Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi

Forumning yalpi sessiyasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Tatyana Molchan, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisi Aqilbek Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Singapur Parlamenti Spikeri Sia Kian Peng, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa ham qatnashmoqda.

Sessiyaga CNN telekanali jurnalisti Richard Kvest moderatorlik qilmoqda.

Ayni daqiqalarda yalpi sessiyada Prezidentimiz nutq so‘zlamoqda.

Davlatimiz rahbari forum ishtirokchilarini samimiy qutlab, yildan-yilga yaxshi an’anaga aylanib borayotgan ushbu format doirasida yurtimizda dunyoning barcha qit’alaridan yangidan-yangi ishonchli hamkorlar jam bo‘layotganini ta’kidladi.

Bugungi tadbirda 93 ta davlatdan ikki yarim mingdan ortiq xorijiy mehmonlar kelgani ham forumning ahamiyati tobora ortib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Bu o‘z navbatida, mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi.

Prezident bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelayotganini qayd etdi.

Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari so‘nggi uch yil davomida pasaymoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti.

“Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. O‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi”, - dedi Prezident.

Mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashlangani qayd etildi. Har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha bu o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Inflyasiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

O‘tgan yilning o‘zida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar ko‘paydi.

Energetika sohasida ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa”; kimyo sanoatida “Air Products”, “Indoramava “Kamse”, tog‘-kon va metallurgiyada – Orano va DANIELI”, avtomobilsozlik va elektrotexnika yo‘nalishlarida BYD”, Kia va Samsung”, qurilish sohasida “Koҫ” va KNAUF kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Bugungi forum doirasida dunyoning ilg‘or kompaniyalari hisoblangan Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding va boshqa sheriklar ishtirokida yangi yirik loyihalarga start beriladi.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bu ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan xorijiy investorlarga, barcha hamkorlarga chuqur va samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik va biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator aniq choralar ishlab chiqilgan.

Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi.

Yaqinda xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. 250 ta yirik korxonaning davlat ulushini va salkam 1000 ta ko‘chmas mulk ob’yektlarini sotish, 12 ta korxona aksiyalarini fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun yangi dastur ham ishga tushirildi.

Tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy etildi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik sub’yektlari uchun soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

Shuningdek, energetika yo‘nalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlarga yer ajratishning zamonaviy shaffof tamoyillari – ya’ni, auksion savdo tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida qonunchilikni uyg‘unlashtirishga qaratilgan 60 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilib, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya ishlab chiqilmoqda.

Nizolarni adolatli hal etish maqsadida Toshkent xalqaro arbitraj markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Uning tarkibida Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardan 90 dan ortiq nufuzli hakamlar o‘rin olgan.

Investorlar uchun yana bir muhim ko‘rsatkich. Oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizga oshdi, oliy o‘quv yurtlari soni 200 tadan ortdi.

O‘zbekistonda 90 dan ortiq davlatlarga vizasiz rejim joriy etildi.

“Bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir”, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi ta’minlanishini o‘z zimmasiga olmoqda.

Bu tamoyillar o‘tgan yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda qat’iy muhrlab qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida qator aniq takliflarni bildirdi.

Birinchidan, yangi tahrirdagi “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi ta’kidlandi. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi.

Ikkinchidan, tez orada mamlakatimizda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Ushbu sud O‘zbekiston sud-huquq tizimida alohida o‘ringa ega bo‘ladi.

Uchinchidan, yaqin vaqtda sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinadi.

Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha, ya’ni, ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar to‘liq saqlab qolinadi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlari, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratish izchil davom ettirilishini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Birinchi yo‘nalish: “yashil” energetika. Energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan.

Bugun forum doirasida investorlar uchun qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi. Prezident ushbu yo‘nalishda barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etdi.

Ikkinchi yo‘nalish: bank-moliya sohasi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘plab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.

Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan O‘zbekistonning yirik banklaridan biri bo‘lgan “Asakabank”ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi.

Moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda.

“Xorijiy sarmoyalar oqimi bir necha barobar ortishi, korporativ boshqaruv sifati oshishi, yangi yetakchi bank-moliya institutlari kirib kelishini kutib qolamiz”,
- dedi Prezident.

Uchinchi yo‘nalish: foydali qazilmalar. O‘zbekiston – mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir.

O‘tgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan o‘ta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik o‘rnatildi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilmoqda.

Bu borada zamonaviy xalqaro tajriba asosida yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi.

Davlatimiz rahbari strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga taklif etdi.

To‘rtinchi yo‘nalish: mamlakatning IT transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

IT-park rezidentlari soni o‘n barobar ko‘payadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda.

Bu borada Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Ma’lumotlar markazi” barpo etilayotgani ta’kidlandi. Bu mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotga o‘tkazish va sun’iy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga ulkan turtki bag‘ishlaydi.

Beshinchi yo‘nalish: transport infratuzilmasini rivojlantirish. O‘zbekiston qulay va zamonaviy transport tizimlarini yaratish vazifasiga ustuvor e’tibor qaratmoqda.

Temir yo‘l sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, tarmoqqa xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Pullik avtomobil va tezyurar temir yo‘llarni qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish va yangilarini qurish bo‘yicha salohiyatli xorijiy investorlar bilan hamkorlik loyihalari tayyorlanmoqda.

Ma’lumki, xorijiy sheriklar bilan birgalikda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va G‘arb bilan bog‘laydigan global tranzit markaziga aylantiradi.

O‘zbekiston investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga, Buyuk Ipak yo‘lini zamonaviy asosda qayta tiklashga taklif qiladi.

“Sizlarga muhim bir fikrni yetkazmoqchiman: har bir tashabbus, har bir loyihangiz bo‘yicha davlatimiz, hukumatimiz a’zolari sizlarga yelkadosh bo‘lib, yoningizda turib, ularni to‘liq amalga oshirishda yaqindan yordam beradi.

Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir”, - dedi Prezidentimiz nutqining yakunida.

Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar