Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi bo‘yicha prognozini e’lon qildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi bo‘yicha prognozini e’lon qildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2023 yilning birinchi choragi uchun mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) dastlabki bahosini taqdim etdi. Iqtisodiyot birinchi chorakda biroz pasayishi kutilmoqda. Birinchi chorakda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi odatda mavsumiy omillar tufayli past bo‘ladi.

"Noukasting" usuliga asoslangan prognozlash modeli Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2021 yildan beri qo‘llanilib kelinmoqda va YaIMning choraklik ko‘rsatkichlarida aniqlab bo‘lmaydigan maxsus jihatlarini ochib berishga imkon beradi.

2022 yilning to‘rtinchi choragida yalpi ichki mahsulotning haftalik o‘sish tendensiyasi davom etdi, bu o‘tgan yilning uchinchi choragida ham kuzatildi. O‘sish tendensiyasi asosan tashqi savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishbilarmonlik faolligining sezilarli darajada oshishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Xususan, 2022 yil davomida tovar va xizmatlarning tashqi savdo aylanmasi 18,6 foizga oshdi. O‘tgan yilning oktyabr va noyabr oylarida sanoat, ichki savdo va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi faollik ham sezilarli darajada oshdi. Bu Google qidiruv so‘rovlarida "Biznes va sanoat" toifalari bo‘yicha qidiruvlarining — 15,7%ga, "Xarid qilish" — 17%ga va "Dam olish va o‘yin - kulgi" — 10%ga oshishida namoyon bo‘ldi.

O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining prognoz qilinayotgan haftalik o‘sishi

2022 yil va 2023 yil 1-choragi

2022 yil avgust va oktyabr oylarida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi mos ravishda 5,81% va 5,77% darajasida prognoz qilingan edi. Shu bilan birga, 2022 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 5,67%dan 5,87%gacha bo‘lgan diapazonda prognoz qilingan edi. Umuman olganda, o‘tgan yili tashqi va ichki qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyotida barqarorlik namoyon bo‘ldi.

Joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishda davom etadi. 2023 yilning 1-choragida iqtisodiyotning yillik o‘sishi 5,47%ni tashkil qilishi kutilmoqda. Iqtisodiyotning biroz pasayishi sezilarli inflyasiya bosimi va mavsumiy omillar bilan bog‘liq bo‘ladi. Yillik iqtisodiy o‘sishning prognoz diapazoni 2023 yilning 1-choragi uchun 5,31% - 5,62% darajasida belgilandi.

Malumot uchun: noukasting» yondashuvi asosida juda batafsil katta ma’lumotlar oqimlariga asoslangan 20 toifadagi 250 ga yaqin haftalik Google qidiruv natijalari to‘plamiga asoslanib, alohida mahsulotlar uchun narxlar smetalari hamda yalpi import va zaxiralarning asosiy o‘zgaruvchilari bilan birgalikda haftalik YaIM prognozi tuzildi.

Asror Nigmonov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar