O‘zbekistonda biznes raqamlashtirishdan texnologik yangilanishga o‘tmoqda

O‘zbekistonda biznes raqamlashtirishdan texnologik yangilanishga o‘tmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Savdo-sanoat palatasi (SSP) bilan hamkorlikda mamlakatning barcha hududlaridan 5 mingdan ortiq tadbirkor o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Tadqiqot biznes yuritish sharoitlari va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari samaradorligini baholash, shuningdek, ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.

So‘rov ishtirokchilarining asosiy qismini xususiy biznes vakillari (93%) tashkil etdi. Faoliyat turlari bo‘yicha ulgurji va chakana savdo eng katta ulushga ega (43%), xizmatlar sohasiga qariyb uchdan bir qismi (30%) to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda sanoat (17%), qurilish (8%), qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi (2%) turadi.

Tanlanma turli faoliyat tajribasiga ega korxonalarni qamrab olgan. Qariyb har to‘rtinchi korxona 10 yildan ortiq (24%), to‘rtdan biridan ko‘prog‘i 5 yildan 10 yilgacha (28%), qariyb to‘rtdan biri 3 yildan 5 yilgacha (26%), har beshinchi korxona esa 1 yildan 3 yilgacha (20%) faoliyat yuritmoqda.

Korxonalar samaradorligini oshirish tahlili

So‘rov natijalari korxonalar samaradorlikni oshirish uchun turli vositalardan foydalanayotganini ko‘rsatmoqda. Har uchinchi korxona bir nechta raqamli yechimlarni joriy etgan (33%), shunga yaqin qismi sun’iy intellektdan kamida ikki yo‘nalishda foydalanmoqda (30,4%), qariyb har to‘rtinchi korxona energiya tejamkor yechimlarni qo‘llamoqda (23,2%). Shu bilan birga, korxonalar yangi mahsulot va texnologiyalarni joriy etmoqda, tannarxni pasaytirish maqsadida ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Kompleks choralarni qo‘llash korxonalar faoliyatining yuqoriroq natijalari bilan bog‘liq. Samaradorlikni oshirish bo‘yicha kamida uchta chorani joriy etgan kompaniyalarning yarmidan ko‘pi mahsulot va xizmatlarga talab oshganini qayd etgan (54,1%). Bunday korxonalar tannarxni 4,1 barobar ko‘proq holatda pasaytirishga erishmoqda, ish haqi 10%dan ortiq oshgan kompaniyalar ulushi esa 2,1 barobar yuqori.

Samaradorlikni oshirish bo‘yicha kamida uchta chorani joriy etgan korxonalar yuqoriroq investitsiya faolligini ham namoyon etmoqda. Ularning yarmidan ko‘pi kelgusi yil investitsiya hajmini oshirishni rejalashtirgan (57,8%).

Shu bilan birga, samaradorlikni oshirish vositalarini kompleks qo‘llash hozircha keng tarqalmagan. Uch va undan ortiq chorani taxminan har to‘qqizinchi korxona joriy etgan (11,6%), to‘rtdan biridan ko‘prog‘i esa ko‘rib chiqilgan choralarning birortasini ham qo‘llamagan (28,5%).

Tarmoqlar kesimida uch va undan ortiq chora sanoat va xizmatlar sohasidagi korxonalarda ko‘proq uchraydi (har ikkisida 13%), savdoda 11%, qurilishda 9% va qishloq xo‘jaligida 8%ni tashkil etadi.

Hududlar kesimida farqlar yanada sezilarli. Kompleks choralar Toshkent shahrida eng keng qo‘llanmoqda (18%), Samarqand (4%), Buxoro (3%) va Sirdaryo (2%) viloyatlarida esa ko‘rsatkichlar ancha past.

Korxonalarning raqamli rivojlanishi tahlili

So‘rov natijalari korxonalar orasida bazaviy raqamli yechimlar keng tarqalganini ko‘rsatmoqda (94%).

Sun’iy intellektdan u yoki bu shaklda korxonalarning yarmidan ko‘pi foydalanmoqda (60%). Sun’iy intellekt marketing va savdoda (24%), ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishda (15%), buxgalteriya hisobi va moliyaviy tahlilda (14%), shuningdek, chat-botlarda (13%) ko‘proq qo‘llanmoqda.

Shu bilan birga, bevosita ishlab chiqarish, logistika va moliyaviy jarayonlarda sun’iy intellektdan korxonalarning qariyb uchdan biri (31%) foydalanmoqda. Bu uni amaliyotga yanada keng joriy etish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi.

Qariyb har ikkinchi korxona savdo va mijozlar bilan ishlashni tashkil etishda mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish tizimlaridan (CRM) foydalanmoqda (48%). CRM tizimlari xizmatlar sohasida eng keng qo‘llanadi (54%). Raqamli biznes-tahlil vositalaridan esa har yettinchi korxona foydalanmoqda (14%). Xususiy korxonalarning qariyb yarmi bunday tizimlardan foydalanmaydi, to‘rtdan biridan ko‘prog‘i esa bunday raqamli yechimlar haqida ma’lumotga ega emas.

Ijtimoiy tarmoqlar har beshta korxonaning to‘rttasidan ko‘prog‘i uchun mahsulotni ilgari surish va mijozlar bilan ishlashning odatiy kanaliga aylangan (80,9%). Onlayn-savdo korxonalarning yarmidan ko‘pida yo‘lga qo‘yilgan (58,8%), biroq mahsulotining yarmidan ko‘pini internet orqali sotadigan korxonalar ulushi hali ham past (9%). Raqamli to‘lov tizimlaridan har to‘rtinchi korxona foydalanmoqda (25%).

Tarmoqlar kesimi raqamli vositalardan foydalanish xususiyatlarida farqlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Xizmatlar sohasida CRM tizimlari eng keng qo‘llanmoqda (54%). Shuningdek, boshqa tarmoqlarga nisbatan sun’iy intellekt (68%), onlayn-savdo (67%) va ijtimoiy tarmoqlardan (87%) foydalanish yuqori.

Sanoatda CRM tizimlari (49%) va sun’iy intellekt (60%), shuningdek, onlayn-savdo (61%) va ijtimoiy tarmoqlar (81%) keng tarqalgan.

Savdoda raqamli to‘lov tizimlaridan foydalanish nisbatan yuqori (31%). Korxonalarning yarmidan ko‘pi sun’iy intellekt (55%) va onlayn-savdodan (54%) foydalanadi, ijtimoiy tarmoqlarni esa korxonalarning to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i qo‘llaydi (77%).

Qurilishda ijtimoiy tarmoqlar eng keng qo‘llanmoqda (80%). Korxonalarning yarmidan ko‘pi sun’iy intellekt (55%) va onlayn-savdodan (51%) foydalanadi, CRM tizimlarini esa 43% korxona qo‘llaydi.

Qishloq xo‘jaligida raqamli to‘lov tizimlari nisbatan keng tarqalgan (30%). Shu bilan birga, korxonalarning 43%i sun’iy intellektdan foydalanadi, 49%ida onlayn-savdo yo‘lga qo‘yilgan, 66%i ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi.

Korxonalar samaradorligini yanada oshirish yo‘nalishlari

Tadqiqot natijalari korxonalar samaradorligini yanada oshirish imkoniyatlari zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv yechimlarini kengroq joriy etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va avtomatlashtirish, raqamli savdo kanallarini rivojlantirish hamda energiya samaradorligini oshirish bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda.

Bunday vositalarni kompleks qo‘llayotgan korxonalarning yuqoriroq natijalari ularni izchil joriy etish mehnat unumdorligi va investitsiya faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Alohida yo‘nalish korxonalarni texnologik yangilash bilan bog‘liq. So‘rov natijalari yangi mahsulot va texnologiyalarni joriy etish, talabning o‘sishi va investitsiya faolligi o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, korxonalarning yarmi (51%) modernizatsiya, yangi mahsulot, xizmat va innovatsiyalarni joriy etish hisobiga keyingi texnologik yangilanish uchun imkoniyatlarni saqlab qolmoqda.

Raqamli yechimlarni yanada keng joriy etish ularni tatbiq qilish sharoitlariga ham bog‘liq. Tadbirkorlar bahosiga ko‘ra, internet infratuzilmasini yaxshilash (13%), malakali mutaxassislar imkoniyatlarini kengaytirish (10%) va texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlarni kamaytirish (9%) raqamlashtirishni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj tadqiqotning boshqa natijalarida ham o‘z tasdig‘ini topgan. Korxonalar turli malakaga ega mutaxassislar, jumladan, IT va muhandislik-texnik kadrlar yetishmasligini qayd etgan.

Xulosa

Umuman, so‘rov natijalari biznes samaradorligini yanada oshirish alohida raqamli vositalardan foydalanishdan ularni bevosita ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga joriy etishga o‘tish bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xulosalari Jahon banki tadqiqotlari natijalari bilan ham mos keladi. Korxonalar ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, mehnat unumdorligining eng sezilarli o‘sishi raqamli texnologiyalarga bazaviy kirishdan murakkabroq yechimlardan foydalanishga o‘tishda, jumladan, bulutli servislar, boshqaruv tizimlari, tahlil va sun’iy intellektni qo‘llashda kuzatiladi. Shu bilan birga, raqamli to‘lovlar va onlayn-savdoning o‘zi ichki biznes jarayonlaridagi o‘zgarishlar bilan birga kechmasa, cheklangan samara beradi.

Texnologik yangilanishning hali to‘liq ishga solinmagan salohiyati, avvalo, boshqaruv va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda texnologiyalarga kirishni qo‘llab-quvvatlashdan ularni korxonalarda amaliy joriy etishga o‘tishga bog‘liq.

Bunday yondashuv iqtisodiy o‘sish bo‘yicha zamonaviy tadqiqotlar bilan ham uyg‘un bo‘lib, ular uzoq muddatli mehnat unumdorligi o‘sishini yangi bilimlarning tarqalishi va ularni amaliyotda qo‘llash bilan bog‘laydi (Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti, 2025; Joel Mokir, Filipp Agon, Piter Xovitt).

Shu munosabat bilan biznesni qo‘llab-quvvatlashning keyingi choralari texnologiyalarni korxonalarning ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga amaliy joriy etishni kengaytirishga yo‘naltirilishi lozim.

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

tel: (78)150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar