Joriy yilning 13-14 aprel kunlari Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovlardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston delegatsiyasi Rim shahriga (Italiya) tashrif buyurdi. Delegatsiya bu yerda ekspert-tahliliy doiralar vakillari bilan ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida birqator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ekspertlar Italiya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Circolo degli Esteri klubida Osiyo va Afrika O‘rta yer dengizi instituti (ISMAA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdilar. Tadbir Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va bo‘lib o‘tayotgan konstitutsion islohotlarga bag‘ishlandi.
Tadbirda diplomatik missiyalar rahbarlari, ikki mamlakat tadqiqot va tahliliy tuzilmalari, rivojlanish institutlari va savdo uyushmalarining yetakchi ekspertlari, shuningdek, rasmiy doiralar vakillari ishtirok etdilar. Davra suhbatida Italiya Senati tashqi siyosat va mudofaa qo‘mitasi raisi Stefaniya Kraksi ham qatnashdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov o‘z chiqishida 2016 yildan boshlab O‘zbekistonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning natijalari va Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatlari haqida so‘zlab berdi.
So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonda Konstitutsiyani yangilash muhokama qilinmoqda. Asosiy qonunda “davlat – jamiyat – inson” prinsipini “inson – jamiyat – davlat” prinsipiga o‘zgartirish, “inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yish” rejalashtirilmoqda.
Taqdimot davomida ekspert O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinayotnini ta’kidladi. Xususan, davlatning ijtimoiy majburiyatlari qariyb 3 baravarga oshirilmoqda. Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari uy-joy bilan ta’minlanadi, eng kam ish haqi insonning munosib turmush tarzini ta’minlashni hisobga olgan holda belgilanadi, kafolatlangan tibbiy yordam hajmini olish huquqlari mustahkamlanadi.
Obid Xakimov islohotlarning iqtisodiy jihatlariga to‘xtalar ekan, xalq farovonligini oshirish maqsadida ham mamlakat ichida, ham undan tashqarida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish zarurligini qayd etib o‘tdi.
“Iqtisodiyot tamal bo‘lib, siyosatdan ustun turadi, Konstitutsiyaning referendumga chiqarilayotgan yangi variantida bozor munosabatlari rivoji, xususiy mulk, tadbirkorlikning himoyasi, bozor iqtisodiyotining ijtimoiy yo‘nalganligini ta’minlovchi konstitutsiyaviy mexanizmlari sezilarli darajada mustahkamlangan”, - dedi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori.
Yangilanayotgan Konstitutsiya sog‘lom iqtisodiy rivojlanish uchun qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhiti muhimligini mustahkamlashi, bu jarayonda davlatning mas’uliyati ta’kidlangani alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, italiyalik ekspertlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga katta qiziqish bildirdilar. Shu jumladan, yangilangan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklariga alohida e’tibor qaratilgani, barcha sohalar, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati to‘liq kafolatlangani e’tirof etildi, mamlakat ravnaqi va barqarorligining muhimligi ta’kidlandi.
Iqtisodiy hamkorlik haqida so‘z borar ekan, davra suhbatida italyan kompaniyalari foydalanishi mumkin bo‘lgan asosiy sarmoyaviy imkoniyatlar sanab o‘tildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, metallurgiya kabi sohalarda hali foydalanilmagan “ulkan salohiyat” mavjudligini qayd etdi. Bank tizimi ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sirasiga kiradi.
ISMAA Bosh kotibi Vinsent Valenti ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi, bunda eng avvalo, Italiya katta tajribaga ega bo‘lgan kichik va o‘rta korxonalar sohasiga urg‘u berdi.
Ekspertlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichidagi dastlabki natijalari savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning yangi shakl va yo‘nalishlarini qidirishga o‘zaro intilish mavjudligini tasdiqlashini qayd etdilar.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tovar aylanmasini yanada oshirish va diversifikatsiya qilishga bo‘lgan qiziqish, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy kapital va texnologiyalarni, shu jumladan, Italiyadan jalb etishdan manfaatdorlik ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning yangi marralarig chiqishga imkon beradi.
Tahlil markazlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadlarida O‘zbekiston delegatsiyasining “Vision & Global trends” xalqaro instituti rahbariyati, Italyan xalqaro tashkilotlar jamiyati (SIOI) prezidenti, Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tadqiqotlar instituti (EURISPES) rahbarlari bilan qator uchrashuvlari tashkil etildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan dolzarb masalalar yuzasidan muntazam fikr almashish imkonini beruvchi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklari bildirildi.
Izoh qoldirish