Prezidentning 30.12.2021 yildagi «O‘zbekiston Respublikasining «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
«2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:
- 2022 yilda ikkinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlari;
- 2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari aylanma kassa mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdorlari;
- 2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlari prognozi;
- Foyda solig‘i to‘liqligicha O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetiga yo‘naltiriladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati.
2022 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari quyidagicha taqsimlanadi:
a) byudjet tashkilotlari bo‘yicha:
- byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga – 99,2%;
- Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga va Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasiga – 0,4%;
- O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga – 0,4%;
b) boshqa to‘lovchilar bo‘yicha:
- byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga – 98,4%;
- Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga va Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasiga – 0,8%;
- O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga – 0,8%.
Bundan tashqari, 2022 yil uchun quyidagi soliq stavkalari:
a) «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ uchun:
- foyda solig‘i rentabellik darajasidan kelib chiqqan holda (qarorga 5-ilova);
- oltin bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 10% va palladiy, kumush, mis bo‘yicha 15% miqdorida belgilansin. Bunda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bazasi ishlov berish (boyitish), qayta ishlash (affinaj) va tashish xarajatlarini chegirmagan holda aniqlanadi;
b) «O‘zbekneftgaz» AJ uchun neft, tabiiy gaz va gaz kondensati bo‘yicha 15% miqdorida tasdiqlandi.
Oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im 1 grammiga 1 000 so‘m miqdorida saqlab qolindi.
Belgilanishicha, jismoniy shaxslarga ular tomonidan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida amalga oshirilgan xarid summasining 1%i miqdoridagi to‘lovlar respublika byudjeti daromadlari qismida QQSni qaytarishga rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, quyidagilar tasdiqlandi:
- 2022 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxati;
- 40 ta birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning 2022-2024 yillar uchun byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari.
Shu bilan birga quyidagilar belgilandi:
- 2022 yil 1 iyundan boshlab tajriba tariqasida, bosqichma-bosqich yil yakuniga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi barcha unitar korxonalarga faqat Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan xizmat ko‘rsatiladi;
- Moliya vazirligi G‘aznachiligiga o‘tkazilgan unitar korxonalarning bo‘sh mablag‘lari tijorat banklari depozitlariga Moliya vazirligi G‘aznachiligiga buyurtmanoma taqdim etish orqali joylashtiriladi;
- 2022 yilgacha davlat unitar korxonalari bo‘sh mablag‘larining tijorat banklari depozitlariga joylashtirilgan milliy valyutadagi mablag‘lari depozitlar muddati tugagandan so‘ng, ularning muddati uzaytirilmasdan tegishli g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
2022 yilda soliq yukining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagilar belgilandi:
- jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (tadbirkorlik faoliyatida foydalanadigan yer uchastkalaridan tashqari) summasi 2021 yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim;
- 2018 yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i summasi 2021 yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim.
Bundan tashqari, soliq to‘lovchilarga quyidagi huquqlar beriladi:
- 2022 yil 1 fevralga qadar 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ko‘chmas mulk ob’yektlariga bir kvadrat metr minimal qiymat miqdorini hisobga olmagan holda taqdim etish;
- 2022 yil 1 aprelga qadar kadastr organlarida ko‘chmas mulk ob’yektlari maydonlarini taqqoslashni amalga oshirish, 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan ma’lumotnomani penya hisoblash ko‘rinishidagi javobgarlik chorasi qo‘llanilmagan holda taqdim etish;
- 2022 yil 1 oktyabrga qadar ko‘chmas mulk qiymatini baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda mustaqil baholashni o‘tkazish va 2022 yil uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to‘g‘risida aniqlashtirilgan ma’lumotnoma va baholash hisobotini soliq organlariga taqdim etish. Bunda ko‘chmas mulk ob’yektlarini mustaqil baholash o‘tkazish rejalashtirilganligi to‘g‘risida 2022 yil 1 aprelga qadar soliq organlarini xabardor qilish shart;
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlarini 2022 yil 1 fevralga qadar taqdim etish.
Izoh qoldirish