Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvida
20 avgust kuni Yangi Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv hisob bo‘yicha beshinchisi bo‘ldi. Ilk ochiq muloqotdan buyon tadbirkorlar tomonidan taklif etilgan mingga yaqin tashabbus qonun hujjatlariga kiritildi.
Muloqotdan oldingi so‘nggi haftalarda unga tayyorgarlik davomida tadbirkorlikni biznesning asosiy yo‘nalishlari – meva-sabzavotchilik, to‘qimachilik sanoati va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 26 ta sohaning 7 mingga yaqin biznes vakili bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, muloqotga tayyorgarlik ko‘rish “koll-markaz”iga esa 13 mingdan ziyod murojaat va taklif kelib tushdi.
Ushbu ishlarning hamda oldingi o‘tkazilgan monitoring va tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlanishning natijasi avvalgi muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tilga olingan, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi yechimlarning ishlab chiqilishi bo‘ldi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun huquqiy rejim. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilmoqda. Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelgusi yil 1 yanvardan boshlab aylanmaning 1 foizi miqdorida bir xil soliq to‘lashga o‘tkaziladi. 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal “QR-kod” beriladi.
Bunday tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tishdan tortib, hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS-xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh to‘lash imkoniyati yaratiladi. Yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trln so‘m mablag‘ qoladi.
Tarmoqlarning eksport salohiyatini oshirish. 200 dan ziyod to‘qimachilik korxonasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 7 trln so‘mlik tashabbuslar e’lon qilindi. To‘qimachilik tarmog‘ida “ishonchli eksportchi” dasturi ishga tushirilib, eksportoldi moliyalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi, buning uchun 200 mln dollar yo‘naltiriladi.
Elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika sohalarida ham shunday dasturlar amalga oshirilib, eksportoldi moliyalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu tarmoqlardagi tadbirkorlarning aylanma mablag‘i uchun 500 mln dollar ajratiladi. Har bir tarmoqning raqobatbardosh 10 tadan mahsulotiga “O‘zbekiston ramzi” sifat belgisi beriladi.
O‘z ishini kengaytirish hamda korxonalarini poytaxtimiz va viloyat markazlaridan tumanlarga ko‘chirish niyatida bo‘lgan tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha kredit beriladi. Boshqa tarmoqlardagi tadbirkorlar ham shunday tashabbus bilan chiqsa, ular ham qo‘llab-quvvatlanadi.
2028 yil 1 yanvargacha aralash mato va gazlama kabi mahsulotlar bojxona bojidan ozod etiladi. Tarif siyosati orqali ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik “moratoriy” joriy etiladi.
Joriy yilda hududlarda sanoat infratuzilmasini yaxshilashga 1,7 trln so‘m ajratildi. Kelgusi yili bu xarajatlar 25 foizga oshirilib, 2,1 trln so‘mga yetkaziladi. Bundan tashqari, elektr tarmoqlari ishini yaxshilash uchun yana 2 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur amalga oshiriladi. Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlarini tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Mehmonxona qurayotgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Bu summa evaziga davlat loyihaga ulushdor sifatida kiradi, tadbirkorlar esa uning ulushini 10 yil ichida qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor zudlik bilan yer qiymatini to‘lamoqchi bo‘lsa, unga 20 foizlik chegirma beriladi.
Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga, jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan imtiyozli kredit ajratiladi. Viloyat markazlari va turizmga ixtisoslashgan 36 tumanda uning miqdori 30 mlrd so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 mlrd so‘mgacha bo‘ladi. Kelgusi yildan biznesning qo‘shimcha maydonlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun davlat aktivlari besh yilga ijaraga beriladi.
Yirik turizm markazlari soni ko‘paytiriladi. Chortoqning “Qorabog‘” mahallasi, Farg‘ona viloyatidagi Chimyon, Boysun tumanidagi Omonxona, Nurobod tumanidagi Nurbuloq shaharchasida yiliga 12 oy xizmat ko‘rsatadigan yirik kurort zonalari tashkil etiladi. Ularning infratuzilmasi uchun 150 mln dollar ajratiladi.
Xizmat ko‘rsatish uchun turistik yig‘im faqat Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik sayyohlik hududlarida to‘lanib, respublikaning boshqa hech bir joyida to‘lanmaydi. Oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik ruxsat etilgan me’yor (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan) 2 karraga ko‘paytiriladi.
Ta’lim sohasida xususiy sektor. Bog‘chalar qamrovi 70-80 foizdan past bo‘lgan 80 ta tumanda bog‘cha va maktablarning bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim muassasalari qurishga ruxsat etiladi. Bunda tadbirkorlardan yer uchun ijara haqi 30 yil davomida undirilmaydi, ularga davlat bog‘chalarida har bir bolaga ko‘zda tutilgan xarajatning yarmi subsidiya qilib beriladi.
Ushbu tumanlardagi boshqa joylarda bog‘cha tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha 18 foizli imtiyozli kredit ajratiladi, faoliyatini o‘zgartirmaslik sharti bilan yer maydonlari tekinga beriladi. Ularga ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanib, tarbiyachilarning maoshini to‘lash xarajatlari uch yilgacha qoplab beriladi.
Tibbiyotda xususiy sektor. Chegara hududlarida klinika, reabilitatsiya markazi, mehmonxona va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlari tashkil etiladi. Ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 200 mln dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Bunda tibbiyot klasterlarini barpo etgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foizli arzon kreditlar beriladi.
Tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlar. Loyihaga soddalashtirilgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Korxonalar o‘z loyihalarini ushbu platformaga joylashtiradi, salohiyatli investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi. Eng muhimi, investor ta’sischi emas, ulushdor sifatida daromadga sherik bo‘ladi va kiritgan mablag‘i kafolatli himoya qilinadi. Tadbirkorlar ushbu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha 1 mlrd dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Startaplarni qo‘llab-quvvatlash. Yoshlarning 1000 ta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi, shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Joriy yildan boshlab “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi va buning uchun eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinadi. Har bir startap uchun 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Shuningdek, fintex-startaplar sonini ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik strategiya qabul qilinadi. Bunda raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish uchun banklar, fintex kompaniyalar va startaplar o‘rtasida ko‘prik bo‘ladigan yangi “open banking” ekotizimi joriy qilinadi. Bularning hisobidan yaqin yillarda startap loyihalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi hozirgiga nisbatan 10 karra ortadi.
Tadbirkorlarni banklar tomonidan moliyalashtirish. Bu yil O‘zbekiston banklari tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun 6 mlrd dollar jalb etmoqda, kelgusi yili esa kichik va o‘rta biznesni maqsadli qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shartlarda 1 mlrd dollar mablag‘ jalb qilishni rejalashtirgan. Umuman, banklar kelgusi ikki yilda bu sohaga 250 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi banklar orqali 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beradi. Ishlab chiqarish, servis va yashil iqtisodiyot sohasidagi loyihalar uchun 500 mln so‘mgacha tijorat kreditlari kompaniya tomonidan qayta moliyalashtiriladi. Natijada har yili 100 mingdan ziyod tadbirkorlar oladigan kredit foizi 6 foizgacha pasayadi. Yirik tadbirkorlar ham kompaniyadan 10 mlrd so‘mgacha kafillik olishi mumkin bo‘ladi. Endi to‘lov qobiliyatini baholashda skoring doirasida soliq va kommunal to‘lov intizomi, rasmiy aylanmasi va eksport operatsiyalari kabi ma’lumotlar ham inobatga olinadi.
Soliq ma’murchiligi. Endi foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlarini amalga oshirish tartibi faqatgina yiliga 20 mlrd so‘mdan yuqori (avvalgi 10 mlrd so‘m o‘rniga) aylanma qiladigan korxonalar uchun amal qiladi, buning natijasida 14 mingga yaqin tadbirkor o‘z biznesi ixtiyorida qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik aylanma mablag‘ini qoldirishi mumkin. Yagona soliqdan QQSga o‘tadigan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Bundan tashqari, buxgalterlar maoshining 5 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi olti oygacha ushbu kompaniyalarning soliq to‘lovlaridan chegirib qolinadi.
Kelgusi yildan tadbirkorlar yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari bo‘yicha mustaqil hisobotlarni shakllantirish majburiyatidan ozod etiladi. Ushbu hisobotlarni soliq organlarining o‘zi mustaqil ravishda va bepul tuzadilar. 1 noyabrdan taqdim etilmagan yoki kechiktirilgan soliq hisobotlari nechta bo‘lishidan qat’i nazar, yagona jarima qo‘llaydigan tizim joriy etiladi. Bunda kichik biznes uchun jarimalar miqdori 3 karra kamaytiriladi.
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish. Investitsiyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi, investorlar huquqlarini himoya qiluvchi va ularga sharoitlar yaratib beruvchi hujjatlar yagona huquqiy hujjat – Investitsiya kodeksida birlashtiriladi. Xalqaro tajriba asosida, “astrent” tizimi joriy etiladi, unga ko‘ra kechiktirilgan har bir kun uchun qarzdor hisobidan penya undirish sud qarorida aniq belgilab qo‘yiladi.
Davlat organlari va tabiiy monopoliya sub’yektlari bilan shartnoma tuzishda tadbirkorlar huquqlarini teng himoya qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Bunda barcha namunaviy shartnomalar loyihalari Biznes ombudsman, Adliya vazirligi va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishni soddalashtirish. So‘nggi yillarda biznes uchun 120 turdagi hujjatni talab qilish bekor qilindi, yana shuncha litsenziyalar soddalashtirildi va raqamlashtirildi. Kelgusi yildan yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnoma, shu jumladan, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va karantin nazoratidagi mahsulotlarning 32 toifasi bo‘yicha muvofiqlik sertifikatini olish talabi bekor qilinadi. Majburiy sertifikatlanadigan mahsulotlar ro‘yxati 459 ta nomlanishga qisqartirildi, yaqin kelajakda esa yana 288 taga kamaytiriladi.
Mahsulotlar xavfsizligi va sifatini ta’minlash bilan bog‘liq milliy infratuzilma xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Sertifikatsiya o‘rniga muvofiqlikni deklaratsiyalash amaliyoti keng joriy etiladi. Texnik jihatdan tartibga solish tizimi butunlay transformatsiya qilinadi, shuningdek, jahonning yetakchi laboratoriyalarining O‘zbekistonda ishlashi uchun sharoitlar yaratiladi.
Endi tadbirkorlar idorama-idora sarson bo‘lmaydi, barcha hujjatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida bir joydan olish mumkin. Bu ichki bozorni sifatli tovarlar bilan ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoriga chiqish imkoniyatlarini oshiradi. Natijada, zarur protseduralar uchun talab qilinadigan muddat hozirgi bir haftadan 15 daqiqaga qisqaradi. Kelgusi yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.
An’anaga ko‘ra, biznesni rivojlantirishdagi yutuqlar uchun tantanali taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Joriy yilda eng ilg‘or tadbirkorlardan 49 nafari davlat mukofoti, 112 nafari “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida o‘z bilimi bilan biznes rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olimlar ham bor.
Izoh qoldirish