Jizzax viloyatida xizmatlar sohasining rivojlanish dinamikasi

Jizzax viloyatida xizmatlar sohasining rivojlanish dinamikasi

Jizzax viloyatida xizmatlar sohasining shiddat bilan rivojlanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104-son qarorida belgilangan rejalar asosida olib borilmoqda. Jumladan, ushbu qarorga ko‘ra, Jizzax viloyatida 2022 yilda 9 984,6 mlrd.so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 2021 yilga nisbatan 150,8 foizga o‘sishi rejalashtirilgan.

2022 yil 1-choragida Jizzax viloyatida xizmatlar hajmi 1,7 trln. so‘mni tashkil etgan va 2021 yilning 1-choragiga nisbatan 16,5 foizga oshgan.

Viloyatning yalpi hududiy mahsuloti tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 41,7 foizini tashkil etgan.

2022 yil 1-choragida xizmatlar sohasi tarkibida eng katta ulush savdo (30,8%), moliyaviy (28,2%) va transport (13,5%), xizmatlarga to‘g‘ri kelgan.

Keyingi o‘rinlarni ta’lim xizmatlari (4,8%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (4,6%) va shaxsiy xizmatlar (sartarosh va go‘zallik saloni xizmatlari) (2,9%) egallagan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2021 yilning shu davriga nisbatan 2022 yil 1-choragida ijara xizmatlaridan (-7,5%) farqli o‘laroq, barcha xizmat turlarining dinamikasida o‘sish sur’atlari kuzatildi.

Moliyaviy xizmatlar 36,5%, sog‘liqni saqlash xizmatlari 25,6%, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 19,8%, savdo xizmatlari 12,4%, boshqa xizmatlar 12,3%, shaxsiy xizmatlar (sartarosh va go‘zallik saloni xizmatlari) 8,3%, turar joy va ovqatlanish xizmatlari 8,2%, transport, kompyuterlar, uy jihozlari, shaxsiy buyumlarni ta’mirlash xizmatlari 6,6%, arxitektura, muhandislik tadqiqotlari, texnik sinov va tahlillar bo‘yicha xizmatlar 5,3%, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar 3,1%, ta’lim xizmatlari 1,9%ga oshgan.

Shuningdek, tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2022 yilning 1-choragida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining 43,7% Jizzax shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hududda ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmidagi eng katta ulushlar bo‘yicha keyingi o‘rinlar Sh.Rashidov (11,1%), Zomin (8,6%), G‘allaorol (8,2%), Baxmal (6,7%) va Forish (4,0%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, hududda ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmida Yangiobod (0,9%), Arnasoy (1,6%) va Zafarobod (2,0%) tumanlarining o‘rni juda kam.

2022 yilning 1-choragida xizmatlar sohasida eng yuqori o‘sish sur’atlari Baxmal (124,9), Jizzax shahri (122,5) va Do‘stlik (118,3) tumanlarida kuzatilgan.

Elyor Po‘latov,

Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar markazi,

Jizzax filiali yetakchi ilmiy xodimi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar