Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ko‘chmas mulk bozoridagi tendensiyalar bo‘yicha yangilangan tahlilni taqdim etdi.
2025 yil sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 24,2 mingtani tashkil etdi, o‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan bitimlar soni 13,7%ga oshdi.
Eng yuqori yillik o‘sish Sirdaryo viloyatida (+35,6%), Buxoro viloyatida (+20,2%) va Toshkent shahrida (+31,2%) qayd etildi.
2025 yilning uchinchi choragida yurtimiz bo‘ylab jami 75,5 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,6%ga va joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 11%ga ko‘pdir.
Eng katta o‘sishi Buxoro viloyati (+27,3%), Sirdaryo viloyati (+24,9%) va Toshkent shahrida (+19,9%) kuzatildi.
Ikkilamchi va birlamchi bozorlar
Respublika miqyosida sentyabr oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi o‘rtacha narxlar 0,6 foizga oshgan. Yillik hisobda, o‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kv.m uchun o‘rtacha narx 4,6 foizga oshgan.
Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo (+19%), Sirdaryo (+15,8%) va Jizzax (+14,5%) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida sentyabr oyida narxlar 0,6 foizga oshgan, biroq 2024 yil sentyabr oyiga nisbatan 1,7 foizga pasaygan.
Ikkilamchi uy-joy bozorida eng katta pasayish Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi. O‘rtacha hisobda pasayish 4,3 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, birlamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozorida narxlarning 3 foizga oshgani qayd etildi.
Birlamchi uy-joy bozorida eng yuqori narx oshishi Mirobad, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. O‘rtacha hisobda o‘sish 5,8 foizni tashkil etdi.
Ijara bozori
Sentyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxi bir kv.m uchun o‘rtacha 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng yuqori ijara narxlari Mirobad, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi.
O‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan poytaxtdagi ijara narxlari 1,4 foizga oshgan. Eng katta o‘sish Yunusobod, Olmazor va Mirobad tumanlarida qayd etildi va o‘rtacha 4,4 %ni tashkil etdi.
Jaloliddin Usmonov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish