Moliya vazirligi 2020 yilgi «Fuqarolar uchun byudjet» loyihasini e’lon qildi. Davlat daromadlari — 128,4 trln so‘m, xarajatlar — 131,1 trln so‘m.
O‘zbekiston Moliya vazirligi 2020 yilgi «Fuqarolar uchun byudjet» davlat byudjeti loyihasini e’lon qildi (PDF). Nashrda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining 2020 yil uchun daromadlari va xarajatlari prognozlarini, shuningdek, 2021−2022 yillar uchun byudjet mo‘ljallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qilinadi.
Nashrning asosiy qismi — 2020 yil uchun Davlat byudjetining daromadlari va xarajatlariga bag‘ishlangan. Daromadlar soliq turlari ko‘rinishida taqdim etiladi. Shu bilan birga ushbu qismda byudjet mablag‘lari qaysi sohalarga yo‘naltirilishini bilib olish mumkin. Xarajatlar yo‘nalishlar bo‘yicha (ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqalar) shuningdek, moddalar (ish haqi, oziq-ovqat, kommunal xarajatlar va boshqalar) va ma’muriy birliklar (vazirliklar va idoralar) bo‘yicha taqdim qilinadi.
Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining asosiy ko‘rsatkichi Yalpi ichki mahsulot (YaIM) hisoblanadi. 2020−2022 yillarda sof YaIMning o‘sish sur’atlari 5,5−6,2 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.
2020 yil va keyingi ikki yilda inflyasiya darajasi 2019 yildagi 15,5 foizdan 2022 yilda 9,5 foizga tushishi kutilmoqda.
Tashqi savdo aylanmasi hajmi 2020 yilda 46,9 mlrd. AQSh dollari miqdorida 5,8 mlrd AQSh dollari salbiy saldo bilan prognoz qilinmoqda. Tashqi savdo aylanmasi taqchilligi o‘sishining asosiy omili texnologik uskuna va texnika importining oshishi.
Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun kapital qo‘yilmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oshirish zarur. 2020 yilda 4 mlrd AQSh dollari miqdoridagi sanoat, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmani rivojlantirish sohalaridagi yirik loyihalarga yo‘naltiriladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi kutilmoqda.
Daromadlar
2020 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 128,460 trln. so‘m (yoki YaIMning 20 foizi) miqdorida rejalashtirilgan, bu esa 2019 yil yakuni bo‘yicha daromadlarning kutilayotgan ijrosidan 15,817 trln. so‘mga ko‘proqdir.
2020 yil uchun Davlat byudjetining kutilayotgan tushumlarini baholashda iqtisodiyotning real o‘sishi, soliqlar ma’murchiligini takomillashtirish, alohida soliq va bojxona imtiyozlarining bekor qilinishi, shuningdek narx va valyuta kursining kutilayotgan oshishi kabi omillar hisobga olingan.
2020 yilgi bevosita soliqlardan tushumlarning o‘sishi shuningdek, stavkalar o‘zgarishi va boshqa soliq elementlari bilan bog‘liq. Bunda:
- Foyda solig‘i bazaviy stavkasini 15 foizgacha oshirilishi;
- Jismoniy shaxslar daromad solig‘i stavkasini 12 foiz miqdorida saqlab qolish va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini barcha tadbirkorlik sub’yektlari uchun tenglashtirish (12 foiz) hisobiga xodimlar sonini legallashtirish;
- Yakka tartibdagi tadbirkorlarni qat’iy belgilangan soliq o‘rniga jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lashga o‘tkazish;
- Yagona soliq to‘lovidan tushumlarni to‘liq mahalliy byudjetlarga o‘tkazish (2019 yilda Kasaba uyushmasi federatsiyasi va Davlat maqsadli jamg‘armalari o‘rtasida taqsimlanadi) belgilanmoqda.
Xarajatlar
2020 yilda Davlat byudjeti xarajatlari 131,104 trln. so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda, bu esa 2019 yilda tasdiqlangan parametrlardan 23 foizga ko‘pdir.
Davlat byudjeti xarajatlarning qariyb yarmi ijtimoiy sohaga yoki umumiy xarajatlarning 22,9 foizi ta’lim sohasiga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
2020 yilda umumta’lim va maktabdan tashqari muassasalarini moliyalashtirish uchun 20,885 trln. so‘m yoki umumiy ta’lim xarajatlaridan 70 foizini yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
2020 yilda Davlat byudjeti hisobidan sog‘liqni saqlash sohasiga 14,842 trln. so‘m ko‘zda tutilgan. Vazirlar Mahkamasi tasdiqlangan ro‘yxatga tibbiy xizmatlarning aniq turlari, shu jumladan dori-darmonlar, sarflash materiallari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash kiritiladi.
O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida muqim yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el fuqarolari tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lganda asoslantirilgan murojaatlar bilan ro‘yxatga kiritilgan tibbiy yordamni olish huquqiga ega.
Shuningdek, 2020 yilda Davlat byudjeti hisobidan aholiga nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlariga 6,573 trln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi bu esa 2019 yilda tasdiqlangan parametrlardan 23 foizga ko‘pdir.
2020 yilda Davlat byudjetining 10 foizi iqtisodiyot va markazlashgan investitsiyalarga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Iqtisodiyot xarajatlariga 14,132 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Kelgusi yilda arzon uy-joylar qurish ishlari davom ettiriladi. Davlat byudjetidan 1,905 trln. so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Davlat qarzi
2020 yil boshiga Davlat qarzi 21,3 mlrd. AQSh dollari (YaIMga nisbatan 36,0 foiz) miqdorida bo‘lishi kutilmoqda.
Shundan tashqi qarzi 15,3 mlrd. AQSh dollari (YaIMga nisbatan 25,4 foiz)ni tashkil etadi. Davlat tashqi qarzi kreditorlar kesimida xorijiy davlatlardan olingan qarzlar 6,7 mlrd. AQSh dollarni, xalqaro moliya institutlaridan 7,7 mlrd. AQSh dollarini va investorlar hisobiga 1,0 mlrd. AQSh dollarini tashkil etadi.
Izoh qoldirish