Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatni tahlil qildi.
Oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozorida ijobiy dinamika kuzatildi. Ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni sentyabr oyiga nisbatan 0,6%ga oshib, 21,4 mingtani tashkil etdi.
Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik yiliga 2% o‘sishi, uy-joy bozordagi faollik qayta tiklanishini ko‘rsatmoqda.
Hududiy dinamika
Oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozorining hududlar kesimidagi dinamikasi Toshkent viloyatida (+10%) sezilarli o‘sib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8,1%) va Jizzax viloyatida (+7,5%) ham ijobiy tendensiya qayd etildi.
10 oylik ma’lumotlarga ko‘ra, oltita hududda faollik pasaygan, eng katta pasayish Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilgan.
Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari
Oktyabr oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joylar bozori narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1%ga o‘sish).
Oy davomida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida eng katta o‘sish Andijon - 5,1% va Sirdaryo - 3,3% viloyatlarida qayd etildi.
Yettita hududda ikkilamchi uy-joy narxining pasayishi kuzatilgan bo‘lsa, eng katta pasayish Namangan – 3,4%, Xorazm – 3,2% va Samarqand – 2,5% viloyatlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 328 dollarni tashkil etadi.
Ikkilamchi uy-joylarning eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, kvadrat metr uchun o‘rtacha 1100 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtning Bektemir - 3,9% va Yashnobod - 3,1% tumanlarida sezilarli pasayish qayd etildi.
Umuman olganda, respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,5% oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida shu davrda 1,3% pasayish kuzatildi.
Uy-joy ijara bozori
Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlari barqarorlashuvi davom etdi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan – 1 kv. m. uchun 8,3 doll.
Oy davomida poytaxtning 14 ta markaziy tumanlaridan 5 tasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5% kamaydi.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, eng arzon uy-joy ijarasi Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatilmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etadi.
Umuman olganda Toshkent shahrida yil davomida uy-joy ijarasi 12%dan ko‘proq kamaydi. Eng katta pasayish Yashnobod - 18%, Sergeli - 17% va Mirzo-Ulug‘bek - 15,2% tumanlarida qayd etildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi.
Jaloliddin Usmonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish