O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lishining farmatsevtika tarmog‘iga ta’siri

O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lishining  farmatsevtika tarmog‘iga ta’siri

O‘zbekistonda farmatsevtika sohasi 1993 yildan shakllana boshladi. O‘sha yili O‘zkimyofarm zavodi va Vaksinalar ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini o‘z ichiga olgan "O‘zfarmsanoat" davlat konserni tashkil etildi.

Hozirgi kunda mahalliy dori-darmon ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya mavjud bo‘lib, davlat eng zarur dori preparatlari, infuzion eritmalar, vaksinalar, qon preparatlari, bir marta ishlatiladigan qon quyish tizimlari va qon o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishda ichki ehtiyojni ta’minlash siyosatini amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari tadbiq etilmoqda.

2017 yildan boshlab mazkur sohani yanada rivojlantirishga e’tibor kuchaydi va dori vositalari ishlab chiqaruvchilar 5 yil davomida barcha soliqlarni to‘lashdan ozod.

Shuningdek, yangi ishlab chiqarish kuchlarini tashkil etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirayotgan kompaniyalar texnologik asbob-uskunalarni olib kirishda barcha bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilindi. Xuddi shu yili O‘zbekiston Prezidentining “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ularni maxsus tabiiy sharoitlarda qayta ishlashga ixtisoslashgan yettita erkin iqtisodiy zonani tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Natijada, mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘iga sarmoyalar ko‘lami oshib borishiga huquqiy zamin yaratildi.

O‘zbekistonda farmatsevtika kompaniyalari soni 1994 yilda 2 ta, 2002 yilda 68 ta, 2012 yilda 130 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 191 taga yetib, mazkur korxonalarda 2500 dan ortiq turdagi farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Jumladan, 2018 yil mobaynida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, shundan 20,3 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Oxirgi yillarda ichki ishlab chiqarishdagi o‘sish ko‘rsatkichi o‘rtacha 20 foizdan yuqorilagan.

Ichki ishlab chiqarishda dori vositalari va tibbiy buyumlarning salmog‘i katta bo‘lib, ishlab chiqarish quyidagi asosiy yo‘nalishlarga ega:

a) 2018 yil yakunlari bo‘yicha 179 million dollarlik dori vositalari ishlab chiqarilgan. 6,4 million dollarlik dori vositalari esa eksport qilingan. Bu sohadagi korxonalarning 40-60 foiz quvvat bilan ishlayotganini hisobga olsak dori vositalari yo‘nalishi bo‘yicha yuqori eksport potensiali mavjud.

b) 2018 yil yakunlari bo‘yicha 17,2 million dollarlik farmatsevtik materiallar (tibbiy paxta, tibbiy doka, bint va b.) ishlab chiqarilgan bo‘lib, shulardan jami 6,6 million dollarlik tibbiy buyumlar eksport qilingan. Xususan 5,4 million dollari (82%) YeOII davlatlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Farmatsevtik materiallar ishlab chiqaruvchi korxonalar 77-80 foiz quvvat bilan ishlamoqda.

O‘zbekiston farmatsevtika bozori tez rivojlanmoqda

O‘zbekistonning farmatsevtika bozori MDHda Rossiya va Ukrainadan keyingi uchinchi yirik bozor hisoblanadi. O‘sish dinamikasi (yiliga 8-10 foiz) bo‘yicha MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kiradi. Masalan, 2010 yilda 370 million dollardan ortiq miqdorda dori-darmon import qilingan bo‘lsa, 2018 yilda bu raqam 775 million dollarni tashkil etadi. O‘zbekiston farmatsevtika bozorida bugungi kunda 9000 turdagi dori vositalari, 1684 turdagi tibbiy buyumlar va 1529 turdagi tibbiy texnika mahsulotlari iste’mol qilinmoqda.

2018 yilda farmatsevtika sohasida ichki bozor hajmi qariyb 1 milliard dollarni tashkil etib, uning 21 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobidan ta’minlangan. Farmatsevtika vositalari importining 98 million dollari YeOII davlatlari hisobiga, jumladan, 81 million dollari Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Aholi sonining yiliga o‘rtacha 1,5 foizga oshib borayotganligi va kishi boshiga sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan xarajatlar ko‘rsatkichi oxirgi yillarda o‘rtacha 15 foizga oshib borayotganligi kuzatilmoqda va bu ko‘rsatkich keyingi yillarda farmatsevtik vositalarga ham talabni mos ravishda o‘sib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, hozirda O‘zbekistonda import qilinayotgan farmatsevtik mahsulotlarning ko‘pchiligiga nisbatan hech qanday tarif qo‘llanilmaydi. Tibbiy paxta, tibbiy doka kabi farmatsevtik materiallarga 10 foiz miqdorida bojxona tarifi qo‘llaniladi va 2020 yil 1 yanvardan boshlab mazkur ko‘rsatkich 30 foizgacha oshirilishi ko‘zda tutilgan.

YeOIIga kirish natijasida ichki bozor va mahalliy ishlab chiqarish istiqbollari

2010 yilda Belarusiya, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Yevrosiyo Bojxona Ittifoqi ish boshladi. Ittifoq doirasida o‘zaro ayirboshlanadigan tovarlarga bojxona to‘lovlari to‘liq bekor qilindi, yagona tashqi tarif joriy etildi. Iqtisodiy integratsiya jarayoni 2012 yilga kelib ishchi kuchi, tovarlar, xizmatlar va kapital oqimining erkin harakatlanishini ta’minlaydigan yagona iqtisodiy makon, ya’ni Yevrosiyo iqtisodiy makonini tashkil etishga kelishib olinishi bilan davom etdi. 2015 yilning yanvar oyida Bojxona ittifoqi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) aylantirildi. Shu yilning o‘zida Armaniston va Qirg‘iziston mazkur ittifoqqa qo‘shildi.

YeOIIga a’zo bo‘lish mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘i faoliyat ko‘rsatayotgan shart-sharoitlarni quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zgarishni nazarda tutadi:

a) uchinchi mamlakatlarga nisbatan bojxona bojlarini qo‘llashni talab etadi (o‘rtacha 5%);

b) 2026 yildan boshlab yagona farmatsevtika bozori shakllantiriladi va farmatsevtik mahsulotlarni majburiy xalqaro GMP sertifikatiga asoslangan maxsus ro‘yxatdan o‘tish tizimi asosida rasmiylashtirish boshlanadi. Xorijiy ishlab chiqaruvchi hujjatlarni yagona texnik hujjat shaklida rasmiylashtirishi shart va undan tashqari dori moddalar bo‘yicha master-faylda Xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashga a’zo davlatlarda 2016 yil 1 yanvargacha o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar natijalari ko‘rsatilishi kerak bo‘ladi. Belgilangan sanadan keyin kamida bitta klinik tadqiqot Ittifoq hududida to‘liq yoki qisman o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

v) mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan imtiyozlarni bekor qilish majburiyati yuzaga keladi. Jumladan, hozirda O‘zbekistonda quyidagi farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun belgilangan imtiyozlardan voz kechiladi:

- dori vositalari, ularning xom ashyosi va yordamchi materiallar, tibbiy buyum va tibbiy texnika qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilingan;

- mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining analoglari bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar (ro‘yxat bo‘yicha - 68 nomdagi dori vositasi, 8 ta tibbiy buyum) importiga qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘llaniladi;

- farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun texnologik va laboratoriya uskunalari, butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun "toza xonalar", sendvich-panellar va ventilyasiya tizimlari, dori vositalari ishlab chiqarishda ishlatiladigan xom ashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Tegishli ravishda, yuqoridagi o‘zgarishlar yuz berishi natijasida quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin:

1) uchinchi davlatlarga nisbatan import bojlari undirila boshlanishi natijasida import qilinayotgan tovarlar narxi ichki bozorda o‘rtacha 5%ga oshadi.

2) mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyozlarning bekor bo‘lishi natijasida ular ishlab chiqarayotgan mahsulot narxi o‘rta hisobda 10-15%ga oshishi kuzatiladi. Bu esa mahalliy korxonalarning raqobatbardoshligini pasaytiradi.

3) import qilinayotgan xom ashyo mahsulotlari asosan uchinchi davlatlardan (Hindiston va Xitoy) import qilinishini hisobga olsak YeOIIga qo‘shilish xom ashyo mahsulotlariga nisbatan o‘rtacha 5%da boj qo‘llanilishini talab etadi.

Eksport bozori istiqbollari

Dori vositalari eksporti katta hajmni tashkil etmaydi va ularning asosiy qismi (90%dan oshig‘i) ham uchinchi mamlakatlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalish bo‘yicha YeOIIga kirish sezilarli o‘zgarishlarni keltirib chiqarmaydi deb baholanmoqda.

Tibbiy buyumlar bo‘yicha esa eksport bozori to‘liqligicha YeOII mamlakatlariga tegishli. YeOII bozoriga chiqadigan farmatsevtik mahsulotlarning asosiy qismi tibbiy paxta va doka hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu tovarlar asosan (90 %dan ortig‘i) Qozog‘istonga eksport qilinadi. Buning uchun YeOII yagona tarif tizimi asosida 5% miqdordagi boj to‘lanadi. Narxlarning solishtirma tahlili ko‘rsatishicha Qozog‘iston va Rossiya bozoridagi narxlar O‘zbekiston narxlaridan baland. Bu jihatdan, YeOIIga qo‘shilish o‘rta muddatda milliy eksport hajmiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

2026 yilga kelib GMP sertifikatiga asoslangan maxsus ro‘yxatdan o‘tish tizimi asosida rasmiylashtirish boshlanishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar qisqa vaqt ichida o‘z mahsulotlarini YeOII mamlakatlariga sotish imkoniyatini qo‘lga kirita olishlari juda mushkul. Chunki hozirda 191 ta mahalliy korxonadan faqat 10 tasi maxsus GMP sertifikatiga ega.

YeOIIga kirishning farmatsevtika tarmog‘iga ta’sirining miqdoriy o‘lchamlari

Hozirgi kunda jahon tajribasida integratsion jarayonlarni mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ta’sirini baholashga doir turli yondashuvlar mavjud. Ulardan eng asosiylari bu integratsion jarayonga qo‘shilishning umumiy ta’sirini baholashga mo‘ljallangan "Hisoblanadigan umumiy muvozanat modeli" (CGE) va ma’lum bir turdagi mahsulot bozorini alohida o‘rganadigan "Qisman muvozanat model"lari (PEM) hisoblanadi. Nazariy jihatdan qaraganda Ittifoqqa a’zo bo‘lishning ijobiy va salbiy taraflari quyida jadvalda aks etgan.

ITTIFOQQA A’ZO BO‘LIShNING IJOBIY VA SALBIY TARAFLARI

Ijobiy ta’siri

Salbiy ta’siri

Aholi uchun

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan import qilinadigan dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlariga narxlarning pasayishi

sifatsiz dori-darmonlar ulushining kamayishi

uchinchi mamlakatlardan olib kirilayotgan dorilar narxlarining oshishi

Biznes uchun

ilgari uchinchi davlatlardan olib kelingan dori-darmonlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish imkoniyatining oshishi

past sifatli import mahsilotlari kirib kelishi cheklanishi

imtiyozlarni bekor qilish natijasida ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi

Davlat uchun

davlat byudjetiga tushadigan bojxona tushumlarining oshishi

Shu bilan birga, yuqoridagi yondashuvlar asosida olingan natijalarni mutaxassislar fikrlari bilan uyg‘unlashtirgan holda YeOIIga qo‘shilishning kutilayotgan ta’sirlari hisob-kitob qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, mavjud imtiyozlarining bekor qilinishi natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan dori-darmon mahsulotlari narxi 5-10 %ga oshishi va YeOII davlatlaridan import oqimi yiliga o‘rtacha 15-20 % ga ko‘payishi oqibatida yiliga o‘rtacha 20 million dollarlik bozor yo‘qotiladi. Uchinchi davlatlardan keladigan farmatsevtik mahsulotlarga o‘rtacha 5% tarif qo‘yilishi bu mamlakatlardan import ko‘lamining kattaligi hisobiga ichki bozordagi narxlar darajasi 5%ga oshishi kutilmoqda va aholi doriga bo‘lgan xarajatlari 33 million dollarga oshadi deb baholanmoqda. YeOII davlatlaridan import qilinadigan tibbiy buyumlarga (tibbiy paxta, doka, bint va boshqa mahsulotlar uchun bojxona tariflari (hozirda 30%) bekor bo‘lgani hisobiga Rossiyadan bunday tovarlar importi oshishi kutiladi va ichki ishlab chiqarish 5 million dollarga qisqaradi deb baholanmoqda.

YeOII davlatlari doirasida yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan ma’lum turdagi mahsulotlarni majburiy markalash tartibi joriy qilinishi hisobiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar taxminan 5 million dollar qo‘shimcha xarajat qilishlariga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, yagona mehnat bozori yaratilishi natijasida yuqori malakali farmatsevtik va tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislarning ish haqi darajasidagi farq hisobiga YeOII davlatlariga chiqib ketish xavfi mavjudligi ham aytilmoqda.

Milliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar

Ittifoqqa a’zo bo‘lishning ta’sirini baholashga qaratilgan tadqiqot natijalari asosida YeOIIga qo‘shilishdan eng yuqori samara olish “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Ular qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

1) sohaning raqobatbardoshligini oshirish va 2025 yilgacha mahalliylashuv darajasini 50%ga chiqarish vazifasini bajarish maqsadida sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilish masalasini jadallashtirish;

2) 2026 yilga qadar milliy dori-darmon vositalarini ro‘yxatga olish tizimini YeOII tamoyillariga moslashtirib borish;

3) mahalliy ishlab chiqarish potensialini kuchaytirish maqsadida sohaga berilgan imtiyozlar tizimini 2026 yilga qadar bosqichma-bosqich tugatib borish.

"Ekonomicheskoye obozreniye" jurnalining 3 soni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar