Oliy Majlis Senati Axborot xizmatining xabar qilishicha, bugun, 15 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi o‘tkazildi.
Yalpi Majlisda “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni muhokama etildi va Senat a’zolari tomonidan mazkur Qonun ma’qullandi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023 – 2024 yillar uchun byudjet mo‘ljallari belgilanmoqda.
Asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligi va natijadorligi hamda iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyalar jalb etuvchanlik va ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan soliq siyosatini tatbiq etish maqsadlariga qaratilgan.
Shuningdek, Qonunni ishlab chiqishda 2022-2026 yillardagi soliq va byudjet siyosatining ijtimoiy yo‘naltirilganini ta’minlash, “natijaga qaratilgan byudjet” tizimini joriy etishga va byudjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish tamoyillariga qat’iy rioya qilingan.
Qonunda soliq siyosatiga muhim o‘zgarishlar kiritilgan. Bunda yalpi ichki mahsulotda salmoqli ulushga ega ishlab chiqarish sohalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish nazarda tutilgan.
Jumladan, 2022 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari 6,0 foizni, shu jumladan, sanoatda 7,0 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori 2022 yil uchun yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilanmoqda.
Bunda byudjet taqchilligining cheklangan miqdoridan oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar faqatgina qo‘shimcha daromad manbai mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Inflyasiya darajasining pasayishi tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda u 9 % atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Qonun bilan birinchi darajali byudjet mablag‘lari taqsimlovchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan mablag‘ oluvchi quyi tashkilotlarga o‘zlariga ajratilgan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarining 10 foizgacha qismini Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yo‘naltirishga haqli ekanligi belgilanmoqda.
Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik davlat dasturlarini hamda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga doir loyihalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chet el manbalaridan grant asosida ajratilgan mablag‘larning birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun ajratilishi belgilangan miqdorlarini ushbu Qonunga o‘zgartirish kiritmasdan ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.
2022 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti daromadlari 199,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida belgilanmoqda.
Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trln so‘m, xarajatlari esa 58,7 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga 46,9 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trln so‘m, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trln so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trln so‘m yo‘naltirish belgilanmoqda.
Qonun bilan ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetidan moliyalashtirish tartibi joriy qilinmoqda.
Yana bir muhim jihat. Byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatlari yanada kengaytirilishi munosabati bilan mamlakatimizning barcha tumanlarida (shaharlarida) tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.
Jumladan, Qonunda ochiq byudjet, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 1 trln 553 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ nazarda tutilgan.
Senatorlar ta’kidlaganidek, Davlat byudjeti mablag‘laridan adolatli hamda maqsadli foydalanish ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim.
Izoh qoldirish