan, Afg‘oniston va Qozog‘iston metall prokati, Qirg‘iziston va Rossiya mis qotishmalari, Tojikiston sirlangan konteynerlar, metall prokati, issiqlik saqlovchi materiallar, Turkmaniston – qurilish materiallarini xarid qilib kelmoqda. Ayni paytda Ozarbayjonga mis va qotishmalarni eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
2017 yilda davlat rahbari tomonidan kombinat ishlab chiqarish quvvatlari va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini tubdan yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlangan edi. Natijada kombinat xorijning SFI Management Group kompaniyasiga ishonchli boshqaruv asosida topshirilgan.
E’tirof etish kerakki, mazkur kompaniya qisqa muddat ichida sezilarli natijalarga erisha oldi.
Masalan, bir yildan so‘ng kombinatda ferroqotishmalarni ishlab chiqarish bo‘yicha yangi sex ishga tushirildi. Yangi ishlab chiqarishning foydalanishga topshirish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etganligi mazkur voqeaga alohida shukuh va tantanavorlik baxsh etdi. Loyiha qiymati 60 million dollarni tashkil qilib, bundan 17 million dollar Koreyaning Eksimbanki tomonidan ajratilgan.
“Jami 2018 yilning sentyabr oyida zavod tomonidan 18 ming tonna shunday mahsulot tayyorlangan. Sexda 290 kishi mehnat qilmoqda. Lekin bu borada biz avvalom bor, respublikada import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor qaratishimiz, eksport hajmini ham oshirib borishimiz talab etiladi.
Kelajakda yana 2 ta pech quriladi, ishlab chiqarish hajmi qo‘shimcha ravishda yana 30 ming tonnagacha oshib, umumiy hisobda 55 ming tonna ferroqotishmalar tayyorlanadi”, - deb ta’kidladi “O‘zmetkombinat”ning ferroqotishmalar sexi boshlig‘i Dilshod Do‘smatov.
Keyingi ikki yilda korxonaning moliyaviy ahvoli barqarorlashdi, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish boshlab yuborildi. Yangi quyish-prokat sexining qurilishi – shunday loyihalardan sanaladi.
Italiyaning Danieli kompaniyasi tomonidan qurilayotgan mazkur quyish-prokat sexi 2022 yilda ishga tushiriladi. Uning ishga tushirilishi bilan bir million tonna tunuka mahsulotini ishlab chiqarish uchun tegishli sharoitlar yaratilib, 1000dan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.
Loyihaning amalga oshishidan so‘ng, zavod tomonidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi yiliga 2.1 million tonnaga yetkaziladi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, 2018 yilda kombinat 1 millionga yaqin tayyor mahsulot ishlab chiqargan.
Izoh qoldirish