2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish Milliy strategiyasi tasdiqlandi.
Milliy strategiyaning bosh maqsadi aholining barcha qatlamlari va kichik biznes sub’yektlari uchun arzon va yuqori sifatli moliyaviy mahsulotlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan dinamik, innovatsion va inklyuziv moliya tizimini yaratishdan iborat.
Milliy strategiya 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda bank-moliya tizimida bir qator islohotlar amalga oshirilganiga qaramay, ayrim jihatlari moliyaviy xizmatlar ommabopligi darajasining jadal sur’atlarda o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Xususan,
- mamlakat bank-moliya sektorining davlatning iqtisodiyotga aralashuvi yuqori darajada ekanligi, bank sektorining ustun mavqei va normativ-huquqiy bazadagi kamchiliklar sohada raqobat va innovatsiyalarni cheklamoqda;
- moliyaviy texnologik (fintex) kompaniyalar, nobank kredit tashkilotlari, shu jumladan mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va lizing kompaniyalari yetarli darajada rivojlanmaganligi sababli ular banklarga raqobatchi bo‘la olmayapti;
- xarajatlarni optimallashtirish, moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar sifatini yaxshilash hamda ularning qamrovini oshirishda zamonaviy texnologiya yutuqlaridan yetarli darajada foydalanilmayapti;
- moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan choralarda asosan iste’molchilar manfaatlari ko‘zlanib, xizmat ko‘rsatuvchilarning iqtisodiy manfaatdorligiga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.
Milliy strategiyaga ko‘ra, 2023 yilgacha tijorat banklarining ayrim xizmatlari agentlik shartnomasi asosida uchinchi shaxs tomonidan ko‘rsatiladi.
Sinov tariqasida Aloqabank plastik kartalarini O‘zbekiston pochtasi orqali mijozga yetkazib berish, kredit hujjatlarini rasmiylashtirish kabilar amalga oshiriladi. Shuningdek, omonatlar jozibadorligi, naqd pulsiz hisob-kitob shakllarining keng qo‘llanilishi, kliring tizimining rivojlanishiga imkon yaratiladi.
Izoh qoldirish