– Kasb faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? O‘z vazifangizni qanday tushunasiz?
– Ish faoliyatimni 2012 yilda mahallada xotin-qizlar faoli sifatida boshlaganman. 2018-2020 yillarda “Mahalla” jamg‘armasida o‘rinbosar lavozimida ishladim. Keyinchalik faoliyatimni “Shodiyona” MFYda xotin-qizlar faoli lavozimida davom ettirdim. “Mahalla – besh tashabbus beshigi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldim. Yurtboshimiz bilan ko‘rishish baxti nasib etdi, tanlov g‘olibi sifatida menga Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Damas” rusumli avtoulov sovg‘a qilindi. Shundan so‘ng menga katta ishonch bildirilib, “Mash’al” mahallasiga hokim yordamchisi sifatida ishga tayinlandim.
Albatta, qiyinchiliklar ham bo‘lgan. Xonadonma-xonadon yurib, aholi bilan tanishib chiqishga to‘g‘ri kelgan. Yanvar oyida ishga kelganmiz, qish kunlari izg‘irin sovuq bo‘lishiga qaramasdan, ko‘chalarda tadbirlar tashkillashtirib, mahallalarda mikrofon orqali aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar qildik. Ammo bu vaqtinchalik qiyinchiliklar bizning shijoatimizni susaytira olmadi.
– Hokim yordamchisi etib tayinlangandan keyin ishni nimadan boshladingiz? O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida nimalar aniqlandi? O‘tgan vaqt davomida qanday natijalarga erishildi?
– Bu lavozimga 2022 yilning yanvar oyida tayinlanganman. Yangi vazifani bajarishga kirishganimdan so‘ng ishni dastlab mahalladagi aholini xatlovdan o‘tkazishdan boshlaganman. Xatlov o‘tkazish jarayonida aholi yashash punktidagi barcha xonadonlar, ishsizlar, tadbirkorlikka ishtiyoqi bo‘lgan fuqarolar va kambag‘al oilalar soni – hamma-hammasi o‘rganilib, toifalarga ajratib chiqilgan. Shu bilan birga aholining bandligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishsiz aholini bandlikka yo‘naltirish yo‘llari o‘rganib chiqildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida Monomarkazlar bilan hamkorlik o‘rnatildi. Ushbu markazlarda yoshlarni bepul o‘qitish va hududda talabgir kasblarni o‘rgatish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Bugungi kunda mahallamiz aholisi qariyb 8000 nafarni tashkil qiladi. 2022 yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra, ular orasida 540 kishi ishsiz bo‘lib, orasida oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz ham yo‘q emas edi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj, har bir ishsiz fuqaroning muammosi o‘rganilib, tegishli korxona va tashkilotlarda ish bilan ta’minlandi.
Ish faoliyatimizda asosiy e’tiborni mamlakatimizdagi og‘riqli nuqtalardan biri hisoblangan ishsizlik darajasini kamaytirishga qaratamiz. Shu maqsadni amalga oshirish uchun hozirgi kunda eng ommaviy usullardan biri bo‘lgan yoshlarga subsidiya, imtiyozli kreditlar ajratilishidan ham foydalandik. 2022 yilda 12 ta, 2023 yilda 7 ta, 2024 yilda 6 ta tadbirkorlik sub’yektiga imtiyozlar ajratildi. Bu imtiyozlar, asosan, uyda o‘tirgan, uyidan deyarli chiqa olmaydigan, og‘ir toifadagi aholi uchun tikuv mashinalari olib berishga mo‘ljallangan.
Biroq ijtimoiy yordamning bu shaklidan ko‘p foydalanmaslikka harakat qildik. Chunki mening fikrimcha, yoshlarga subsidiyalar ajratilishi, qaysidir ma’noda, ularning o‘z ustida ishlashiga to‘sqinlik qiladi.
– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– “Mash’al” MFY markaz joy bo‘lganligi sababli, xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan. Mahallaning asosiy iqtisodiy drayveri ham xizmat ko‘rsatish sohasi.
Bizning mahallada ham hamma joyda bo‘lganidek, norasmiy ishlab kelayotgan, xufiyona tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan hamda boshqa hududlardan kelib, nolegal ishlayotgan fuqarolar aniqlandi. Ular bilan tushuntirish ishlari olib borildi, ijtimoiy soliqlar to‘lansa, ish staji ketishi haqida tushuncha berildi. Nolegal tadbirkorlik sub’yektlari shu tarzda legallashtirildi.
Hozirgi kunga kelib, mahallamiz ishsizlikdan xoli hududga aylandi, deb bemalol ayta olaman. 2022 yil boshida 176 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2024 yilning oktyabr oyiga kelib, 292 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilindi. Faoliyati batamom to‘xtab qolgan 28 ta tadbirkorlik sub’yektiga imtiyozlar berilib, ish faoliyati tiklandi.
“Mash’al” MFYga yangi iqtisodiy rivojlanish drayverlari jalb qilindi. Masalan, ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismlarida mikroorganik o‘simliklarini yetishtirish kooperatsiyasi tashkil qilindi. Bunda asosan “Yoshlar”, “Ayollar” daftariga kiritilgan xotin-qizlar kasanachilik bilan shug‘ullanishga jalb qilindi.
Mikroko‘kat yetishtirishda urug‘lar bir martalik idishlarda ekiladi, mehnati unchalik og‘ir emas. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan viloyatidan mazkur jarayonni o‘rganish uchun mutaxassislar tashrif buyurishdi. Ularga ham o‘z tajribamizdan kelib chiqib, kooperatsiya tashkil qilib berdik, faoliyatini davom ettirish uchun bilim va ko‘nikmalarimiz bilan bo‘lishdik.
– Mahallangizning joylashuvi, iqtisodiy holati haqida to‘liqroq gapirib bersangiz. Hududda hozirgi paytda qanday dolzarb muammolar mavjud? Sizda ushbu masalalarni hal qilish bo‘yicha konkret reja bormi? Bo‘lsa, unda nima ishlar belgilangan?
– Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy jabhalariga ham e’tibor qaratildi. 2022 yilga qadar hududimizda mahalla idorasining alohida binosi bo‘lmagan. Mahalla faollari ijaradagi binoda ishlab kelishgan. Mahalla uchun davlat-xususiy sheriklik asosida yangi bino barpo etildi. Ushbu binoning birinchi qavati tadbirkorlar faoliyati uchun, ikkinchi qavati esa mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati uchun ajratilgan. Moddiy texnik bazasi esa tadbirkorlar va homiylik mablag‘lari hisobidan shakllantirildi. Natijada, mahallamiz bag‘oyat chiroyli maskanga, namunali mahallaga aylandi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Hududimiz to‘liq obodonlashtirildi. Mahalla yettiligi tashkil etildi. Ko‘p qavatli uylarning atroflariga raisimiz boshchiligida eko-bog‘lar tashkil qilindi.
Boshqa yo‘nalishlarda ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Afsuski, bir paytlar mahalla hududida jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgani sababli, “qizil hudud” sifatida tanilgan. Chunki mahalla shaharning qoq markazida joylashgan bo‘lib, ko‘ngilxushlik maskanlari, jumladan, diskoteka va barlar ko‘p bo‘lgan. Natijada, boshqa joylardan dam olishga kelganlar tomonidan qator huquqbuzarliklar sodir etish holatlari ko‘p uchragan.
Bu holatni bartaraf etish maqsadida Xitoy tajribasiga suyangan holda, “aqlli kamera”lar o‘rnatish ishlari olib borildi. 25 ta joyga kamera o‘rnatildi. Bu kameralar mahallaga kirgan-chiqqan begona fuqarolarni uzoqdan taniy oladi. Mahalla hududi to‘liq kuzatilib, nazorat qilib turiladi. Buning natijasida huquqbuzarlik sodir etish holatlari keskin kamaydi. Hozirgi kunga kelib, mahallamiz jinoyatdan xoli hududga aylangan.
Mahallamiz 130 ta ko‘p qavatli uydan iborat. Xamma uyning birinchi qavati tadbirkorlik sub’yektlariga ajratilgan. Ko‘chalar, yo‘llar, jami 4 km yo‘l asfalt qilindi.
Bir nechta ko‘p qavatli uyning liftlari eskirganligi sababli yangi liftlar qo‘yildi.
Mahallamiz hududida 4 ta ta’mirtalab maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lgan, ular ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Misollar keltiring.
– Migratsiya bo‘yicha ham tizimli ishlab kelinmoqda. Har bitta migrantning hayoti bilan qiziqib, ular bilan onlayn muloqotda bo‘ldik. Mahalla yettiligi rais boshchiligida har bitta ko‘chaga biriktirilib, chetga ketgan yoki ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar bilan shug‘ullandi. Yo‘l xaritasi tuzilib, xarita bo‘yicha faoliyat olib bordik. Xorijga ketgan 86 nafar fuqaroning 70-80 foizi qamrab olindi. Ularni qaytarishga doir chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunga kelib, faqat o‘qiyotgan fuqarolar va 12 nafar ishchi chet davlati hududida. Ishchi guruhlar tashkil qilinib, 86 nafar fuqarodan 42 nafarini vatanga qaytardik va bandligini ta’minladik. Shundan 16 nafarini hududimizdagi korxonalarga ishga joyladik, 6 ta ayolni kooperatsiya asosida “Global tekstil” korxonasi, Beshbola hududidagi sexlarda kasanachilik yo‘nalishida ish bilan band qildik. Endilikda chetda ishlab yurib topgan daromadlarini shu yerda, oila a’zolari bag‘rida bo‘lib turib, topishmoqda.
Boshqa fuqarolarning oylik maoshlari ancha yaxshi bo‘lganligi sababli ularni qaytarishga urinmadik. Ayni paytda ular bilan bevosita aloqada bo‘lib, qaytishlari uchun nimalarga ahamiyat qaratish kerakligini o‘rganyapmiz.
Kishilarda oilasi davrasida bo‘lib turib ishlash, chetda qiynalib topayotgan daromadini ozgina harakat qilsa, o‘z yurtida ham topishi mumkinligiga ishonch uyg‘ondi.
Shu bilan birga, hozirgi kunda eng dolzarb tadbirkorlik yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan logistika bo‘yicha o‘quv markazi tashkil qilinib, u yerda yoshlar o‘qitildi. So‘ng ularni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. Mahalla hududida aynan AQSh yuk tashish kompaniyalari bilan hamkorlik qiladigan logistika markazi tashkil etildi. Bu yerda 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Xususan, migrantlarning 4 nafari shu yo‘nalish bo‘yicha band qilindi. Yangi kasbni egallagan yoshlarimiz oyiga 6 mln so‘mgacha daromad qilishmoqda.
– O‘tgan vaqt davomida mahallada aholini kambag‘allik holatidan chiqarish borasida nima ishlar qilindi? Bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish uchun yana nimalar qilish kerak? Qanaqa moliyaviy yordamlar ajratilishi kerak, qanaqa takliflar kirita olasiz?
– Aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bunda ularga tadbirkorlikni boshlashlari uchun subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. 2024 yilda ajratilgan 5 ta subsidiyaga ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismida chevarxonalar, tadbirkorlik sub’yektlari tashkil qilindi. Subsidiyalar “Yoshlar” daftariga kiritilgan 6 nafar fuqaroga ajratildi.
To‘g‘ri, subsidiya – bu yaxshi imtiyoz. Lekin asosiy e’tiborni ko‘plab ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlarga qaratilishi samaraliroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shundan kelib chiqib, samarali ishlayotgan tadbirkorlik sub’yektlari sonini ko‘paytirish zarur.
Hozirgi kunda kambag‘allik mezoni masalasi ham juda dolzarb bo‘lib turibdi. Tajribamdan kelib chiqib, shu fikrga keldimki, ko‘pchilik, aslida kambag‘al bo‘lmagan fuqarolar ham kambag‘al sifatida ro‘yxatga kirib ketyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yildagi 44-sonli qarori, “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi asosida komissiya tuzilib, 6-bandga binoan, aholining yashash sharoitini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan. Hozirda bu qaror o‘z kuchini yo‘qotgan.
Biroq oxirgi paytlarda, aholining yashash tarzi inobatga olinmasin, 328-sonli mezonga to‘g‘ri kelsa, u kambag‘al aholi qatlamiga kiritiladi, degan qarash ilgari surilyapti va yuqoridagi mezon asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilmoqda.
Ijtimoiy xodimlarning o‘rganishlari natijasida, Ijtimoiy reyestr va kambag‘al oilalar ro‘yxati 2 xil bo‘lib qolyapti. Shuning uchun bu mezonga qandaydir o‘zgartirishlar kiritilsa, yaxshi bo‘lardi. Kuchini yo‘qotgan yuqoridagi qarorga ko‘ra, fuqaro tomonidan onlayn ariza berilgach, yashash sharoiti va olayotgan daromadlari o‘rganilib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Mezon talablariga javob beradigan bo‘lsa, avtomatik ravishda ko‘rib chiqilishi kerak, deb o‘ylayman. Aks holda, aslida kambag‘al bo‘lmagan oilalar ham kambag‘allar toifasiga kirib qolishi mumkin.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Mahalladagi eng asosiy bo‘g‘in bu – hokim yordamchisi. Raisning vazifalari ko‘proq tashqi masalalar bilan shug‘ullanishni taqozo qiladi. Boshqa xodimlar ham hokim yordamchisi bilan chambarchas bog‘liq. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan aholi, xotin-qizlar va yoshlar bilan birga doimiy aloqada, muloqotda bo‘lish lozim. Shu masalalar bilan shug‘ullanadigan barcha xodimlar bir yoqadan bosh chiqarib, birga ishlashi kerak. Ijtimoiy agentlik xodimlarining ishlari yengilroq bo‘lgani uchun ular ko‘proq mahalla hayotiga kirib ishlashi kerak. Hokim yordamchisining vazifasi ularni bog‘lab turib, ishlarni to‘g‘ri olib borishdir.
– Joriy yilda mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor?
– Yil boshida mahalla hududidagi ba’zi joylarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan savollar qo‘yilgan edi, hozirda ular o‘z yechimini topdi. Bundan tashqari, migratsiya masalasiga katta e’tibor qaratildi. Mahalla hududida yangi tadbirkorlik sub’yektlari va mikroloyihalarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. 30 ta mikroloyiha tashkil etish rejaga kiritilgandi, bugungi kunga kelib, bu ko‘rsatkichni 40 tagacha yetkaza oldik.
Bu mikroloyihalardan, masalan, mahalla hududiga xizmat ko‘rsatadigan 4 ta o‘quv markazi, 2 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil qilindi. Tikuvchilik sexlari sonini ko‘paytirdik, hozirgi kunda 25 ta tikuv sexi mavjud. Ularda 5 tadan 20 tagacha ish o‘rni mavjud. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha 4 nafar tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan ishsiz fuqaroga xizmat ko‘rsatish, ya’ni oziq-ovqat do‘konlari va avtoulov yuvishga o‘xshash kichik tadbirkorlik sub’yektlari tashkil qilib berildi. Imtiyozli kreditlar ajratildi.
Shuningdek, xotin-qizlarimiz uchun xizmat ko‘rsatadigan yana bir tadbirkorlik sub’yekti – kosmetologiya xizmatini yo‘lga qo‘yish rejamiz bor.
Mikroorganik o‘simliklar yetishtirish, qadoqlash bo‘yicha yo‘nalishni kengaytiryapmiz. Uni sanoatga aylantirishni niyat qilganmiz. Respublika bo‘yicha yetkazib berishni yo‘lga qo‘yganmiz. Qo‘shni davlatlar Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlariga ham yetkazib berish xizmatini tashkil qildik.
Muhtaram Prezidentimizning Farg‘ona viloyati hududini qo‘ziqorinchilikka ixtisoslashtirishga qaratilgan tashabbuslari bilan, Sayxunobod tajribasi asosida tadbirkorlarimiz tomonidan shahardagi yetishtirilgan qo‘ziqorinlarni quritib, qo‘ziqorin unini ishlab chiqarish, ularni eksportga chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun maxsus uskunalar olib kelindi.
Shuni ishonch bilan ayta olamanki, xalqimiz orasida tushuntirish ishlari to‘g‘ri olib borilsa, islohotlarning mohiyati kishilar ongiga yetib borsa, mahallalarda, albatta, rivojlanish bo‘ladi. Bunga “Mash’al” mahallasini misol qilib keltira olaman.
Ishlagan sari tajriba oshaveradi. Buni o‘zim misolimda ko‘rdim. Hozirga qadar qo‘yilgan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishib kelyapmiz. Xalq bizni tanidi, tashkilotlar rahbarlari bizga ishonch bildirmoqda Aholini muammolariga qo‘ldan kelgancha yechim topyapmiz. Eng muhimi, xalq – mamnun!
Izoh qoldirish