Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yilgi O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish prognozini 7,5%gacha oshirdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yilgi O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish prognozini 7,5%gacha oshirdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining yangilangan baholariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti ichki talabning kengayishi, eksport faolligining kuchayishi va investitsiyalar hajmining ortishi hisobiga yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qoladi. Markazning 2025 yil uchun prognoz ko‘rsatkichlari iyun oyidagi baholardan 0,8% bandga yuqori bo‘lib, kelasi yilda 7,5% miqdorida o‘sish kutilmoqda.

Amaldagi makroiqtisodiy tendensiyalar

Joriy ma’lumotlar iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari barqaror rivojlanayotganini va ishbilarmonlik faolligi yuqori darajada saqlanayotganini tasdiqlamoqda. Jumladan, Markaz tomonidan hisoblanadigan ishbilarmonlik faolligi indeksi joriy yil oktyabr oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,2% ga sezilarili darajada oshdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi to‘qqiz oyida O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,6%ga o‘sdi. Bu o‘sish sanoat, xizmatlar sohasi, qishloq xo‘jaligi, qurilish va tashqi savdo hissasiga to‘g‘ri keldi. Tashqi savdo hajmi 22,9%ga oshdi, xususan eksport uchdan bir qismga ko‘paygan. Investitsiyalar hajmi taxminan 15% ga o‘sgan. Xalqaro pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga nisbatan 25% ga oshgan.

2025 yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozi

Mavjud makroiqtisodiy ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, Markazning integratsiyalashgan modeli 2025 yilda YaIMning 7,5% darajasida o‘sishini prognoz qilmoqda. Prognoz koridori 7,3–7,7% oralig‘ida.

Tahlillar iqtisodiy o‘sish trayektoriyasiga ishbilarmonlik faolligi, uy-joy bozori holati, sanoat ishlab chiqarish hajmlari va bank operatsiyalari kabi omillar eng katta ta’sirga ega ekanini ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarning o‘tgan yillar voqeiy ma’lumotlari bilan taqqoslanishi ushbu yondashuvning makroiqtisodiy tendensiyalarni to‘g‘ri aks ettirishini tasdiqlaydi.

Qo‘shimcha ravishda, Markaz xulq-atvor iqtisodiyoti ko‘rsatkichilarini, jumladan Google qidiruvlari dinamikasini tahlil qildi. Joriy yil yanvar–oktyabr oylarida «avtotransport vositalari» kategoriyasidagi so‘rovlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3% ga, «biznes va sanoat» – 5,9% ga, «xaridlar» – 8,1%ga va «moliya» kategoriyasida 9,5% ga oshgani kuzatildi.

Makroiqtsodiy tahlilning yangi standarti

Prognoz real vaqtdagi operativ tahlilga asoslangan «noukasting» modellari orqali hisoblandi. Bu yondashuv standart choraklik statistikada aks etmaydigan keng qamrovli ma’lumotlarni hisobga olish imkonini beradi.

Prognoz 2017–2025 yillar davri uchun sanoat, xizmatlar sohasi, qurilish, tashqi savdo, moliya sektori va iste’mol talabi bo‘yicha 30 dan ortiq asosiy indikatorlarni o‘z ichiga olgan kengaytirilgan axborot bazasi asosida tayyorlandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi oldinroq Shveysariyaning KOF iqtisodiy instituti bilan hamkorlikda O‘zbekiston uchun real vaqtda makroiqtisodiy tahlil modelini ishlab chiqqan bo‘lib, ushbu loyiha Jahon banki va Innovatsion rivojlanish agentligi ko‘magida MUNIS dasturi doirasida amalga oshirilgan.

Yaratilgan instrumentlar YaIMning joriy dinamikasini muntazam monitoring qilish va iqtisodiy siyosiy qarorlar sifati oshishiga xizmat qilmoqda.

Xalqaro baholar

Sentyabr–oktyabr oylarida yangilangan xalqaro tashkilotlar prognozlariga ko‘ra, Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining 7,3% darajasida o‘sishini kutmoqda, bu esa avvalgi baholardan 1,4 foiz punktga yuqori. Jahon bankining prognozlari 6,2% miqdorini tashkil etsa, Osiyo taraqqiyot banki 6,6% darajada o‘sishni kutmoqda.

Milliy va xalqaro baholarning taqqoslanishi Markaz prognozi asosli ekanini, unda tarkibiy va xulq-atvor omillari inobatga olinganini hamda zamonaviy makroiqtisodiy monitoring tizimi qo‘llanilganini tasdiqlaydi.

Jamshid Axmatov, Markaz bosh ilmiy xodimi

Markaz Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

tel.: (+998) 78 150-32-20 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar