Joriy yil 13 noyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov va Osiyo Taraqqiyot Banki Prezidenti T. Nakao o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tib, o‘zaro hamkorlikning bugungi kundagi holati va uni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Bu haqida vazirlikning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muloqot chog‘ida Osiyo mintaqasining rivojlanayotgan mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlashda bankning roli, xususan O‘zbekistondagi ishtirokining ko‘lami ta’kidlandi – OTB yirik sanoat, infratuzilma va ijtimoiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi strategik hamkor bo‘lib kelgan va bo‘lib qolmoqda.
T. Nakao, o‘z navbatida, O‘zbekistonning jadal o‘zgarish jarayonlari ham mamlakatni rivojlantirish, ham mintaqaning iqtisodiy sohasidagi mavqeini mustahkamlash uchun katta imkoniyatlarni ochib berishini ta’kidlab o‘tib, 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat Hamkorlik strategiyasida mustahkamlangan hamkorlikni tizimlashtirishni olqishlashini ma’lum qildi.Shu bilan birga, u barqaror rivojlanishning majburiy omillari sifatida makroiqtisodiy barqarorlik, infratuzilma va malakali kadrlar mavjud bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishda davlatning rolini kamaytirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida, davlat organlari faoliyatini takomillashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuqori baholandi – bu kabi amaliyot o‘zini Janubiy Osiyoning qator mamlakatlarida muvaffaqiyatli namoyon qilgan.
OTB prezidenti O‘zbekiston bilan munosabatlarning uzoq muddatli istiqbollari haqida gapirar ekan, qo‘shimcha investitsiya resurslarini taqdim etish orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘zgarishlarni kompleks qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zaro manfaatlar doirasini davom ettirish va kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv resurslarini boshqarish va moliya sektori bugungi kunda mavjud salohiyatni qamrab olmasligi ta’kidlab o‘tilib, shu sababdan, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi.
Joriy yil yakuniga qadar maqqullanishi kutilayotgan va qiymati 500 million dollarga teng bo‘lgan iqtisodiy tartibga solish va ipoteka krediti bozorini rivojlantirish sohasidagi loyihalardan tashqari, kelgusida loyihalar portfelni yanada kengaytirish uchun yangi yo‘nalishlar alohida ko‘rib chiqildi va hamkorlikning tasdiqlangan dasturlari doirasida amaliy choralar muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida energetika sohasining investitsiya va sanoat salohiyati, sohada olib borilayotgan islohotlar hamda mazkur sektorni uzoq muddatli barqaror rivojlanishini ta’minlashga imkon beradigan energiya manbalarini diversifikatsiyalash va innovatsion texnologiyalarni joriy etishni ko‘zda tutuvchi amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Izoh qoldirish