O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi faollik 11 oy davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9%ga oshdi. Ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar 15,8%ga, xususan, poytaxtda 22,7%ga oshdi. Shu bilan birga, kvartirani ijaraga berish bozoridagi vaziyat avvalgi muvozanat darajasiga qaytmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishlarini muntazam ravishda tahlil qilib boradi.
Noyabr oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori oktyabr oyidagi bir oz pasayishdan keyin xaridorlarni qayta jalb qildi. Shunday qilib, bir oy ichida respublikada ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan oyga nisbatan 7,8%ga oshdi.
Uy-joy savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazmda – 38%, Navoiy viloyatlarida – 24% va Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 23% qayd etildi.
Yil boshidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uy-joy savdosining o‘sishi 9%ni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning noyabriga nisbatan ko‘chmas mulk bozoridagi shartnomalar soni 8,1%ga oshdi.
1-rasm. Ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalari sonining o‘zgarishi
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 2022 yil 1 noyabrda boshlangan ipoteka kreditlaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha kengaytirilgan dastur ko‘chmas mulk bozoridagi faollik va talabni rag‘batlantirmoqda.
Xususan, tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uy-joylar uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berildi. Uy-joylar uchun dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini subsidiya olish orqali qoplash mumkin. Bundan tashqari, 2021 yilda ipoteka kreditlarini ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiyalarni ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati yil oxirigacha uzaytirildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlarining o‘zgarishi
Kuzning so‘nggi oyida poytaxtda ijara narxlarining pasayishi qayd etildi. Oktyabr oyiga nisbatan noyabr oyida Toshkent shahrida ijaraga beriladigan uy-joy narxi 5,8%ga kamaydi. Shu bilan birga, yil boshidan beri poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 35%dan oshdi va 1 kvadrat metr uchun deyarli 10 dollarni tashkil etdi.
1 kv.m uchun eng yuqori ijara narxi Shayxontohur (13,2 doll.), Mirobod (12,3 doll.) va Yakkasaroy (12,2 doll.) tumanlarida qayd etildi. Nisbatan arzon narxlar Uchtepa (8,1 doll.), Sergeli (7,2 doll.) va Bektemir (6 doll.) tumanlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi faollik
Noyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi 3,9%ga oshdi (iyul oyida – 2,5%, avgust oyida – 0,5%, sentyabr oyida – 1,1%, oktyabr oyida – 2,3%).
Yil boshidan buyon ikkilamchi bozorda uy-joylarning tez o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, respublikada 1 kv.m uchun uy-joy narxi 15,8%ga oshdi.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli o‘sishi Toshkent – 22,9%, Navoiy – 22% viloyatlar va Toshkent shahrida - 22,7% kuzatildi. Poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozoridagi narx bir oy ichida 2,4%ga qimmatlashdi (iyul oyida – 2,4%, avgust oyida – 1,4%, sentyabr oyida – 1,7%, oktyabr oyida – 4,6%).
Narxlarning eng yuqori o‘sishi poytaxtning Bektemir – 12%, Mirobod – 5% va Yunusobod – 4% tumanlarida qayd etildi.
2-rasm. Toshkent shahrida va hududlar ma’muriy markazlarida ikkilamchi uy-joy narxlarining o‘zgarishi (1 kv.m uchun AQSh dollarida)
Darya Miroshnikova,
Izoh qoldirish