Respublika ishchi guruhi o‘zi faoliyatini davom ettirmoqda

Respublika ishchi guruhi o‘zi faoliyatini davom ettirmoqda

Ishchi guruhlar aholi muammolarini o‘rganish va hal etish, bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, migratsiyadagi fuqarolar bilan ishlash kabi qator masalalar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Xorazm viloyatlarida faoliyat yuritmoqda.

Xususan, 20-23 yanvar kunlari davomida ushbu hududlarda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “O‘zsuvta’minot” AJ, “Hududgazta’minot” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbarlari va mas’ullari ishtirokida 200 ga yaqin sayyor qabullar o‘tkazilib, unda 3 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushdi. Ularning 1,3 minggi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan qismi qo‘shimcha o‘rganish talab etganligi sababli mas’ullar tomonidan nazoratga olindi.

Shu bilan bir qatorda, Respublika ishchi guruhi vakillari aholi orasida ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida joylardagi holatni mahallabay o‘rganib, qator amaliy ishlar olib borildi.

Jumladan, ishsizlik va kambag‘allik darajasi yuqori hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir, chegara va olis hududlarda joylashgan jami 511 ta mahallada mehnat yarmarkalari o‘tkazildi va ularda 4 mingga yaqin ishsiz fuqarolar bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi.

Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 834 ta loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari bilan hamkorlikda 46 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada 1.8 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlanadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Xorazm viloyatlarida xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan 20 mingga yaqin fuqarolar bilan “mahalla yettiliklari”, sektor rahbarlari ishtirokida on-layn muloqotlar o‘tkazilib, kam daromad ko‘rayotgan migrantlarga qaytib kelsa, ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Suhbatlar natijasi bo‘yicha 169 nafari qaytish istagini bildirdi va ular alohida anzoratga olindi.

Aholi turmush sharoitini, ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida 16 ta mahallada jami 7,5 km yo‘l asfaltlashtirildi, 8,7 km yo‘llar shag‘allashtirildi, 200 ta mahallada jami 208,1 km uzunlikdagi elektr tarmog‘i hamda 157 ta transformator ta’mirlandi, 226 tasi texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

Elektr energiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan 289 ta, xonadonlarni tabiiy gaz bilan ta’minlashga doir 601 ta, ko‘mir yoqilg‘isi bilan bog‘liq 268 ta muammo bartaraf etildi, 160 ta mahallada gaz bosimi me’yoriga keltirildi va 560 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, 59 517 ta suyultirilgan gaz ballonlar tarqatildi. 45 ta mahallaga 35 dona transformator va 363 dona temir-beton ustun o‘rnatilib 8,6 km elektr uzatish tarmog‘i tortildi.

Bundan tashqari, hududdagi maktab, bog‘cha va oilaviy poliklinikalarda issiqlik tizimlari ko‘zdan kechirilib, issiqlik tizimini barqarorlashtirish bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik asosida biriktirilgan tadbirkorga hamda kasb-hunarga o‘rgatiladigan sinfxonalari bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga takliflar berildi.

Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida chegara va eng olis hududlardagi 268 ta mahallada fuqarolar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi va ularda jami 40 mingga yaqin aholi ishtirok etdi. Natijada, 584 nafariga statsionar sharoitda davolanishga yo‘llanmalar hamda 13 911 nafari bepul dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, 579 nafariga statsionar sharoitda davolanishga yotqizildi va 94 nafariga davolanish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga yo‘llanmalar berildi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar