Avtokredit yoki sotib olish sharti bilan ijara – qaysi biri afzal?

Avtokredit yoki sotib olish sharti bilan ijara – qaysi biri afzal?

Istalgan shartnomani tuzishdan oldin, uning nozik jihatlariga e’tibor qaratish lozim. Qaysi usul qulay va to‘g‘ri? Qanday qilib firibgarlar hiyla-nayranglariga tushib qolmaslik kerak?

Norma.uz savollariga Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bosh mutaxassisi Shohboz Zaripov javob berdi.

- Kredit va avtomobilni ijaraga olish shartnomalari qanday shartlarda tuziladi?

- Tijorat banklaridan avtomashina uchun kredit kreditlar bitta shartnoma asosida avtotransport vositasini odatda rasmiy diller orqali birlamchi bozordan sotib olish uchun sharti bilan taqdim etiladi. Bunda aksariyat hollarda garov sifatida sotib olinayotgan avtomashina qabul qilinadi va asosiy ish joyi bo‘yicha jismoniy shaxsning barqaror daromadi kafolatlanishi majburiy hisoblanadi. Bundan tashqari, sug‘urta polisi talab etiladi.

Keyinchalik sotib olish sharti bilan avtotransport vositasini ijaraga olishda har bir kompaniyaning o‘z talablari bo‘lishini e’tiborga olish lozim. Biroq istalgan shartnomada uchraydigan bazaviy shartlar ham mavjud.

Keyinchalik sotib olish sharti bilan avtotransport vositasini ijaraga olish ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlab bo‘nak to‘lovi amalga oshirilganligi to‘g‘risida shartnoma tuziladi, so‘ngra keyinchalik sotib olish sharti bilan ijara shartnomasi imzolanadi.

Shuni ham hisobga olish lozimki, agar ijaraga olinayotgan avtomashina markasi topilmasa, iste’molchi xizmat ko‘rsatayotgan korxona tomonidan taqdim etiladigan uchta variantdan birini tanlashga majbur. Agar iste’molchiga taklif qilingan variantlar yoqmasa, u pulni qaytarib olishga, faqatgina 40-60 ish kuni o‘tganidan so‘ng haqli hisoblanadi. Umuman olganda, korxonaning siz xohlagan avtomashinani qidirishga yana 120 kun, jami 180 kungacha muddat kerak bo‘ladi.

Yana bir muhim shart: dastlab shartnomada taklif qilingan transport vositasi taqdim etilmasa, ijaraga beruvchi hech qanday majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi.

Shuningdek bo‘nak to‘lovi shartnomasi va sotib olish sharti bilan ijara shartnomasi korxona tomonidan 5 daqiqa ichida notarial tasdiqlanmasdan va boshqa hujjatlar talab qilinmasdan tuziladi.

Birinchi holatda bank bilan shartnoma tuzgan iste’molchi avtomashina egasiga aylanadi, ikkinchi holatda iste’molchi ijarachi hisoblanadi va avtomashinaga egalik huquqi unga tegishli bo‘lmaydi, ustiga-ustak, korxonadan har oyda transport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma rasmiylashtirilishi lozim.

- Shartnoma shartlarini bajarish yuzasidan monitoring qanday o‘tkaziladi?

- Bank ham, korxona ham ijarachi/ijaraga beruvchi tomonidan avtotransport vositasidan maqsadli foydalanilayotganligini tekshirish huquqiga ega.

Biroq keyinchalik sotib olish huquqi bilan avtomashinani ijaraga olishda, ijarachi ijaraga beruvchining birinchi chaqirig‘iga binoan avtomashinani monitoring qilish uchun olib kelishga majbur. Bunda avtomashinani olib kelishning iloji bo‘lmasa, ijaraga beruvchi ijarachiga jarima qo‘llashi va hattoki to‘langan mablag‘larni qaytarmagan holda, shartnomani bir tomonlama bekor qilishi mumkin.

- Bunday holatlarda qanday qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishi mumkin?

- Ikkala holatda ham ma’lum qo‘shimcha xarajatlar mavjud. Misol uchun, bank kreditini olishda sug‘urta polisini rasmiylashtirishingiz kerak bo‘ladi. Bo‘nak to‘lovi shartnomasiga binoan esa ijaraga oluvchi lizing olish uchun hujjatlarni yig‘ish, tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun transport vositasi umumiy qiymatining 10% miqdorida bo‘nak to‘lashi lozim.

Bundan tashqari, avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qo‘shimcha xarajatlarga ma’lumotnoma, texnik pasport, davlat raqam belgisi, texnik ko‘rik, bank vositachilik to‘lovi kiradi, ular alohida to‘lanadi.

- Shartnomalarda qanday moliyaviy sanksiyalar nazarda tutiladi?

- Avtokredit shartnomasiga ko‘ra, kreditni to‘lash muddati kechikkan va muddati o‘tgan qarz yuzaga kelgan taqdirda foiz stavkasi oshiriladi (har bir bank o‘z foiz stavkasiga ega).

Avtomashinani keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olish shartnomasiga ko‘ra bunday hollarda bir nechta sanksiyalar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan: ijaraga oluvchi tomonidan ijara haqini o‘z vaqtida yoki to‘liq to‘lamaslik uchun har bir kechikkan kun hisobida sanksiya, shuningdek avtotransport vositasini ijaraga beruvchining talabiga binoan monitoring qilishga o‘z vaqtida olib kelmaganlik uchun sanksiyalar.

Shartnomaning yana bir sharti – ijaraga oluvchi to‘lovni to‘lash uchun ijaraga beruvchining oldiga kelishning imkoni bo‘lmasa, to‘lovni olish uchun yuborilgan xodimlar xizmat safari xarajatlari ham ijaraga oluvchi hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan. Iste’molchi belgilangan muddatda to‘lovni to‘lamagan, shuningdek avtomobilni monitoringa taqdim etmagan taqdirda, navbatdagi «jarima»ni to‘lash to‘g‘risidagi talabnoma beriladi.

- Turli xil sabablarga ko‘ra moliyaviy ahvoli va to‘lov qobiliyati yomonlashgan iste’molchi shartnoma shartlarini bajara olmagan taqdirda uni nimalar kutishi mumkin?

- Avtokredit bo‘yicha shartnoma tuzilgan taqdirda, bank tomonidan garov sifatida qo‘yilgan mol-mulk (shu jumladan olingan avtotransport vositasi) sotuvga qo‘yilib, qarz miqdori qoplanadi, avtomobil sotilgandan keyin joriy qarz va avtomobil narxi o‘rtasidagi farq, ya’ni qolgan mablag‘ iste’molchiga qaytariladi.

Sotib olish sharti bilan avtomashina ijaraga olingan taqdirda, transport vositasi olib qo‘yiladi va iste’molchiga avval to‘lagan pul mablag‘lari qaytarilmaydi.

Turli kompaniyalar bilan (banklar emas) ish olib borishda dastlab hech qanday xavf yo‘qdek va aksincha, bunda qulay shartlar taqdim etilgandek tuyulishi mumkin. Siz bankka kredit so‘rab murojaat qilishingiz, uning berilishini kutishingiz va yuqori foiz to‘lashingiz shart emas. To‘lovlarni 36 oyga (3 yil) taqsimlashning o‘zi kifoyadek. Biroq, mazkur korxonalar taqdim etayotgan shartlar ostida sizga ko‘rinmayotgan va pirovardida ortiqcha mablag‘ sarflanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator yashirin talablar mavjudligini yodda tutish lozim.

Shu bois iste’molchi shartnoma shartlari, undagi tomonlarning javobgarligini diqqat bilan o‘rganib chiqishi lozim. O‘z moliyaviy xatarlarini minimallashtirib, istalgan kelishuvdan samarali foydalanish mumkin. Agar ushbu sohada fuqaroning iste’molchilik huquq va manfaatlari buzilgan bo‘lsa, u holda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga 1159 ishonch telefoni orqali, shuningdek https://consumer.uz/ veb-sayti orqali murojaat qilish mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar