O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida parlament a’zolari “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi.
Qonunning maqsadi byudjet ma’lumotlari ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘lari shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdir.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 3 ta qonuni va 1 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Bunda parlament tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish tartibi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqish va qabul qilishda Oliy Majlisning byudjetga doir vakolatlari nazarda tutilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarini tasdiqlash tartibi joriy etilishi munosabati bilan qonunda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga keyingi yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibi va muddatlarini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Byudjet kodeksi yangi tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda, unga Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, Moliya vazirligi byudjet vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni ijro etish jarayonini ko‘rib chiqish parlament nazoratining shakllaridan biri hisoblanadi.
Majlisda ta’kidlanganidek, qonun Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining parlament tomonidan sifatli ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlashga ko‘maklashadi, bu esa xalqaro standartlarga to‘liq muvofiq keladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish