Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini dekarbonizatsiya qilishning uzoq muddatli ssenariylariga oid tadqiqotni taqdim etdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini dekarbonizatsiya qilishning uzoq muddatli ssenariylariga oid tadqiqotni taqdim etdi

“Barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishning uzoq muddatli ssenariylari” mavzusidagi sessiya doirasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda qishloq va o‘rmon xo‘jaligi hamda yerdan foydalanish sohalarida 2070 yilgacha dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha tadqiqot natijalarini taqdim etdi (AFOLU).

Markaz sektor mudiri Abdurashid Bozorov tadqiqotning asosiy xulosalari bilan tanishtirdi. Ekspertlar muhokamasida Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) hamda Barqaror rivojlanish va xalqaro munosabatlar instituti (IDDRI) vakillari ishtirok etdi.

Markaz baholashlariga ko‘ra, O‘zbekistonda issiqxona gazlari umumiy chiqindilarining 17,5 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda agrar sektor chiqindilarining qariyb uchdan ikki qismini metan tashkil etadi va uning asosiy manbai chorvachilik hisoblanadi.

Tadqiqotda 2017–2025 yillarda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan islohotlarning ijobiy natijalari qayd etilgan. Ushbu davrda don ekinlari hosildorligi 48 foizga, paxta xomashyosi hosildorligi 71 foizga oshgan. Suv olish hajmi 22 foizga qisqargan, suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilayotgan maydon esa 2,6 mln gektarga yetgan.

Shu bilan birga, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish imkoniyatlari saqlanib qolmoqda. Xususan, sug‘orish suvining 37 foizi kanallarda yo‘qotilmoqda, sug‘oriladigan yerlarning qariyb yarmi esa sho‘rlanishga uchragan.

Markaz ekspertlari 2070 yilgacha sohani rivojlantirishning uchta ssenariysini ishlab chiqdi. Ular mavjud tendensiyalarning saqlanishi, amaldagi davlat dasturlarining bajarilishi hamda mahsuldorlikni oshirish va issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Modellashtirish natijalari chorvachilik mahsuldorligini oshirish, o‘g‘itlardan oqilona foydalanish, yaylovlarni tiklash va o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish hisobiga issiqxona gazlari chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Tadqiqotda iqlim maqsadlarining oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligi bilan o‘zaro bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratilgan. Chorvachilik mahsuldorligini oshirish yaylovlar va tabiiy resurslarga tushadigan yuklamani kamaytirgan holda mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish imkonini beradi.

Tadqiqot yakunlari bo‘yicha Markaz tomonidan suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, oziq-ovqat yo‘qotishlarini qisqartirish hamda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar taklif etildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahliliy guruhi (Xurshed Asadov, Abdurashid Bozorov, Baxtiyor Ismailov va Alisher Xolmurzayev) tomonidan taqdim etilgan natijalar O‘zbekiston agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollari yuzasidan ekspertlar muhokamasiga asos bo‘ldi.

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar