Infografika: Jizzax viloyatida 2025 yilning 9 oyida barqaror iqtisodiy o‘sish qayd etildi

Infografika: Jizzax viloyatida 2025 yilning 9 oyida barqaror iqtisodiy o‘sish qayd etildi

2025 yilning 9 oyi davomida Jizzax viloyati iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yilning 9 oyi davomida deyarli barcha yirik tarmoqlarda ijobiy dinamika kuzatildi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 37,8 trln so‘mni tashkil etib, 8,8 foizlik o‘sishga erishdi – ushbu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori natija hisoblanadi.

Viloyat iqtisodiyotining asosiy drayverlari sanalmish sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalari mos ravishda 14,1 foizdan o‘sish qayd etdi. Sanoatda 26,8 trln so‘mlik, qishloq xo‘jaligida esa 24,6 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Xizmat ko‘rsatish sohasi ham sezilarli faollashib, 16,9 trln so‘mlik hajm bilan 14,5 foiz o‘sishni qayd etdi. Chakana savdo aylanmasi 8,5 trln so‘mga yetdi va 8,9 foizga oshib, aholi iste’mol faolligining ortib borayotganini ko‘rsatdi.

Qurilish sohasi 17,3 foizlik o‘sish bilan eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylandi, bu soha hajmi 5,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar esa 18,7 trln so‘mga teng bo‘lib, 2,1 foizlik o‘sayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, tashqi savdo ayirboshlashida pasayish kuzatildi: eksport 121,4 mln dollargacha tushib, 20,3 foizga kamaydi, import esa 1 167 mln dollar atrofida bo‘lib, 20,5 foizga pasaydi.

Shuningdek, iste’mol narxlari indeksi 100,6 foiz atrofida saqlanib, inflyasiya past darajada ekanini va makroiqtisodiy vaziyat barqarorligini ko‘rsatdi.

Umuman olganda, Jizzax viloyati 2025 yilning 9 oyida iqtisodiyotning asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishda yuqori sur’atlarni namoyon etdi. Ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sektoridagi o‘sish viloyat iqtisodiy salohiyatining ortganini tasdiqlaydi.

Raximov Feruz
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar