O‘zbekistonning 2024 yilgi biznes muhitini tahlil qilish – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisoboti

O‘zbekistonning 2024 yilgi biznes muhitini tahlil qilish – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisoboti

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlari asosida 2024 yil uchun biznes muhitini tahlil qilish natijalarini taqdim etdi. Olingan ma’lumotlar asosida biznesning joriy holatlari va ularning taxminlarini tavsiflovchi biznes muhiti ko‘rsatkichi shakllantirildi.

Biznes muhitining o‘zgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan. So‘rovlar davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan o‘zgarishlarni baholaydilar.

Biznes muhiti indeksi

Yil davomida biznes muhitining indeksi ko‘rsatkichi o‘zgaruvchan xususiyatga ega bo‘lib, yillik o‘rtacha 53 bandni (-100 dan +100 gacha bo‘lgan shkalada) tashkil etdi va bu O‘zbekistondagi biznes muhitining holatini ijobiy deb baholaydi.

Eng yuqori ko‘rsatkichlar yanvar oyida qayd etilgan va 61 bandni tashkil etgan bo‘lsa, eng quyi ko‘rsatkich oktyabr oyida 42 bandda qayd etilgan, bu sanoat tarmog‘i ko‘rsatkichlarining mazkur oyda 72 banddan 31 bandgacha pasayishi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, may sentyabr oylari oralig‘ida indeks ko‘rsatkichida ijobiy kutilmalar saqlanib qoldi. Ushbu davrda sanoat va qishloq xo‘jaligidagi ko‘rsatkichlar sezilarli darajada yaxshilanib, 63-66 bandgacha yetdi. Yil yakunida barcha tarmoqlar optimizm darajasi o‘sib, indeks qiymati 56 bandni qayd etdi.

Umuman olganda, yil davomidagi o‘zgaruvchanlikka qaramay, yil yakunida biznes vakillarining optimizm darajasi o‘z o‘rniga qaytgan, bu esa o‘z navbatida, kelgusida ham iqtisodiy rivojlanishdagi ijobiy tendensiya davom etishini bildiradi.

Biznesning joriy holati indeksi

Biznes joriy holati indeksi dinamikasi yil davomida keskin o‘zgarishlar bilan shakllanib borgan bo‘lsada, yil yakunida biznesning barcha tarmoqlarida ijobiylik ortishi kuzatilgan.

Biznes joriy holati indeksi yillik o‘rtacha 39 bandni tashkil etib, mazkur ko‘rsatkich qishloq xo‘jaligida 42 band, sanoatda 33 band, qurilishda 38 band va xizmatlar sohasida 40 bandni qayd etgan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, biznesning joriy holatini “yaxshi” deb baholaganlar ulushi yil davomida sentyabrdagi maksimum 45% va iyuldagi minimum 37% qiymatlari oralig‘ida shakllangan. Tarmoqlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich sentyabrda qishloq xo‘jalagi – 49%, eng quyi ko‘rsatkich yanvarda qurilish – 26% sohalarida kuzatilgan.

Biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi

2024 yil davomida biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi yillik o‘rtacha 68 band tashkil etib, yuqori darajada saqlanib qolgan. Mazkur ko‘rsatkich qishloq xo‘jaligida 73 band, sanoatda 66 band, qurilishda 69 band va xizmatlar sohasida 66 bandni qayd etgan.

Yanvar-oktyabr oylari oralg‘ida, kelgusi 3 oyda talab ortishini kutayotganlar ulushi 74% dan 57% gacha pasaygan.

Kelgusida narxlar o‘sishini qayd etganlar ulushi yil davomida apreldagi maksimum va iyuldagi minimum oralig‘ida shakllangan va yillik o‘rtacha 25% tashkil etgan.

Biznesdagi dolzarb muammolar

Yil davomida biznes yuritishdagi to‘siqlar asta-sekin kamayib bordi. Markaz so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning o‘rtacha 54%i biznes yuritishga ma’lum bir to‘siqlar mavjud emasligini ta’kidlaganlar. Xususan, biznesda to‘siqlar yo‘qligini bildirganlar ulushi yanvar-iyul oylarida o‘rtacha 50% bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilning so‘nggi choragida 62%ga yetgan.

Umuman olganda, o‘tgan yilga nisbatan tadbirkorlar duch keladigan bir qator muammolar kamaymoqda. Masalan, moliyalashtirish bo‘yicha muammolar darajasi 15%dan 13%ga; yer olishdagi to‘siqlar 7%dan 4%ga sezilarli darajada kamaydi.

Sanoat tarmog‘ida moliyalashtirish 5%ga, elektr energiya ta’minoti 3%ga va yer olish muammolari 4%ga kamaydi. Mart oyida 24%ga yetgan moliyalashtirish bo‘yicha muammo darajasi oktyabr oyiga kelib 5%gacha tushgan, bu sanoatdagi moliyalashtirish bilan bog‘liq vaziyatning sezilarli yaxshilanishini ko‘rsatmoqda.

Qishloq xo‘jaligida asosiy to‘siq deb eng ko‘p ta’kidlangan muammolardan biri suv ta’minoti yillik o‘rtacha ko‘rsatkichi 10% tashkil etdi. Yil boshida ushbu muammoni 20% respondentlar qayd etgan, yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 6%gacha tushgan. Shunday qilib, vaqtinchalik tebranishlarga qaramay, umumiy tendensiya qishloq xo‘jaligida suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatning asta-sekin yaxshilanganligini ko‘rsatmoqda.

Qurilish sohasi vakillari qolgan tarmoqlarga qaraganda eng ko‘p talabning kamligini asosiy to‘siq sifatida ko‘rsatishgan. Mazkur muammoni qayd etganlar ulushi yil boshida 9% dan mart oyida 2%gacha tushgan bo‘lsa, dekabrda 3% tashkil etgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasi vakillarining 58% biznes yuritishda to‘siqlar mavjud emas deb hisoblashgan, bu 2023 yil darajasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 11% moliyalashtirish, 6% yuqori soliq stavkalarini va 5% elektr energiyasi ta’minoti muammolarini asosiy to‘siq deb ko‘rsatishgan.

Sunnatila Zikrillayev, Bosh ilmiy xodim

Bank-moliya va kapital bozorlari faoliyatini o‘rganish sho‘basi,

tel.: (78) 150 02 02 (411)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi,

tel.: (78) 150 02 02 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar